Dunyoning eng kuchli universitetlari ro’yxati e’lon qilindi

Posted September 12th, 2012 at 8:48 am (UTC-5)
Leave a comment

AQShdagi Massachusets Texnologiya instituti (MIT) “QS World University Rankings” tomonidan e’lon qilingan eng zo’r universitetlar ro’yxatida birinchi bor eng yuqori o’rindan joy oldi. MIT 2007-yilgi ro’yxatda 10-o’rinni egallagan edi. So’nggi ikki yilda birinchilikni egallab kelgan Angliyaning Kembrij universitetiga (University of Cambridge) bu yil ikkinchi, AQShning Garvard universitetiga (Harvard University) esa uchinchi o’rin berilgan. 2010-yilgacha ketma-ket olti yil ro’yxatda Garvard universiteti peshqadamlik qilgan.

Dunyo bo’ylab eng kuchli universitetlar reytingini aniqlab beruvchi “QS World University Rankings” ro’yxati ta’limga ixtisoslashgan Quacquarelli Symonds kompaniyasi tomonidan 2005-yildan beri har yili e’lon qilinadi. Uni AQShdagi “U.S. News and World Report” nashri chiqaradigan universitetlar reytingining Angliyadagi nusxasi deyish mumkin.

Kuchli o’nlikdan, shuningdek, London Universitet kolleji (University College London), Oksford Universiteti (Oxford University), London Imperial kolleji (Imperial College), Yel Universiteti (Yale University), Chikago Universiteti (University of Chicago), Prinston Universiteti (Princeton University) hamda Kaliforniya Texnologiya Instituti (California Institute of Technology) o’rin olgan.

Eng kuchli 20 universitet qatoriga bu yil birinchi bor Kanadaning Toronto universiteti (University of Toronto) ham qo’shilgan. Shimoliy Amerika va Yevropadan tashqarida joylashgan oliy o’quv dargohlari orasida eng kuchli universitet maqomi 23-o’rinda Gonkong universitetiga (University of Hong-Kong) berilgan.

Bu ro’yxatdagi kuchli o’nlikdan quyidagi universitetlar o’rin olgan: Read the rest of this entry »

Abiturientlar diqqatiga: 16-avgustda test natijalari chiqadi

Posted August 15th, 2012 at 3:13 pm (UTC-5)
1 comment

Yoxud sobiq abiturientning o’tmishga sayohati

Gazeta.uz saytining Davlat Test Markazi ma’lumotiga tayanib yozishicha, 16-avgust kuni O’zbekiston oliy o’quv yurtlariga kirish uchun o’tkazilgan imtihon natijalari e’lon qilinadi.

Xabaringiz bor, har yili 1-avgust kuni O’zbekistonda oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlari bo’lib o’tadi. Shu kuni butun mamlakat bo’ylab yuz minglab abiturientlar davlat testlarini topshirsa, ularning yaqinlari va ota-onalari yurak hovuchlab imtihonlarning yakunlanishini kutadi.

Biz talaba bo’lgan yillar ham (2000-yillar boshi) imtihonlar 1-avgustda o’tkazilardi. Ammo test natijalari 10-avgustda e’lon qilinardi. Biz nafaqat imtihon natijalarini ertaroq bilish baxtiga ega avlod edik, balki kirish ballari nisbatan past bo’lgan, ta’bir joiz bo’lsa, imtihonlar adolatliroq o’tadigan davr sohiblari edik.

U paytlar test xonalariga “sotovoy” telefon olib kirish, “bunker”, “x-variant” degan antiqa bilim buloqlaridan foydalanish yo’q edi. Bular test o’tkazuvchi xodimlar nazorati kuchliroq bo’lganidan emas, balki kommunikatsion texnologiyalar bugungidek rivojlanmagan bir davrda yashaganimiz uchun edi, nazarimda. Ko’cha-ko’yda qo’lida telefon ko’tarib yuradigan odamni topishning o’zi qiyin edi.

Hozir imtihonlar qanaqa o’tishi haqida aytmasam ham bo’ladi. Bu haqda sizlar mendan ko’ra yaxshiroq bilishingiz aniq. Gazeta.uz saytida test kuni haqida yaxshi bir fotoreportaj tayyorlashibdi. Ko’rib, o’zingiz xulosa chiqaring: Fotoreportaj

1-avgust kunidagi hayajon va qo’rquv aralash hissiyot bundan 10 yil muqaddam kaminaning ham boshidan o’tgan. Imtihon bo’lishidan 1-2 kun oldin labimga hatto uchuq chiqqan edi. Bu imtihondan yiqilish qo’rquviga aloqadormi, deb so’rasangiz, ha degim yo’q lekin. 🙂

Read the rest of this entry »

AQShda ta’lim: Hujjatlarni topshirish jarayoni (To’rtinchi maqola)

Posted August 3rd, 2012 at 3:12 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShda magistratura o’qish imkoniyatini qo’lga kiritishga bag’ishlangan seriyali maqolalarimizni davom ettiramiz. Bu safar universitetlarga hujjat tayyorlash va qabul jarayonidan muvaffaqiyatli o’tish sir-sinoatlari haqida hikoya qilamiz.

Qayerda o’qimoqchi ekaningizni bilasiz. Kamida uch-to’rtta universitetlarni ko’z oldingizga olib qo’ygansiz. Demak, endigi vazifa ushbu o’quv yurtlariga belgilangan muddat ichida kerakli hujjatlarni topshirish. Avvalgi maqolada aytganimizdek, imkon qadar ko’proq universitetga hujjat topshirish kerak. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishini bilmaysiz. Birdan ortiq universitetga qabul qilinsangiz, o’zingizga yoqqan birini tanlab, qolganini rad etishingiz mumkin.

Avvalo, AQShda magistratura darajasida o’qish uchun talab qilinadigan umumiy shartlar haqida qisqacha ma’lumot olsak.

AQShda magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajalarda o’qish uchun, odatda, quyidagi bilim va malakalarda ega bo’lishingiz kerak:

1. Tan olingan oliy o’quv yurtidan bakalavrlik darajasiga ega bo’lish

O’zbekiston ta’lim tizimi sifati xalqaro standardlar bo’yicha reytingi ancha past. Shunday bo’lsa-da, umidni uzmang. O’zbekistondan olingan bakalavrlik darajasi AQShda qabul qilinadi. Ammo qabul imkoniyatlaringizni kuchaytirish uchun o’z sohangizda ish tajribasiga ega bo’lishingiz juda muhim. O’quv yurtlari magistraturadan oldin bunday ish tajribasiga ega bo’lishni shart qilmasa ham, siz kabi hujjat topshirgan yuzlab talabalar orasidan ajralib turishingiz uchun, albatta, tajriba yoki qo’shimcha diplom-sertifikatlarga ega bo’lishingiz kerak.

Xorijlik talabalarga alohida o’rin ajratilgan bo’lishi ham mumkin. Yoki siz barcha uchun teng bo’lgan o’rinlarga amerikaliklar bilan birga bellashishingizga to’g’ri keladi. AQShda ta’lim olgan, ingliz tilisi mukammal bo’lgan hujjat topshiruvchilarni yengib o’tolmasam kerak, deb tushkunlikka berilmang. Chunki sizning xorijlik ekaningiz, aslida, bir afzallik. Xorijda tahsil olish, xorij tajribasini ko’rish aynan siz o’qimoqchi bo’lgan soha uchun qiymatli bo’lishi mumkin. Shuning uchun rezyumeni tayyorlashda, maqsadlaringiz bitilgan esseda (Statement of Purpose) shu narsaga diqqat qaratishingiz kerak. Ya’ni, masalan, siz AQShda shu sohada ta’lim olib, AQSh tajribasini xorijga tatbiq etish maqsadida ekaningizni yoki o’qish davomida qilmoqchi bo’lgan ilmiy ishingizda AQSh va xorij tajribasini taqqoslash niyatida ekaningizni ta’kidlab o’tishingiz mumkin. “Statement of Purpose”ni qanday yozish haqida kelgusida batafsil to’xtalamiz. Hozir bu haqda umumiy ma’lumot va tushuncha bermoqhiman, xolos.

Read the rest of this entry »

AQShda ta’lim: Grantlarni qanday topish mumkin? (Uchinchi maqola)

Posted July 22nd, 2012 at 2:44 pm (UTC-5)
4 comments

Birinchi maqola: Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz!

Ikkinchi maqola: AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz?

Facebookdagi sahifamizda muxlislarimizdan tushayotgan savollarning asosiy qismi grantlarni qanday topish haqida bo’lyapti. Bugungi maqolani AQSh Oliy o’quv yurtlariga hujjatlarni qanday topshirish mavzusiga bag’ishlamoqchi edim. Ammo bizga kelib tushayotgan savollarni inobatga olib, AQShda o’qish va  yashash uchun grantlarni qanday topish masalasiga alohida to’xtalib o’tishni lozim topdim.

Avvalgi maqolalarda ham grant topish yo’l-yo’riqlari haqida qisqacha ma’lumot bergan edik. AQShda yashash va o’qish uchun magistratura dasturlariga to’liq grant topishning, asosan, ikkita yo’li bor. Ulardan biri – AQSh hukumati ajratgan va o’zbekistonliklar uchun maxsus tashkil etilgan grant dasturlari. Ikkinchi yo’li – universitetlarning o’zi ajratadigan moliyaviy yordamlarni topish. Bu maqolada ushbu har ikki usul haqida ma’lumot berishga harakat qilaman. Unutmang, bu maqola AQShda bakalavrlikdan keyingi, magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajada o’qish istagida bo’gan talabalar uchun mo’ljallangan.

Read the rest of this entry »

AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz? (2-maqola)

Posted July 10th, 2012 at 11:52 am (UTC-5)
12 comments

Nafaqat AQShning, balki butun dunyoning eng nufuzli oliy o’quv yurti – Garvard Universiteti maydoni,   © Chensi Yuan

O’tgan maqolalarimizdan birida AQShda magistrlik darajasida o’qish uchun nimalar qilish va nimalarni bilish lozimligi haqida umumiy ma’lumot bergan edim (Qarang: Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz!). Bugun ana shu mavzuni davom ettirib, AQShda tahsil olish uchun o’zingiz qiziqqan sohadagi o’quv dasturlarini va universitetlarni qanday topish mumkinligi haqida yozmoqchiman. Oldindan shuni aytib o’tish lozimki, ushbu ma’lumot va maslahatlar kaminaning mustaqil izlanishlari va shaxsiy tajribasidan olingan bo’lib, ularning mutlaq haqiqat yoki to’g’riligiga kafolat berilmaydi. AQShda o’qishning biz bilgan va bilmagan boshqa yana ko’plab imkoniyatlari mavjud va o’quvchilarimiz ushbu ma’lumotlardan tashqari qo’shimcha va mustaqil izlanish olib borishlari tavsiya etiladi.

Birinchi maqolamizda ta’kidlanganidek, avvalo, nima o’qimoqchi ekaningizni aniqlab oling. Magistratura darajasida aynan bakalavrlikdagi ixtisosligingizni davom ettirishingiz shart emas. Masalan, jurnalistika bo’yicha o’qigan bo’lsangiz,  magistraturani xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, sotsiologiya va hatto biznes boshqaruvi kabi soha va yo’nalishlarda davom ettirishingiz mumkin. Bakalavriatda ma’lum bir sohada ixtisoslik olsangiz ham, to’rt yillik o’qish davomida sohangizga aloqador yoki butunlay farqli fanlarni ham o’qishingiz mumkin va shuning uchun magistrlikni o’z ixtisosligingizdan farqli bo’lgan yo’nalishda davom ettirishga haqlisiz. Ammo iqtisodiyot, huquqshunoslik kabi aniq yo’nalishli sohalarda, agar bakalavriatda shu sohalarga aloqador yetarli kredit beruvchi fanlarni o’qimagan bo’lsangiz yoki nazariy bilimlarning o’rnini qoplash uchun shu sohalarda yetarli amaliy tajribaga ega bo’lmasangiz, odatda, bu yo’nalishlarga boshqa sohalardan o’tib bo’lmaydi.

Qabul jarayonida imkoniyatlaringiz yuqori bo’lishini va o’qish uchun topshirilgan anketangiz ishonchliroq ko’rinishini istasangiz, magistraturani o’z sohangizda davom ettirishingizni tavsiya qilaman. Sohani o’zgartirish o’qishga qabul qilinish imkoniyatingizni rasman kamaytirmasa ham, nega sohangizni o’zgartirayotganingizni anketaga qo’shib topshirilgan bayonnomangizda (Statement of Purpose) asosli sabablar bilan tushuntirib berishingiz kerak.

Xullas, qaysi sohada o’qishni davom ettirish borasida bir qarorga keldingiz. Endi ana shu soha bo’yicha o’quv kurslarini taklif etadigan universitetlarni qidirib topishingiz kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, AQShda oliy o’quv yurtlari soni juda ko’p va ulardan qay birini tanlash borasida bir qarorga kelish oson bo’lmaydi. Infoplease.com sayti ma’lumotiga ko’ra, AQShda oliy ta’lim darajasini beruvhi o’quv yurtlari soni 4000 dan oshadi. Aynan magistratura va undan yuqori bo’lgan darajada o’qiydigan talabalarning bir yillik soni esa ikki milliondan ortiq. Demak, siz o’qishga topshirganingizda, ana shu ikki millionlik o’rinlardan biriga da’vogarlik qilasiz.

Oliy o’quv yurtini va o’zingiz qiziqqan o’quv dasturini qanday topish jarayonini bir soha misolida ko’rib chiqamiz. Aytaylik, siz ijtimoiy yo’nalish hisoblanuvchi xalqaro munosabatlar (International Relations) sohasida tahsil olmoqchisiz. Siyosatshunoslik (Political Science), hududiy tadqiqotlar (regional studies) kabi sohalar xalqaro munosabatlar bilan aloqador umumiy yo’nalish ostida bo’lib, o’quv dasturlarida xalqaro munosabatlar, odatda, siyosatshunoslikning ichki bo’limi sifatida keladi. Shuning uchun siz xalqaro munosabatlar bo’yicha o’qish qidirganingizda, yuqorida tilga olingan aloqador yo’nalishlarni ham qarashingiz kerak.

Read the rest of this entry »

Diqqat, yangilik: “Amerika Ovozi” bepul ingliz tili darslarini taqdim etadi

Posted July 1st, 2012 at 10:57 pm (UTC-5)
1 comment

Oldingi maqolalarimizdan birida internet orqali ingliz tilini bepul o’rgatuvchi bir necha sayt haqida xabar bergan edik. Bugun sizga bermoqchi bo’lgan ma’lumotimizni ham shu mavzuning davomi deyish mumkin.

“Amerika Ovozi” axborot xizmati saytida ingliz tilini o’rgatuvchi bo’lim tashkil etildi. Bo’limning ahamiyatli tomoni shundaki, u mutlaqo bepul va aynan o’zbekistonlik talabalar uchun mo’ljallangan.

Ingliz tili darslari bo’limidan siz ingliz tili grammatikasining turli mavzulariga aloqador kundalik dars va mashg’ulotlar, testlar, shuningdek, umumiy va sohalarga aloqador xos lug’atlar hamda ingliz tiliga aloqador shu kabi boshqa material va resurslarni topasiz.

O’quvchi diqqatini jalb etish hamda mashg’ulotlarni qiziqarli, ko’ngilochar ruhda o’tkazish maqsadida saytda multimediya elementlariga katta e’tibor qaratilgan. Siz har bir yangi darsni o’rganish jarayonida video, audio, suratlar hamda boshqa harakatlanuvchi multimediya vositalaridan foydalanasiz. Mashg’ulotlar nafaqat ingliz tilingizni yaxshilashga xizmat qiladi, balki AQSh hayoti va madaniyatiga oid bilimlaringizni kengaytirishga ham hissa qo’shadi.

“How English is really spoken?” (Ingliz tili aslida qanday so’zlashiladi) nomi ostida beriladigan seriyali dars mashg’ulotlarida siz amerikaliklarning turli so’z va iboralarni og’zaki so’zlashuv uslubida qanday so’zlashlari va ishlatishlarini o’rganasiz. Bu kabi amaliy darslar sizning og’zaki so’zlashuv qobiliyatingizni rivojlantirishga, shuningdek, ingliz tilidagi jonli muloqotlarni tinglab tushunish salohiyatingizni oshirishga qaratilgan.

Read the rest of this entry »

Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz! (1-maqola)

Posted June 17th, 2012 at 11:56 pm (UTC-5)
81 comments

AQSh ta’lim sohasi, asosan, magistratura va undan yuqori bo’lgan darajadagi o’quv dasturlari bilan mashhur. Dunyoning eng kuchli universitetlari ro’yxatida peshqadamlikni boy bermay kelayotgan AQSh oliy o’quv yurtlari bu mavqega to’rt yillik kollej dasturlari bilan emas, balki, asosan, magistratura yoki aspirantura kabi tadqiqotga asoslangan o’quv dasturlari bilan erishgan.

Kirish so’zini ko’p cho’zmasdan maqsadga o’tadigan bo’lsam, mana shunday sifatli oliy o’quv yurtlaridan birida tahsil olishni istaydigan vatandoshlarimizga bugundan boshlab blogimizda amaliy maslahatlar berib bormoqchiman. AQShning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan birida magistratura darajasida tahsil olish imkoniyatini qo’lga kiritgan bir talaba sifatida aytadigan bo’lsam, maslahatlarim yosh yigit-qizlarimiz uchun foydadan xoli bo’lmas, deb umid qilaman.

Birinchi maqolada AQSh oliy o’quv yurtlariga o’qishga kirish jarayoni haqida umumiy ma’lumot olish bilan cheklanamiz. Keyingi maqolalarda ushbu jarayonning ichki bosqichlari haqida xos ma’lumotlar va amaliy maslahatlar beriladi.

Mavzularni raqamlar bilan alohida-alohida ajratib ko’rsatishni ma’qul topdim. Har bir yangi fikr, mavzu yoki bosqich ichki sarlavha ostida beriladi.

1. Harakatni imkon qadar erta boshlash kerak

Magistratura bosqichida o’qish uchun, avvalo, bakalavrlik darajasiga ega bo’lish kerak. Bakalavrlik darajasi uchun o’qishga qabul qilindingizmi, kelajak uchun reja tuzishni darhol boshlang. Oldinda to’rt yil bor, avval o’qishni bitirib olay, bir gap bo’lar, deb o’ylash katta xato! O’qishni bitirib nima qilmoqchisiz? O’z sohangizda ishlamoqchimisiz yoki magistraturada o’qishni davom ettirishni istaysizmi? Agar magistratura darajangizni xorijda, masalan, AQShda olishni istasangiz, buning rejasini imkon qadar erta tuzishingiz va shu reja bo’yicha ish olib borishingiz kerak. Chunki AQShdan siz o’qimoqchi bo’lgan universitet topish va unga topshirish lozim bo’lgan hujjatlarni tayyorlash va o’zingizni AQShda o’qish salohiyatiga ega bilimli va iqtidorli talabaga aylantirishingiz uchun oylar emas, balki yillar kerak bo’ladi.

Read the rest of this entry »

Ingliz tilini bepul o’rganishni istaysizmi?

Posted June 4th, 2012 at 8:47 pm (UTC-5)
6 comments

Amerikaga kelib tahsil olishni istamaydigan talaba yo’q. AQShda tahsil olishning shartlaridan biri ingliz tilini bilish. Shuning uchun ham yurtimizda ingliz tilini o’rganish uchun zo’r berib harakat qiladigan yoshlar juda ko’p.

Ingliz tilini o’rganish uchun ko’pchilik, odatda, til kurslariga qatnaydi. Obro’siga qarab, bunday kurslarda o’qish narxlari har xil. Eng arzonini ham oddiy talabaning cho’ntagi ko’tarishi qiyin. Kursga qatnash uchun moddiy imkoniyati yoki vaqti bo’lmaganlar uchun ingliz tilini o’rganishning muqobil yo’llari mavjud. Ana shunday yo’llardan biri bu internet orqali bepul ingliz tili kurslari xizmatidan foydalanish.

Bugun internetdagi axborot resurslari shunchalik keng, boy va rang-barangki, bir necha yil muqaddam pulli bo’lgan ko’plab xizmatlarni hozir internetda bepul topish mumkin. Biz bu yerda qonuniy, huquqlari muhofaza qilingan bepul xizmatlar haqida gapiryapmiz.

Masalan, “Google” korporatsiyasining lug’at, to’liq matnlarni tarjima qilish xizmatlari mutlaqo bepul va dunyoning qariyb barcha yetakchi tillarida xizmat ko’rsatadi. Bu borada “Google” ana shunday tarjima xizmatlarini bajaruvchi pulli kompyuter dasturlarini ishlab chiqaruvchi ko’plab kompaniyalarning nonini yarimta qilgani aniq. Mukammal va sifatli tuzilgan “onlayn” til kurslarini ham ana shunday beminnat va bepul xizmatlar qatoriga kiritish mumkin.

Xullas, maqolamizning maqsadiga ko’chadigan bo’lsak, ingliz tilini o’rganish uchun bugun qimmat til kurslariga borishingizning uncha ham hojati yo’q. Agar sizda kuchli istak bo’lsa, mustaqil o’qib o’rgana olish salohiyatiga ega bo’lsangiz hamda ingliz tilidan boshlang’ich ma’lumotingiz bo’lsa, falon pul turadigan kurs materiallarini bugun internetda bepul topishingiz mumkin. Buning uchun internetga ulangan kompyuteringiz bo’lsa kifoya.

Quyida ingliz tilini bepul o’rgatuvchi ana shunday saytlarning bir nechtasini e’tiboringizga taqdim etmoqchimiz: Read the rest of this entry »

Yozgi ish va sayohat dasturiga o’zgartirishlar kiritildi

Posted May 28th, 2012 at 9:50 pm (UTC-5)
13 comments

Har yili 100 mingdan ortiq xorijlik talaba  yozgi ta’til mavsumida AQShga tashrif buyurib, bu yerda to’rt oygacha bo’lgan muddat davomida ishlash va madaniy hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ular orasida o’zbekistonlik talabalar ham bor. O’zbekistonlik talabalar uchun dastur, odatda, 15-iyundan 31-avgustgacha davom etadi.

AQSh Davlat departamenti shu oy boshida ushbu dasturga doir bir qancha o’zgarishlarni e’lon qildi. O’zgarishlar, asosan, talabalar ishlashi mumkin bo’lgan sohalar va ish sharoitlariga bog’liq. AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar berishiga ko’ra, o’zgarishlar o’tgan yili “AP” axborot agentligi tomonidan dasturga doir bir qancha noqonuniy holatlar fosh etilishi ortidan qabul qilingan. “AP” surishtiruvida aniqlanishicha, dasturning ayrim ishtirokchilari tungi klublarda majburlab ishlatilgan, ba’zilari esa og’ir ish va yashash sharoitlarida kun kechirgan.

J-1 yozgi ish va sayohat dasturi (J-1 Summer Work and Travel Program) 1961-yilgi Fulbrayt Heys qonuni doirasida qabul qilingan. Dasturdan ko’zlangan asosiy maqsad xorijlik oliy o’quv yurti talabalariga AQShda to’rt oygacha bo’lgan ish dasturida ishtirok etish imkoniyatini berib, ularni Amerika madaniyati bilan tanishtirish.

“So’nggi yillarda dasturning madaniy almashinuv jihati ishlash imkoniyatining soyasi ostida qolib ketgandek, — deyiladi AQSh Davlat departamentining yangi o’zgartirishlar haqidagi e’loni kirish qismida. – Shuningdek, jinoiy tashkilotlar dastur ishtirokchilarini noqonuniy pul jo’natish, soxta bizneslar yaratish hamda immigratsiya qonunini buzish kabi ishlarga tortgani haqida ma’lumotlarga egamiz”.

Dastur bo’yicha e’lon qilingan yangi qoidalar talabalarni ana shunday noqonuniy faoliyatlardan himoya qilish maqsadida qabul qilindi, deyiladi AQSh Daplat departamenti e’lon qilgan axborotda.

Yangi tartibga ko’ra, yozgi ish va sayohat dasturi bo’yicha AQShga kelgan xalqaro talabalar bundan buyon ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo’jaligi kabi sohalarda, shuningdek, soat 22:00 dan ertalab 6:00 gacha bo’lgan tungi ishlarda ishlashlari mumkin emas.

Read the rest of this entry »

AQShda o’qishdan so’ng ishga qolish imkoniyatlari kengaytirildi

Posted May 21st, 2012 at 1:08 am (UTC-5)
Leave a comment

Ma’lumki, Ixtiyoriy amaliyot o’tash (OPT – Optional Practical Training) dasturi bo’yicha F-1 vizasi bilan ta’lim olgan xalqaro talabalar o’qishlari bitgandan so’ng AQShda yana 12 oygacha qolib ishlashlari mumkin. Buning uchun amaliyot maosh to’lanadigan va o’z sohalariga aloqador bo’lishi lozim.

Mamlakat Xavfsizligi Departamenti yaqinda e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, OPT bo’yicha o’qishdan so’ng AQShda qolib ishlash mumkin  bo’lgan sohalar soni oshirilgan.

Yangi qo’shilgan o’qish sohalari, asosan, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo’nalishlarini qamrab oladi. OPT uchun ruxsat olish mumkin bo’lgan sohalarning to’liq ro’yxati bilan quyidagi manzil orqali tanishishingiz mumkin:

O’qishdan so’ng bir yilgacha AQShda qolib ishlash mumkin bo’lgan sohalarning toliq ro’yxati (PDF).

Ro’yxatda yangi qo’shilgan sohalar nomi qora bilan ko’rsatilgan. Agar siz o’qigan soha STEM (Aniq fanlar, Texnologiya, Muhandislik  va Matematika) dasturidagi yo’nalishlardan birida bo’lsa, o’qishdan so’ng ishlash muddati jami 29 oygacha berilishi mumkin.

Read the rest of this entry »

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.