2006-yilda iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sanjar Umarov Vashington va Toshkent o`rtasidagi muzokaralar natijasida 2009-yilda ozod etilgan edi.

Ozodlikka chiqqach AQShga ketgan Umarov ancha vaqt jamoatchilik e`tiboridan uzoqda bo`ldi, siyosiy faoliyatdan chetladi. Yaqinda Berlinda O`zbekistondagi vaziyat muhokama qilingan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan muxolifatchi O`zbekistonda ijtimoiy portlash yaqinligini bashorat qiladi. Umarov bilan suhbatimiz O`zbekistonda ijtimoiy portlashga yetaklayovchi sabablar haqidagi savol bilan boshlandi.

Umarov

S.Umarov va Biritanyaning sobiq elchisi G.Murrey

– O`zbekistondagi bugungi vaziyat albatta Andijon voqealarilaridan va oxirgi hodisalar bir yil avval arab davlatlarida yuz bergan inqiloblar, yaqinda Rossiyada kuzatilgan namoyishlar, shuningdek, Qozog`istonda kechgan voqealardan kelib chiqayapti. Xabaringiz bor, O`zbekiston bu hodisalardan keyin “ga”ykalarni yanada qattiqroq buradi.

Ikkinchidan, hukumatda asosan faqat o`z cho`ntagini o`ylaydigan odamlar o`tirishibdi. Masalan, Karimovdan, uning katta qizidan boshlab hammasi shunaqa. Xullas, O`zbekiston rostdan ham kleptokratik davlat, ya’ni butun respublikani bitta oila nazorat qiladi. Albatta, bu oila ichiga ko`pchilik kiradi, lekin bu oilani boshqarayotgan odam prezidentning katta qizi, hamma yoqqa burnini tiqadi, xohlagan odamdan biznesini tortib oladi, sud qiladi, xullas, hamma joyda uning tegishli odamlari bor .

– O`zbekistondagi ijtimoiy portlash ehtimolini bir qator davlatlarda kechgan inqiloblar, norozilik namoyishlari misolida izohladingiz. Bu ehtimol yaqin orada yuz berishini taxmin qilayapsizmi, umuman bu narsani qanday tasavvur qilayapsiz?

– Albatta, men ham, boshqa birov ham bu portlashlar vaqtini aniq aytib bera olmaydi. Lekin ertami, kechmi boshlanishi aniq. O`zi Karimov vaqtida ketishi kerak edi lavozimidan, u esa aksincha konstitutsiyani buzib yana qayta qoldi o`z o`rnida. Xullas, hozirgi sharoitda bir portlash bo`lishi bu qonuniyat.

Berlin panel 001

Berlin anjumani

– Siz yuqorida keltirgan inqiloblar yoki ommaviy noroziliklar misoliga qaytadigan bo`lsak, bu davlatlardagi voqealarda muxolifatning o`rni muhim bo`lgan, bu borada o`zbek muxolifati faoliyati haqida nima deyish mumkin?

– Bilasizmi, bunday vaziyatlarda muxolifat o`zidan o`zi paydo bo`ladi, masalan, Tunis va Misrdagi inqiloblar o`zidan o`zi alangaladi, hech kim ularga chetdan turib ko`maklashgani yo`q. Bu baribir bo`ladi, buning uchun maxsus ravishda odamlarni ko`tarish shart emas. To`g`ri, 2005-yilda Andijon fojealari paytida odamlarni ko`tarish mumkin edi, lekin biz bunday qilmadik, o`shanda men ham aytgandim, biz qo`zg`olonlarga qarshimiz, bitta Andijonning o`zi bizga yetarli bo`ldi deb. O`shanda, aksincha, biz odamlarni bosdi-bosdi qilib o`tirganmiz, bu narsa bizga kerak emas deb. Boshqalar ham har holda shu narsaga ergashgan, ko`chalarga chiqmagan. Lekin hozir odamlarni o`zi qilib yuboraveradi, biz jim otirsak ham. Lekin shunday bo`lganda inqilob emas bunt, isyon bo`ladi, bular natijasida umuman har xil ko`rinishdagi voqealar kelib chiqishi mumkin.

– So`nngi paytda agar vaziyat shunday ketaversa, O’zbekistonda inqiloblar muqarrarligi haqida tez -tez yozilayapi, lekin ko`plarni inqilob yoki qo`zg`olonlardan keyingi vaziyat qanday bo`ladi, degan savol ham bezovta qilmoqda. Bu haqda, ya’ni vaziyat qanday rivojlanishi mumkinligi haqida biror tasavvurlar bormi?

– Endi mening qarashim shunaqaki, meni qo`llab quvvatlagan odamlar bor edi o`sha paytda. Ular hozir ham bor, qamoqxonada ham menga yordam ko`rsatishdi, shuning uchun ham men qamoqdan tirik chiqdim. Bo`lmasa, meni allaqachon yo`q qilib yuborishardi. Aniqrog`i shunday vaziyat bo`ldi ham, faqat shu qo`llab quvvatlovchi odamlar bo`lgani uchun ham meni yo`q qila olishmadi. Hali vaqti kelganda bu haqda batafsil gapiraman ham. Shuning uchun hozir keyin nima bo`ladi, kim keladi degan savolga kelsak, menimcha hammamiz o`tirishib, fikrlashib olishimiz kerak, aniq bir rejalar bilan chiqishimiz kerak. Men o`sha paytlarda MEKS (Xalqaro Iqtisodiy Maslahat Kengashi) degan g`oyani ko`targan edim. Bu g`oya men qamalganimdan keyin yoshlarimiz tomonidan davom ettirildi. Afsuski, bu g`oyaga hukumat tomonidan biror jiddiy e`tibor berilmadi.

– Xullas, hozircha bu boroda aniq bir tasavvurlar haqida gapirishingiz qiyin…

– Albatta, bu haqda aniq bashorat qilish qiyin, men fol ochmoqchi emasman, lekin hammasi qilinayotgan harakatga bog`liq, demokratik kuchlar birlashib, yig`ilishib aniq bir to`xtamga kelish kerak. Gapning ochig`i, men so`nggi ikki yilda ko`proq salomatligimni tiklash bilan band bo`ldim, chunki qamoqdan chiqqanimdan keyin ahvolim juda og`ir edi, meni qo`yib yuborishlari sababi ham qamoqxonada bir gap bo`lib qolmasin deb qo`rqishdi, chunki shunchalik og`ir edim. Amerikaga kelib davolandim, salomatligimni tikladim, hozir, Xudo xohlasa, ancha yaxshiman.

Berlin, Germaniya