Yoshlar uchun imkoniyat: AQSh universitetlariga sayohat qiling

Posted February 6th, 2020 at 1:55 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShda o’qishni xohlaysizmi? Buning uchun ishni nimadan boshlashni, anketa va hujjatlarni qanday tayyorlashni, qaysi universitetni tanlashni bilmayapsizmi?

Mana shu ishlarning hammasiga yordamni AQShning o’ziga borib olish imkoniyati bor. Ya’ni, AQShda bir oygacha vaqt o’tkazib, Amerika universitetlariga tashrif buyurib, talaba bo’lish yo’l-yo’riqlarini amerikaliklarning o’zidan o’rganib kelish imkoniyati mavjud. Bularning barchasi mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Samolyot biletidan tortib, borish-kelish va Amerikada yashash xarajatlarigacha to’loq qoplanadi.

Albatta, kim ham buni xohlamaydi, deysiz. Keling, endi shu dasturda qatnashish shartlari bilan tanishamiz.

“EducationUSA Academy” dasturi Amerika universitetlarida ikki haftadan to’rt haftagacha vaqt o’tkazish imkoniyatini beradigan dastur bo’lib, ingliz tilini o’rtacha yoki yuqori darajada biladigan 15 va 17 yosh orasidagi O’zbekiston fuqarolariga mo’ljallangan. Demak, bu dasturda qatnasha olishingiz uchun yoshingiz 15 va 17 orasida bo’lishi va ingliz tilini kamida o’rtacha, ya’ni muloqot qila oladigan darajada bilishingiz kerak.

Dasturga qabul qilinganlar, asosan, bitta universitetda vaqt o’tkazadi, lekin unga yaqin bo’lgan boshqa universitet va kollejlarga ham olib boriladi.

Quyidagi universitetlar 2020-yil uchun dastur ishtirokchilarini qabul qiladi:

Dasturga qabul qilinsangiz, tepadagi universitetlardan birida bir oygacha vaqt o’tkazasiz. U yerda yashaysiz; xalqaro talabalar bilan ishlaydigan universitet xodimlari sizga hujjatlarni qanday topshirish, o’qish uchun moliyaviy yordamni qanday topish kabi mavzularda ma’lumot beradi. U yerda talabalar bilan ham uchrashib, yangi do’stlar orttirish, Amerika hayoti bilan yaqindan tanishish va ingliz tilida muloqot qilish malakangizni oshirish imkoniyatiga ham ega bo’lasiz.

Dasturda qatnashish mutlaqo bepulmi?

AQShga borish-kelish va u yerda yashash xarajatlari to’liq qoplanadi. Qo’shimcha kundalik xarajatlar uchun qo’lingizga pul ham beriladi. Ehtimoliy xastaliklar uchun tibbiy sug’urta bilan ham ta’minlanasiz. Xullas, Amerikaga borishni xohlaydigan yoshlar uchun juda zo’r imkoniyat.

Dastur ishtirokchilariga qo’yiladigan talablar

Agar dasturda ishtirok etishni xohlasangiz, quyidagi talablarga javob berishingiz kerak:

  • O’zbekiston fuqarosi bo’lish;
  • 15 va 17 yosh orasida bo’lish;
  • Maktab yoki kollej/litseyning yuqori sinflarida o’qiyotgan bo’lish;
  • Ingliz tilini muloqot qila oladigan darajada bilish;
  • AQSh universitetlarida o’qish niyatiga ega bo’lish;
  • Dasturni bitirib qaytganingizdan keyin O’zbekistondagi maktab yoki litseyingizda kamida yana bir semestr yoki chorak o’qishingiz kerak; ya’ni maktab yoki litsey/kollejni bitirganlar topshira olmaydi;
  • O’qishdagi baholaringiz yaxshi bo’lishi;
  • AQShga ilgari bormagan bo’lishingiz;
  • Mustaqil, mas’uliyatli, o’ziga ishonadigan, maqsadlaringiz jiddiy bo’lishi;
  • Universitet yotoqxonasida yashashga tayyor va boshqalarning madaniy-ijtimoiy farqli qarashlarini hurmat qiladigan bo’lishingiz lozim.

 

Eslatma: 2020-yil 1-iyunda 15 yoshdan kichik bo’lsangiz yoki 17 yoshdan o’tib ketsangiz, bu dasturga topshira olmaysiz.

Dasturda qatnashish uchun quyidagi hujjatlarni topshirish kerak:

  • To’ldirilgan anketa (DOC 78 KB)
  • Maktab baholari varaqasining ingliz tiliga tarjima qilingan va maktab (yoki kollej, litsey) muhri bilan tasdiqlangan nusxasi (so’nggi chorak va o’tgan yilning baholarini topshirish kerak)
  • Pasport nusxasi.

Qayerga topshirish kerak?

Yuqoridagi hujjatlar elektron pochta orqali Tashkent-Advising@state.gov manziliga 2020-yil 20-fevral mahaliy vaqt bilan 18:00 gacha yuborilishi kerak. Email sarlavhasiga “EducationUSA Academy” deb yozishni unutmang.

Hujjatlar faqat email orqali olinadi. Ularni ko’tarib elchixonaga borib yurmang.

Ish topish uchun amaliyot qanchalik muhim?

Posted January 1st, 2020 at 11:59 am (UTC-5)
Leave a comment

Talabalar kelajakda qanday sohada ishlashi, nima ish qilishi haqida o’qish paytidayoq jiddiy o’ylashi kerak.

Nyu-York shtatidagi Klarkson universiteti rasmiysi Margo Jenkinsning aytishicha, ko’plab talabalar kelajakda qanday ish xohlashlari haqida aniq tasavvurga ega emas.

U talabalarga o’qish paytidayoq tajriba oshirishni tavsiya qiladi.

“Nimaga qiziqasiz? Hozirdan shuning ortidan borishingiz kerak. Biz talabalarni to’g’ri yo’lga yo’naltirish uchun shu yerdamiz”, – deydi Jenkins.

AQShda ko’plab universitetlarning karyera markazlari bor. Yangi talabalar o’qishga kirishi bilan shunday markazlarga bog’lab qo’yiladi. Qanday ish xohlashlari haqida aniq tasavvurga ega bo’lmaganlarga markazda alohida maslahat va tavsiyalar beriladi.

Talabalar bu yerda qanday ish topish, rezyume yozish, intervyuga tayyorlanish kabi mavzularda treningdan o’tadi.

Universitetlar mamlakat bo’ylab ko’plab ish beruvchilar bilan yaqin aloqada bo’ladi. Shuningdek, bitirib ketgan sobiq talabalar ham ba’zan universitetga kelib yoki masofadan turib ish topish bo’yicha maslahat berib turadi.

Mutaxassislarga ko’ra, o’qish paytida amaliyot (internship) o’tagan talabalarning bitirgandan so’ng ish topish imkoniyati ancha yuqori bo’ladi.

Illinois Department of Revenue employment recruiters speak to students looking for a full time jobs or an internship during The…
Illinoys universitetida o’tkazilgan ish yarmarkasi, 2014-yil, 25-sentabr

 

Amaliyot davrida talabalar ish joyi bilan yaqin aloqa o’rnatadi va ko’pincha, bitirgandan so’ng shu talabalarga amaliyot o’tagan joyidan ish taklifi beriladi. Ish beruvchi uchun ham amaliyot davri xodimning imkoniyatlarini o’rganish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Agar talaba o’zini yaxshi ko’rsatsa, ishga qabul qilinish ehtimoli yuqori bo’ladi.

Ba’zi amaliyotlar yil bo’yi davom etishi mumkin, lekin ko’pincha ular yozgi ta’til davomida bo’ladi. Ba’zi amaliyotlar hech qanday to’lovsiz bo’lsa, boshqalari talabaga ish haqi to’lashi mumkin.

Jenkinsning aytishicha, Klarkson universitetida talabalarning 90 foizi o’qish paytida amaliyot o’taydi.

“Amaliyot talabalar uchun hech qanday xatarsiz 2-3 oy biror ishda o’zlarini sinab ko’rish uchun hayotlaridagi yagona imkoniyatdir”, – deya qo’shimcha qiladi u.

Qaysi universitetlar bitiruvchilarga eng ko’p daromad keltiradi?

Posted December 9th, 2019 at 2:24 pm (UTC-5)
Leave a comment

Ko’plab talabalar va ularning ota-onalari o’qish uchun kollej yoki universitet tanlashda, avvalo, o’quv yurtining reytingiga qaraydi.

Jorjtaun universiteti yaqinda oliy o’quv yurtlarining reytinini belgilashda yangi o’lchov mezonlarini joriy qildi. Unda talabalar oladigan baho, qabul darajasi va imtihonlarga qarab emas, balki o’qish uchun sarflanadigan sarmoya qanchalik o’zini oqlashiga e’tibor berilgan.

Bakalavr darajasini beruvchi to’rt yillik xususiy kollejlar nafaqat o’qishni bitirish bilan, balki oradan 40 yil o’tib ham sarmoyani eng yaxshi oqlaydigan o’quv yurtlari ekani aniqlangan.

“Masalan, Massachusetsdagi xususiy Bebson kolleji 10 yillik qiymati bo’yicha 304-o’rinda, lekin 40 yilda keltiradigan foydasi bo’yicha 7-o’rinda”, – deyiladi Jorj Vashington universiteti e’lon qilgan hisobotda.

Universitet 2500 oliy o’quv yurtiga aynan o’qish uchun sarflangan mablag’ qanchalik o’zini oqlashi mezonidan kelib chiqib baho bergan.

Ro’yxatning boshida Olbani Farmasevtika va tibbiy fanlar kolleji turibdi. Bu yerda yillik o’qish narxi 50 ming dollar atrofida. Uni bitirganlar 10 yilda 385 ming, 20 yilda 1,3 million, 40 yilda esa 2,72 million dollar topadi.

Reytingda mashhur Stenford universiteti 5-o’rinni egallagan. Bu xususiy notijorat o’quv yurti bitiruvchilarga  10 yilda 307 ming, 20 yilda 1,013 million, 40 yilda esa 2,068 millilon dollar qaytarishi aniqlangan.

“Hamma kollejga shuncha pul sarflash o’zini oqlaydimi deb so’raydi. Biz shunga javob topishga urindik. Xarajatlar va foydalar haqidagi bunday ma’lumot nafaqat talabalarga foydali, balki u institutlar mas’uliyatini ham oshiradi”, – deydi Jorj Vashington universitetida shu loyihaga rahbarlik qilgan Antoni Karnival.

Ro’yxatning eng tepasidan qaysi universitetlar o’rin olgan. “Top 20″talikka kirgan o’quv yurtlari ro’yxatiga nazar tashlaymiz. Ularning ba’zilari ko’pchilik uchun notanish va ko’plab reytinglarda ko’rinmaydi.

Albany College of Pharmacy and Health Sciences (N.Y.)
St. Louis College of Pharmacy (Mo.)
Massachusetts College of Pharmacy and Health Sciences (Mass.)
Massachusetts Institute of Technology (Mass.)
Stanford University (Calif.)
Maine Maritime Academy (Maine)
Babson College (Mass.)
Harvard University (Mass.)
Georgetown University (D.C.)
U.S. Merchant Marine Academy (N.Y.)
University of the Sciences (Pa.)
St Paul’s School of Nursing-Queens (N.Y.)
Massachusetts Maritime Academy (Mass.)
Harvey Mudd College (Calif.)
Stevens Institute of Technology (N.J.)
University of Pennsylvania (Pa.)
California State University Maritime Academy (Calif.)
California Institute of Technology (Calif.)
Colorado School of Mines (Colo.)
Bentley University (Mass.)

Ro’yxat boshidagi uchlikni farmasevtika va tibbiyot yo’nalishidagi kollejlar egallagan. Tijoriy foyda olishni ko’zlovchi universitetlar ro’yxatning quyi o’rinlarini band etgan.

So’rov: AQSh oliy ta’limi qanday muammolar bilan yuzlashmoqda?

Posted November 18th, 2019 at 1:57 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSh duyoning eng kuchli oliy ta’lim tizimiga ega mamlakat hisoblanadi. Ammo so’nggi yillarda Amerika bu maqomni boy berish xavfi bilan yuzlashmoqda.

Universitetlar raqobat va talabalarning ehtiyojlari o’zgarayotganidan xavotirda. Ekspertlar esa oliy o’quv yurtlarini o’zgarayotgan talablarga mos ravishda yangi uslublarni qo’llashga undamoqda.

Oktabr oyida Ta’lim bo’yicha Amerika kengashi reytingi eng baland 500 ta to’rt yillik kollej va universitetlar o’rtasida so’rov o’tkazdi.

O’quv yurti rasmiylaridan kelasi besh yilda ular yuzlashadigan eng katta muammolar nima bo’lishi mumkinligi haqida so’raldi. Ularga, shuningdek, ta’lim dargohlari bu muammolarni hal qilish uchun qanchalik tayyorligi haqida savol berildi.

So’rov natijasida AQSh oliy o’quv yurtlari eng ko’p yuzlashishi mumkin bo’lgan oltita masala aniqlandi. Ro’yxatning boshidan boshqa oliygohlar bilan raqobat masalasi o’rin oldi. Keyingi o’rinda talaba yoshidagi aholi soni (18 dan 24 gacha bo’lganlar) kamayib borayotgani qayd etilgan.

Ovoz berganlarning 39 foizi noan’anaviy talabalar, ya’ni to’liq ishlab o’qiydigan katta yoshlilar ko’payayotganini alohida tilga olgan. Davlat va shtatdan moliyaviy yordamning kamayayotgani hamda oliy ta’limga xalq ishonchi pasayib borayotgani ham muammolar sifatida tilga olingan. Siyosiy o’zgarishlarning chetdan kelayotgan xalqaro talabalarga salbiy ta’sir ko’rsatayotgani ham xavotirli masala sifatida ko’tarilgan.

Ayni paytda ko’plab universitetlar bu kabi sinovlarga tayyorgarlik ko’rayotgani ham aniqlangan. Masalan, so’rovda qatnashganlarning 89 foizi ishlab o’qiydigan talabalar ehtiyojlariga mos ta’lim dasturlari yaratayotganini ma’lum qilgan.

Ta’lim bo’yicha ekspert Piter Stoukesning aytishicha, kollej va universitetlar bunday o’zgarishlar bilan yuzlashishi tabiiy hol.

Uning qo’shimcha qilishicha, Ikkinchi jahon urushidan so’ng AQShda tug’ilish soni oshgan va bu talabalarning ko’payishiga hissa qo’shgan. 2008-yilgi moliyaviy inqiroz ortidan esa tug’ilish darajasi pasaygan. Ayni paytda shu davrdan boshlab ham ishlab, ham universitetga boradiganlar soni orta boshlagan.

Stroukes fikricha, vaqt o’tib talabalar soni yana oshadi. Ungacha esa universitetlar hozirgi sharoitga moslashishi kerak. Noan’anaviy usullar bilan oliy ta’limni yo’lga qo’yish, masalan, internet orqali o’qitish yoki qisqa muddatli dasturlarni taklif qilish bu kabi muammolar uchun yechim bo’lishi mumkin.

So’rovda aniqlangan boshqa muammolar bo’yicha esa hali aniq yechimlar mavjud emas. Ularni hal qilishga ishonchi komil bo’lgan oliy o’quv yurtlari soni faqat yettitani tashkil etgan.

Ta’lim bo’yicha Amerika kengashi vakili Luis Suaresning aytishicha, odamlar tobora oliy ta’limga xalqqa xizmat emas, balki tirikchilik manbai sifatida qaramoqda.

Chunki, deydi u, ta’lim olish borgan sari qimmatlashib bormoqda. Natijada talabalar moddiy manfaatdorlikni, qarzlarni ertaroq uzishni birinchi o’ringa qo’ymoqda.

Oliy ta’limdagi raqobat ham jiddiy masala. “Amazon” va “Google’ kabi kompaniyalar o’z ta’lim dasturlarini yo’lga qo’yayotgan bo’lsa, Fransiya, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlar xalqaro talabalarni AQShdan tortib olish harakatida.

Natijada AQShning ba’zi oliy o’quv yurtlari hatto yopilishga yuz tutmoqda. AQSh Ta’lim departamenti ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda oliy o’quv yurtlari soni o’tgan yili 1998-yildan beri eng quyi nuqtaga tushgan.

Agar universitetlar birgalikda ishlasa, yashab qolish imkoniyatlari yuqoriroq bo’ladi, deydi Suares. Masalan, Jorjiya Texnologiya instituti yangi dasturlar va uslublar bo’yicha o’z g’oyalarini boshqa 50 oliy o’quv yurti bilan baham ko’rmoqda.

Amerika Kollej va universitetlari assotsiatsiyasi prezienti Lin Paskarellaning aytishicha, oliy ta’limga jamoatchilik ishonchini va davlat yordamini oshirish ustida ishlash kerak va bu ikki masala bir-biri bilan bog’liq.

Universitetlar o’zlarining jamiyatdagi muhim ahamiyatini ko’rsatib berishni yaxshi udadlay olmadi, deydi Paskarella. Unga ko’ra, ko’pchilik bugun oliy o’quv yurtlarini talabalar vaqtini behuda o’tkazadigan maskan sifatida ko’radi.

Mutaxassis fikricha, agar amerikaliklar oliy ta’lim haqida ijobiy fikrga ega bo’lsa, shtatlar va federal hukumat yana kollej va universitetlarni qo’llab-quvvatlashni boshlaydi.

Motivatsiya – muvaffaqiyat garovi

Posted November 7th, 2019 at 7:52 am (UTC-5)
Leave a comment

Har bir muvaffaqiyat ortida nima turadi, bilasizmi? AQShda nufuzli oliy o’quv yurtida to’liq grant bilan o’qish imkoniyatini qo’lga kiritish uchun, avvalo, nima qilish kerak? IELTSdan 7 ball olish kerakmi yoki qattiq mehnat qilish kerakmi?

Albatta, bular muhim. Lekin bulardan ham oldin sizda ishtiyoq bo’lishi kerak. IELTSdan 7 ball olishingizni ta’minlaydigan qattiq mehnatni sevib qilshingiz kerak. Bu sevgini esa sizga motivatsiya beradi. Busiz tezda zerikib qolasiz; o’qish og’ir mashaqqatga aylanadi.

Litseyda o’qib yurganimda mening uchun dunyodagi eng ulkan orzu Toshkentda o’qish edi. Rejalarimda bu marradan keyingi hayotga hali o’rin yo’q edi.

Bir sutkada 15-20 soatgacha dars qilardim. Qabul imtihoniga tayyorlanish uchun hatto sahar 3 da turib dars qilgan paytlarim bo’lgan. Ertalab kallaga yaxshi kiradi, deyishardi. O’qishga ham kirdim, Toshkentga ham keldim. Qarasam, hali hayot oldinda ekan…

Shundan keyin ham ko’p muvaffaqiyatlarga erishdim, lekin hech qachon abiturientlik davrimdagidek qattiq o’qimaganman. To’rt yillik Toshkentdagi o’qishni abiturientlik davrida olingan bilimlar bilan tamomlaganman, desam xato bo’lmasa kerak.

Universitetda o’qishni boshlaganimdan keyin ingliz tilini tashlab qo’ydim. Chunki o’rganishga ishtiyoq, sabab yo’q edi.

O’sha paytlar “Tasvir” degan gazeta bo’lardi. Bir kuni shu gazetada, adashmasam, IREX orqali AQShda o’qish uchun hujjat qabul qilinayotgani haqida kichkina e’lon o’qib qoldim. Shundan so’ng ingliz tili darslarimni yana davom ettirishga ishtiyoq paydo bo’ldi. Yana o’qishga tushib ketdim. Chunki endi sabab bor edi.

Aytmoqchi bo’lganim nima? Oldingizga maqsad qo’ying va shu maqsadga erishish uchun qattiq mehnat qiling.

Do’stlaringizning o’yin-kulgi, kayfu safo qilib yurgani sizni chalg’itmasin. Bugun kamroq uxlarsiz, kamroq choyxonada o’tirarsiz, lekin ertaga bularning hammasiga sizda yetali vaqt ham, mablag’ ham bo’ladi. Bir-ikki yil qiynalasiz, lekin keyin bir umr rohat-farog’atda yashashingiz uchun zamin yaratasiz. Shuning uchun qisqa muddatli mashaqqat va rohat-farog’at sizni chalg’itib qo’ymasin.

AQShda yuzlab universitetlar bor. Deyarli barchasida qaysidir darajada grant dasturlari bor. Aksariyatida xorijliklar uchun ham grant yoki moliyaviy yordam beriladi. Demak, siz ularning har birini qo’lga kiritish imkoniyatiga egasiz. Nima qilish kerak? Mehnat qilish kerak, xolos.

Umumiy talablar barcha joyda bir xil: IELTS/TOEFLdan minimum ball, maktab/kollej/litsey yoki bakalavr diplomi yoki GRE/GMAT testlari (magistratura uchun).

Sizning mendan yoki AQShda o’qiyotgan boshqa o’zbekistonliklardan hech qanday farqingiz yo’q. Kallamiz ham, kalla ichidagi miyamiz ham, miya ichidagi to’qimalarimiz ham bir xil.

Farqi shundaki, qaysidir davrda bizning oldimizda AQShda o’qish imkoniyati chiqib qoldi va bu imkoniyatdan unumli foydalana oldik. Sizda ham shu imkoniyat bor. AQShda o’qish uchun bir emas, ikki emas, yuzlab imkoniyat bor va bu imkoniyatlar har yili keladi. Siz shu imkoniyatga o’zingizni tayyorlasangiz bas. Imkoniyat sizning tayyor bo’lisihingizni kutib turmaydi, siz o’zingizni unga tayyorlashingiz kerak.

Demak, mehnatdan, o’qishdan to’xtamang.

Mavzuga aloqador maqola: AQShda o’qish uchun grant topish yo’llari

AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni qancha?

Posted April 22nd, 2019 at 9:43 am (UTC-5)
Leave a comment

Bugun AQSh ta’lim tizimi dunyodagi eng taraqqiy etgan ta’lim tizimlardan biri sanaladi. Dunyodagi “eng yaxshi oliy ta’lim dargohi” sifatida tan olingan universitetlarning yuztaligiga ham aksariyat AQSh universitetlari kiradi. Aniqroq aytganda, dunyodagi “eng yaxshi oliy ta’lim dargohlari” yuztaligining 30 tasi aynan AQShda joylashgan. Shu sabab ham bu mamlakatga kelib tahsil oluvchilar soni juda ko’p. Hozirgi kunda AQSh dunyodagi xalqaro talabalar eng ko‘p ta’lim olayotgan mamlakat bo’lib qolmoqda.

AQSh Xalqaro Ta’lim Institutining 2018-yilgi “Ochiq eshiklar” hisobotiga ko’ra, bu mamlakatda 2017-2018-o’quv yillarida ta’lim olayotgan xorijlik talabalar soni 1,9 millionni tashkil etib, bu avvalgi yilga nisbatan 1,5 foizga ko’proq demakdir.

AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni esa 570 nafarni tashkil etib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 12,9 foizga oshgan demakdir. Ularning qariyb 50 foizi bakalavr, qolganlari magistrlik yoki turli dastur va kurslarlarda o‘qimoqda.

“AQShning eng nufuzli universitetlaridan birida tahsil olgan o’zbekistonlik sifatida aytishim mumkinki, AQSh oliy ta’lim tizimining dunyodagi yetakchiligiga asosiy sabab bu oliygohlarning juda katta e’tiborni ilmiy-tadqiqot ishlariga qaratganidadir. Masalan, Jon Xopkins Universiteti turli ilmiy tadqiqot ishlari, loyihalari va dastirlariga 2016-yilda  2,43 million dollar ajratgan bo’lsa, Pensilvaniya Universiteti 2017 yilda 1,37 million dollar sarflagan. Yana aytish lozimki, o’qituvchi-professorlarga ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanishlari uchun keng imkoniyatlar berilgan. Oliygohlarda ortiqcha pedogogik yuklamalar mavjud emas. Ilmiy izlanish olib borishni istaganlar uchun mavzu tanlashda erkinlik mavjud, ya’ni mavzular tegishli instansiyalar tomonidan begilab berilmaydi yoki faqatgina ma’lum bir yo’nalish doirasidagina chegaralanish talab etilmaydi. Izlanuvchi o’z qiziqqan mavzusida izlanishlar olib boradi. Mamlakatimizda ham ilmiy-tadqoqot olib borish tizimini xorij tajribasini o’rgangan holda rivojlantirish zarur”, – deydi AQShning Jorj Vashington Universitetida Biznes boshqaruvi bo’yicha magistraturada tahsil olib qaytgan o’zbekistonlik Nabijon Tog’ayev.

AQSh Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro talabalar o‘qish puli, turar-joy va oziq-ovqat xarajatlari orqali 2017-yilda AQSh iqtisodiyotiga 42,4 milliard dollar foyda keltirgan.

AQShda ta’lim olayotgan xalqaro talabalarning aksariyati Xitoydan bo’lib, o’tgan o’quv yilida Qo’shma Shtatlarda 363 ming xitoylik talaba ro’yxatdan o’tgan. Bu esa avvalgi yilga nisbatan 3,6 foizga oshgan demakdir. Ikkinchi o’rinda esa Hindiston turibdi; 186 ming hindistonlik talaba tahsil olgan, bu oldingi yilga nisbatan 5,4 foizga ko’proq demakdir. O’tgan o’quv yilida, ayniqsa, Nepaldan kelib o’quvchilar soni birdaniga oshib, avvalgi yilga nisbatan 14,3 foizga ko’tarilgan. Saudia Arabistonidan tahsil olishga keluvchilar soni esa aksincha eng ko’p qisqarib, 54,555 tani tashkil etgan. Bu sa 15,5 foizga pasaygan demakdir.

Shtatlar ichida xalqaro talabalarga eng ko’p “mezbon”lik qilayotgan shtat bu – Kaliforniya bo’lib, bu yerda avvalgi o’quv yilida 162 ming xalqaro talaba ta’lim olgan. Ikkinchi o’rinda Nyu-York shtati turadi. Bu yerda 121 260 talaba ro’yxatdan o’tgan.

Universitetlar ichida esa o’z bag’riga eng ko’p xorijlik talabani sig’dirgan oliygoh bu Nyu-York universitei bo’lib, u yerda 17 550 talaba tahsil olgan. Ikkinchi o’rindagi Janubiy Kaliforniya universitetida esa 16 075 talaba ta’lim olgan.

AQShda o’tgan yil ro’yxatdan o’tgan jami xalqaro talabalarning 442 800 nafari bakalavr darajasini, 383 ming nafari magistr darajasini olish uchun o’qigan bo’lsa, yana  65,630 nafari turli dastur va kurslarda tahsil olgan.

Bugun AQShda ta’lim oluvchi xalqaro talabalarning aksariyati injener-muhandis, matematika va kompyuter texnologiyasi, ijtimoiy sohalar yo’nalishida o’qib, ko’proq qismi (58.6) o’z mablag’i hisobiga ta’lim oladi.

Shu o’rinda bir savol tug’ilishi mumkin.  Bu sehrli diyor dunyodagi ko’plab kishilarni o’ziga rom etadi. Lekin amerikalaklar ham xorijiy davlatlarga tahsil olgani boradimi? Hisobotlarga ko’ra, o’tgan o’quv yilida 332 727 amerikalik fuqaro xorijga, xususan, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniya davlatariga tahsil olishga borgan. Xorijda o’quvchi amerikaliklarning aksariyati qisqa muddatli dastur va kurslarda o’qigan.

Ha, xorijda o‘qish ko’pgina hollarda nafaqat malakali mutaxassis bo’lib yetishish, balki o‘sha davlat tilini oson o‘zlashtirish, chet el madaniyati bilan yaqindan tanishish, dunyoqarashni kengaytirish, xorijdan do‘stlar orttirish imkoniyatlarini ham beradi.

Oydin Sadullaeva

Universitetlar musulmonlar uchun halol taom taklif etmoqda

Posted December 4th, 2017 at 4:15 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSh universitetlari oshxonalardagi taomnomalar tarkibini xalqaro talabalar ta’biga moslashtirishga urinmoqda.

Pokistonlik Jasir Mayat Kolorado universitetiga kelganda, o’quv oshxonalarida musulmonlar uchun halol taomlar yo’q edi. U bu haqda universitetning yotoqxona va oziq-ovqat xizmatlari bo’limiga xabar berdi. Shundan so’ng birinchi semestrning o’zida o’quv yurti oshxonalari menyusiga halol go’shtdan qilingan taomlar qo’shildi, deya hikoya qiladi pokistonlik yigit.

Xalqaro talabalar istak-xohishlarini hisobga olish boshqa universitetlarda ham ko’zga tashlanmoqda.

Turli mamlakat va diniy-milliy kelib chiqishga ega xalqaro talabalarning ovqatga bo’lgan talablari ham rang-barang: musulmonlar halol taom yeyishni istasa, yahudiylar kosher taom bo’lishini xohlaydi. Shuningdek, vegetaryan yoki glyutensiz taom istovchi xo’randalar ham oz emas.

Jasir Mayat musulmonlar uchun halol ovqat so’rab universitetga murojaat qilganda, universitet talabalar o’rtasida so’rov o’tkazdi va uning natijasiga ko’ra, o’quv yurtida diniy e’tiqodiga ko’ra taom yeyishni istovchilar salmoqchi ekani ayon bo’ldi. Shundan so’ng universitet ularning istaklarini inobatga olishga qaror qildi.

Kolorado universitetida hozir talabalar internet orqali taomlarning tarkibini ko’rishi, o’zlari xohlagan taomlarni tanlashi mumkin.

Read the rest of this entry »

Respublikachilar AQSh oliy o’quv yurtlari haqida salbiy fikrda

Posted July 13th, 2017 at 12:42 pm (UTC-5)
Leave a comment

Katta yoshdagi respublikachilarning aksariyati AQSh kollej va universitetlari mamlakatga salbiy ta’sir ko’rsatadi, degan fikrda. 18 va 29 yosh orasidagi respublikachilar esa bu fikrga qo’shilmaydi. Ayni paytda demokratlarning ko’pi Amerika o’quv yurtlariga yuqori baho beradi. Tafsilotlar bilan men Behzod Muhammadiy.

Demokratlar va Demokratlar partiyasiga moyillar kollej va universitetlar haqida ijobiy fikrda. “Pyu” o’tkazgan so’rovga ko’ra, ularning 72 foizi AQSh oliy o’quv yurtlarining jamiyatga ta’siri yaxshi ekanini aytgan.

Ayova Davlat universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Deyvid Andersenning aytishicha, respublikachilarning oliy ta’limga salbiy ko’z bilan qarashi ajablanarli emas.

“Respublikachilar partiyasidagi ayrimlar orasida elitaga va intellektuallarga qarshi kayfiyat kuchli”, – deydi u.

Berklidagi Kaliforniya universiteti hamda Vermontdagi Midlberi kollejida konservativ so’zlovchilarga qarshi yuz bergan zo’ravon namoyishlar ham qarashlar o’zgarishi ortidagi sabab bo’lishi mumkin. Andersenga ko’ra, bu voqealar konservativ qarashlarga moyil matbuot tomonidan keng yoritilgan.

Tadqiqotchi ishonchsizlikni o’z talabalari orasida ham ko’rishini aytadi.

“Studentlar biz muhokama qiladigan mavzular bo’yicha keskin fikrlar bildiradi. Universitetda bo’lishning ma’nosi shu o’zi. Lekin e’tiqodingiz faktlarga qanchalik mos kelishi haqida gaplashishimiz kerak”, – deydi u.

Ogayo davlat universiteti professori Uilyam Ivlendning aytishicha, respublikachilar kollej va o’qituvchilarni yoqtirmasligining boshqa sabablari ham bo’lishi mumkin.

“Davlat yordami qirqilishi natijasida o’qish puli oshar ekan, talabalarning qarzga botishi va o’z pulini qoplay olmasligi ham ko’paydi”, – deydi u.

“Pyu” markazi so’rovida ommaviy axborot vositalari respublikachilar orasida o’quv yurtlaridan ham pastroq baho olgan. So’rovda qatnashgan respublikachilar va ularga moyillarning 85 foizi matbuot AQSh uchun salbiy ta’sirga ega, deb hisoblaydi.

Demokratlar orasida bunday qarash tarafdorlari 46 foiz.

“Pyu” tadqiqotchilari so’rovni AQShning barcha shtatlarida 2504 odam ishtirokida telefon orqali o’tkazgan. Suhbatlar ingliz va ispan tillarida olib borilgan.

AQShda professorlar doimiy ishlash imtiyozidan mahrum qilinishi mumkin

Posted March 2nd, 2017 at 1:40 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShning bir qator shtatlarida universitet professorlari doimiy ish bilan ta’minlanish imtiyozidan mahrum qilinishi mumkin.

Missurilik qonunchi Rik Brettin taqdim etgan qonun loyihasiga ko’ra, 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat universitetlarida o’qituvchilarni umrbod ishlash sharti bilan yollash tartibi bekor qilinadi. Viskonsin va Ayova shtatlarida ham shunday tashabbus ko’tarilgan.

Brettinning aytishicha, AQShda oliy ta’lim olish juda qimmat bo’lib, professorlarga umrbod ish kafolatini berish Amerika qadriyatlariga zid hamda soliq to’lovchilar uchun ortiqcha xarajatdir.

“Doimiy ishga ega har bir professor hamma narsani qoyillatib bajaryapti, deb ayta olmaysiz. Bunday odamni umrining oxirigacha himoya qiladigan tizim kutilgan samarani bermaydi”, – deydi u.

Tanqidchilar esa, doimiy ish berish imtiyozining bekor qilinishi oliy ta’limdagi ish joylarini kamaytirib, o’qitish sifatini pasaytiradi.

“Bu imtiyozni bekor qilish va shtat yordamini kesish oliy ta’limda ish joylarini o’ldiradi. Bu qaror innovatsiyani susaytiradi; raqobatbardoshligimiz kamayib, hurmatimiz ham yo’qolib boradi”, – deydi Missuri universitetining biologiya professori Menni Liskun shtat qonunchilariga qilgan murojaatida.

Doimiy ish bilan ta’minlanish imkoniyati uzoq vaqt oladigan va mashaqqatli jarayon bo’lib, professorlarning yarmidan ko’pi bungacha yetib bora olmaydi. Kollej o’qituvchilari yetti yil yoki undan ko’p muddat ishlab, shu imtiyozga loyiqligini ko’rsatib berishi kerak. Mana shunday og’ir mehnatdan keyingina ularga, o’zlari ixtiyoriy nafaqaga chiqquncha, doimiy ish bilan ta’minlanish imtiyozi beriladi. Read the rest of this entry »

Global liderlar uchun Jorj Vashington universitetining stipendiya dasturi

Posted January 30th, 2017 at 2:06 pm (UTC-5)
Leave a comment

Global liderlar uchun stipendiya dasturi Jorj Vashington universitetida magistratura va doktorantura darajalarini o’qish uchun grant beradi. Dasturda 2017-yil kuzdan o’qishini boshlaydigan talabalar qatnashishi mumkin.

2017-2018-o`quv yiliga jami 18 kredit soatini qoplovchi uchta grant beriladi. Kitoblar, yashash, va shu kabi boshqa xarajatlar nomzodning o`zi tomonidan qoplanishi kerak. Ushbu grant har yili yangilanadi va magistrantlarga maksimum 3 yil, doktorantlarga maksimum 5 yil muddatga beriladi. Yangilanish grant sohibining o`qish baholariga bog`liq (GPA 3.0 va undan yuqori).

Grant turi:

  • Magistratura uchun
  • Doktorantura uchun

Granti faqat bitta bosqich (magistratura yoki doktorantura) ni o`qish uchun olish mumkin xolos. Grant faqat kuzgi va bahorgi semestrlar uchun beriladi. Yozgi semestrlar uchun grant masalasi muhokama ostida.

Shartlari:

  • Xalqaro Yetakchilar Harakati Jorj Vashington Universiteti tomonidan chet ellik bakalavr bitiruvchilariga (magistratura va doktorantura uchun) beriladi.
  • Bu talabalar ta’lim olganlaridan keyin o`z vatanlariga qaytishlari va orttirgan bilim va ko`nikmalarini u yerdagi muammolarni hal qilishda qo`llashlari shart.
  • Bu Harakat avval AQSh hududida ta’lim olmagan yoki ishlamagan talabalar uchun.

Talabalar faqat F-1 (Fullbright granti g`oliblarida J-1 mumkin) vizasiga ega bo`lishlari kerak.

Talabalar magistratura yoki doktoranturaga Foggy Bottom kampusi hududidagi fakultet va maktablarga o`qishga qabul qilingan bo`lishlari kerak. Foggy Bottom kampusi hududida quyidagi fakultetlar joylashgan:

  • College of Professional Studies
  • Columbian College of Arts and Sciences
  • Elliott School of International Affairs
  • Graduate School of Education and Human Development
  • School of Business (Executive Education program is not eligible)
  • School of Engineering and Applied Science

Talabalar Ingliz tili bilimi bo`yicha IELTSdan 7.5 yoki TOEFLdan 100 (internet imtihonida) / 600 (qog`oz imtihonida) ballga ega bo`lishlari kerak.

Hujjat topshirish tartibi:

Hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron arizani ushbu manzilda topshirish mumkin.

Arizani qanday to’ldirilishi haqida ushbu qo’llanmadan javob topishingiz mumkin.

Universitetga qabul qilingan talabalar yakuniy qarorlarni 2017-yil 7-aprelgacha oladilar.

Sohalar va universitetlar haqida to’liq ma’lumot SHU YERDA.

Hujjat topshirish tartibi haqida batafsil ma’lumotni SHU YERDAN olishingiz mumkin.

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.