Maktabni bitirayotgan va kollejga o’qishga kirayotgan o’smirlar oldida turadigan muhim savollardan biri bu qaysi sohani tanlash haqida bo’lishi shubhasiz. Chunki kelajakda yaxshi karyera qilib, mo’may daromad topish va sifatli hayot kechirish – hammasi shunga bog’liq.
Bugun Amerikada qaysi soha vakillari ko’p pul topyapti? Qaysi kollej, universitet yoki sohada o’qiyotgan talabalarining ish topishi osonroq? Bugungi maqolamizni shu savollar tahliliga bag’islaymiz. Ma’lumotlar umumiy xarakterga ega bo’lib, alohida holatlar uchun to’g’ri bo’lmasligi mumkin.
Universitet bitiruvchilarning ish topish darajasi va ularning yillik daromadini kuzatib, yig’ib boradigan va bu haqda ommaga ma’lumot tarqatadigan maxsus tashkilotlar bor. Avvalo, AQShda federal hukumat har yili shtatlardan shunday ma’lumotlarni to’plab boradi va yillik hsobotlariga bu haqda ma’lumot beradi. Bu ma’lumotlarga nazar solish AQSh ta’lim va mehnat bozoridagi bugungi ahvol haqida tasavvur olishimizga yordam beradi.
Bu borada mustaqil kuzatuv olib boradigan va norasmiy ma’lumot beradigan saytlar ham ko’p. Masalan, “Kollej o’lchovlari” (CollegeMeasures.Org) deb nomlangan tashkilot Arkanzas, Tennessi, Virjiniya, Kolorado va Texas shtatlarida kollej va universitetni bitirayotgan talabalarning yillik daromadlarini hisoblab boradi. Tashkilot rahbari Mark Shneyderning aytishicha, hozir ikki yillik texnikum darajasiga ega bitiruvchilarning ish va daromad topishi osonroq bo’lyapti. Masalan, Texas shtatida ikki yillik texnik kurs bitiruvchisi yiliga o’rtacha 50 ming dollar daromad qiladi. Bu bakalavr darajasiga ega bo’lgan odamning o’rtacha yillik maoshidan 11 ming dollarga ko’p. Kolorado shtatida ham aniq fanlar bo’yicha bakalavr bo’lmagan darajaga ega mutaxassislar shu sohalar bo’yicha bakalavr diplomiga ega bo’lganlardan 7 ming dollar ko’p daromad qilmoqda.