Professional boks bo`yicha O`zbekistondan chiqqan birinchi jahon chempioni, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Artur Grigoryan O`zbekistonda professional boksni rivojlantirmoqchi, faqat sarmoya va imkoniyat berilgan taqdirda.
Artur Grigoryan bilan o`zbekistonlik yana bir sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev mashg`ulot o`tkazayotgan klubda tasodifan uchrashdim. Keyin bilishimcha, Grigoryan ham shu kompaniyada ishlayapti, Chagayevning jamoasida ikkinchi trener vazifasini ham bajaradi.
Artur Grigoryan O`zbekistonda professional boks maktabi ochishga hozirlik ko`rayotgani haqidagi ma`lumotni avval qayerdadir o`qigan edim. Tabiiyki, Arturdan shu haqda so`radim.
Grigoryan bu qarorini hukumatdagilar bilan maslahat qilganmi yo`qmi, bunisini aniq bilmayman, har holda o`zining aytishiga qaraganda, bunday emas.
Biroq chempion O`zbekiston hukumatidagilarni juda yaxshi tanishini, Islom Karimov tomonidan iliq qabul qilinganini maroq bilan eslaydi. Hatto Islom Karimovga jahan chempionligini qo`lga kiritgan charm qo`lqopini sovg`a qilgani, prezident bilan o`tgan qisqa suhbatini ham.
Artur Grigoryan: Islom Abdug`aniyevich menga birinchi orden -“Mehnat shuhrati”ni topshirganda, barcha taqdirlangan ishtirokchilar o`tirishgandan keyin, o`zini minnatdorchiligini aytmoqchi bo`lgan kishilarga so`z berishdi. Men chiqdim, oltin chopondaman, qo`llarim orqamda. Men aytdim, Islom Abdug`niyevich, sizga katta rahmat, hamma xursand, nafaqat mukofot uchun, balki siz bilan ko`rishgani, shaxsan sizdan turli mukofot olishgani uchun ham. Katta rahmat sizga. Men juda uzoq o`yladim, sizga nima sovg`a qilish haqida. Qo`llarimda orqada ushlab turgandim, shu payt charmqo`lqopni chiqardim. (Grigoryan qo`llarini orqaga berkitib, voqea qanday bo`lganini ko`rsatishga urinadi). Men aytdim, Islom Abdug`niyevich, mana bu qo`lqop, meni to`gri tushuning, siz otamizsiz, prezidentimiz, lekin bu q`olqoplarda men brinchi marta jahon chempionligini qo`lga kiritganman. Shuning uchun ham, uni chin ko`ngildan sizga sovg`a qilayapman. Agar kimdir yo`lingizda tursa shu qo`lqoplarni kiying, g`ov bo`lganalarni yo`lingizdan uloqtirishga juda zo`r yordam beradi dedim. Shu payt taqdirlash marosimiga yig`ilganlar olqishlashni boshlab yuborishdi. Hamma olqishlayapti, Islom Abdug`niyevich bir qaradi-da ,(Artur menga shipshiydi – bu o`zi maxfiy sir, lekin ancha vaqt o`tgani uchun bu haqda gapirish mumkin) menga, keyin bularni qanday kiyishni ko`rsatasanmi, deb hazillashdi. Men esa Islom Abdug`niyevich, menga sizni boks bilan shu`gullanganingizni aytishgandi dedim. U ha, ha, dedi. Demak, rostdan ham to`g`ri ekan deb o`yladim.
Artur Grigoryan bu monologini ustalik bilan O`zbekistonda professional boks maktabini ochish maqsadiga ulaydi, ya’ni Grigoryanga ish boshlashi uchun hukumatdan, nazarimda, shaxsan prezidentdan “oq fotiha” lozim.
Har holda, Arturga tashlagan kinoyam – demak o`shandan buyon Islom Abdug`aniyevich yo`lida uchragan muxolifatni sizni qo`lqoplaringiz yordamida chil-parchin qilib kelayapti ekanda, degan savolim, javobsiz qoldi.
Boskdan ancha uzoqdaman, Grigoryanni O`zbekistonda professional boks maktabi ochish tashabbusi qanchalik muhimligi haqida bir narsa deyish qiyin. Buning ustiga bu maktab ancha qimmatga tushadigan tamosha bo`ladi, qimmat bo`lganda ham albatta budjet hisobidan.
Grigoryanga ko`ra, professional darajada bokschilar yetishib chiqishi uchun, avvalo, professional darajadagi sharoit lozim. Keyin professional miqyosdagi har bir jang uchun katta miqdordagi gonorarlar ajratilishi kerak. Professional jangchilarni taklif qilish, jang tashkil qilish va o`tkazish buning hammasi katta xarajat.
Xarajat bo`lganda ham oddiy aholi zimmasiga tushadigan xarajat bo`lishi mumkin. Boshqa tomondan esa professional boksda o`zini ko`rsatish ishtiyoqidagi iqtidorli yoshlarimiz ham juda ko`p.
Grigoryan o`z hisobidan O`zbekistonda professional boks rivoji uchun biron tiyin sarflamoqchi emas. Faqat malakasini taklif etmoqda va O`zbekistonda professional chempionlar yetishtirishga kafolat bermoqda, xolos.
“Agar men yuz ming dollar topgan bo`lsam ham bu mening pullarim, bu pullarni o`zimning mehnatim evaziga topganman”, – deydi u.
O`zbekiston sharoitida bu taklif qanchalik o`zini oqlaydi menga qorong`u, albatta, bu mutaxassislar e`tiboriga havola masala. Qolaversa, agar professional boksni rivojlantirish qarori qabul qilinsa, Artur Grigoryanga raqobatda bo`luvchi boshqa nomzodlar ham topilsa kerak.
Men, Grigoryandan atay yana bir marta so`rayman:
– Artur, o`zingiz aytayapsiz, hukumatdagilarning ko`pchiligini yaqindan taniysiz, ularni ziyofatida qatnashgansiz, qolaversa, O`zbekistonda sport turlari odatda ma`lum bir “avtoritetlar” nazoratida ekanligidan yaxshi xabardorsiz, har safar O`zbekistonga borganingizda sizni ehtirom bilan kutib olishayotgan ekan, nahotki bu taklifingizni ularning o`ziga ochiq aytmagan bo`lsangiz?
“Yo`q, men o`z xizmatimni tiqishtiradigan darajadagi odam emasman, ” deb javob beradi Grigoryan va o`zbekchaga o`tadi. – “O`zbekistonda tu`gilgan, O`zbekistondan chiqqan odam baribir O`zbekistonga qaytarishi mumkin. Vaqti keladi baribir qaytarishim kerak. Shunga. Men hozir faqat hukumatdan kutayapman, agar rozi bo`lsa, kel Artur desa, mana bu senga joy, mana bu, mana bu senga, ishla desa, ishlayman. Ko`rsataman, nimaga qodirligimni, meni qanday boksyorligimni hamma biladi, endi esa trener sifatida qanday qilib chempionlar yetishtirish mumkinligini ko`rsatmoqchiman”.
Professional boksda ko`p bor chempionlik kamarini qo`lga kiritgan, ringda “Qirol Artur” laqabi bilan tanilgan Grigoryan bir necha yillardan buyon Germaniyada yashaydi. U ayni paytda Hamburgda joylashgan “Universum Box- Promotion” klubida ishlaydi.
Gamburg, Germaniya