O’zbek matbuoti uzoq tarixga ega, biroq erkinlik hamisha noyob ne’mat bo’lib kelgan.
XX asr boshlarida, o’zbek matbuoti oyoqqa tura boshlagan damlardagi uyg’oqlik bugungi vaziyatdan ancha jonli ko’rinadi. Jadidlar davridagi va mustaqillik yillaridagi “Hurriyat”ni solishtirish bu farq qanchalik ekanligini ham, so’z erkinligiga nisbatan toqat va taqatsizikni ham yaxshi ko’rsatadi.
Nazarimda, shu kabi qisqa uyg’onishlar bo’lgani bois ham haqiqiy jurnalistikaga bo’lgan qiziqish yo’qolmadi. Imkon bo’ldi deguncha bu ehtiyoj darhol o’zini ko’rsatdi, matbuotni millat, xalq turmishining jonli bir bo’lagiga aylantirdi. Ana shunday qisqa bir uyg’oqlik davri 1990-yillar boshida kuzatilgan edi.
Bugungi suhbatdoshim – jurnalist Pahlavon Sodiq, „Bi-Bi-Si“ (BBC) radiosining o’zbek xizmati xodimi.
Pahlavon 1990-yillarda o’zbek matbuotida kuzatilgan nisbiy erkinliklar davrida ishlagan va bu to’lqinning ayovsiz bostirilishiga ham guvoh bo’lgan.
Pahlavon nazarida mamlakatda so’z erkinligi va jurnalistlarga ta‘qiblar siyosiy muxolifatga nisbatan ancha avvalroq boshlangan. Jurnalistlar hamisha siyosiy qatag’onlarning oldingi qatorida turgan.
Bu ta‘qiblar 90- yillardanoq, muxolifatga nisbatan boshlangan bosimdan avvalroq yuz berdi. Shu ma’noda jurnalistlarga nisbatan so’nggi bosimlarni ham yangi to’lqin sifatida baholamagan bo’lardim. Buni ta‘qiblar davomiyligini ko’rsatuvchi ishora sifatida qabul qilish mumkin. Agar eslasangiz, 1992-yildayoq hukumat „Erk“ gazetasi xodimlari ustidan iqtisodiy ayblar bilan jinoiy ish ochgan edi. Aslida „Erk“ muxolifatning qo’lidagi qurol ekanligi yaxshi ma’lum edi. Keyinchalik siyosiy muxolifatga qarshi ta‘qiblar, qama – qamalar hammasi u yoki bu ma’noda so’z erkinligi, mustaqil nashrlar faoliyatiga bo’gliq bo’ldi.
90- yillar oxiri 2000-yillar boshida esa vaziyat bir qadar o’zgardi, ya‘ni O’zbekistonda mustaqil bo’lgan bosma matbuotning o’zi qolmadi. Ayniqsa, hukumat tashabbusida ochilgan „Hurriyat“ bilan bog’liq hodisadan so’ng mamlakatda senzura qilish mumkin bo’lgan bosma matbuotning o’zi qolmadi. Hukumat hammasini yakson qildi. Bosimlarning hozirgi jarayoni esa bu internet fazosidagi erkin axborotga qarshi ketayotgan kurash. Shu ma‘noda hukumatning matbuotga munosabatida o’zgarish yo’q. O’zgarayotgan narsa faqat O’zbekistonning tashqi dunyo bilan aloqasi, ya‘ni agar hukumat tashqi dunyo bilan aloqasini yaxshilamoqchi bo’lsa, xuddi „Hurriyat“ misolida kuzatilgani kabi matbuotga ozgina erkinlik berib, ochiqlikni namoyish etmoqchi bo’ladi.
Pahlavon fikricha hukumatning matbuotga munosabati so’z erkinligiga bo’lgan ehtiyojga emas, aksincha O’zbekistonning tashqi dunyo bilan qurayotgan munosabatlari dinamikasiga bog’liq. Hozirgi paytda bu dinamika ancha jonlangan ko’rinadi. Men Pahlavonga bir muddat avval Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi doimiy vakili Norber Justinni „Nemis to’lqini“dagi intervyusini eslatdim. Bu suhbatda elchi O’zbekiston hukumati bilan so’z erkinligi masalasida, xususan xalqaro jurnalistlarni O’zbekistonda ishlash imkoniyatlari haqida muzokaralar borayotganini eslatgan. Pahlavon Sodiq elchidagi umidbaxshlikka unchalik ishonmaydi, bu borada ancha pessimist ekanligini aytadi. Chunki, deydi u, bugungi muzokaralar jarayonida shartni G’arb emas, O’zbekiston , Islom Karimov qo’ymoqda.
Hozirgi vaziyatni 2002-yildagi, ya‘ni O’zbekiston va AQSh o’rtasida strategik hamkorlik boshlanish davriga solishtirganimizda ham, shu kech-kunduzda Karimovning muzokara olib borish pozitsiyasi juda mustahkamligini ko’ramiz . Hozir shartni Karimov qo’yayapti, G’arb emas. Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqish masalasi hal qilinar ekan, G’arb O’zbekistonga qarab qolgan. Buni Britaniya matbuoti ham tan olayapti. Albatta, biz muzokaralarni barcha tafsilotlarini bilmaymiz, lekin anig’i shuki, qo’shinlarni olib chiqishning eng qulay va arzon yo’li bu O’zbekiston. Bu vaqt mobaynida so’z erkinligi ham, inson huquqlari ham birinchi planda bo’lmaydi, albatta ayrim bayonotlar bo’lishi mumkin, lekin Karimov o’z pozitsiyasini yumshatishi mumkinligi haqida biror ishora bermaydi.
So’nggi voqealar navbat mamlakatda qolgan sanoqli rusiyzabon jurnalistlarga kelganini ko’rsatmoqda. Chunki, o’zbek jurnalistlari mamlakatda deyarli qolmadi, borlari qamoqda o’tiribdi yoki xorijga chiqib ketishga majbur bo’ldi. Shu munosabat bilan Internetda qoldirilgan qiziq bir sharhni o’qidim, ya‘ni muallf yozayapti, agar rusiyzabon jurnalistlar o’rnida o’zbek jurnalistlari bo’lganida edi jarima bilan kifoyalanmasdan ularni aniq qamashardi deb. Bilmadim, bu nima bilan bog’liq. Tan olish kerak, hozir faqat bir necha rusiyzabon jurnalistlargina mamlakatdan axborot chiqarishmoqda. Hukumat endi ulardan ham qutulmoqchi, chunki ta‘qiblar bir qadar izchillashgan. Bu jarayon Karimov o’ziga merosxo’r tanlayotgani, O’zbekistonda rostdan qandaydir o’zgarishlar kutilayotgani bilan jadallashgan bo’lishi ham mumkin. Afsus, hukumat bir narsani unutayapti, diktatura qanchalik kuchli bo’lmasin, baribir erkin matbuotga nisbatan ehtiyoj bo’ladi. Bir misol, Xrushchov davrini eslasak. O’sha mashhur XX syezddagi nutqni matbuotga yetkazgan, hozirgi farazlarga ko’ra, Xrushchovning o’zi bo’lgan. „ Reyter“ ga bu axborot Xrushchov yaqin odami orqali yetkazilgan. Shu ma’noda, bugun O’zbekistonda jahon matbuoti degan narsa qolmadi. Bir paytlar o’tgan matbuot anjumanlarini yaxshi eslayman, ularda Islom Karimov o’zini jahon matbuotiga judayam taraqqiyparvar lider sifatida tanitishni yaxshi ko’rardi, jurnalistlar bilan muloqoti yaxshi edi. Lekin boshqa tomondan hokimyat almashishi paytida albatta mustaqil jurnalistlar hukumatga xalaqit berishi mumkin. Shu ma‘noda axborot maydonini tozalash yanada tezlashgani ehtimoldan xoli emas.
Ertamizni bugungi vaziyatga qarab baholaydigan bo’lsak, yaqin kelajakda O’zbekistonda nomiga bo’lsa-da, biror mustaqil jurnalist qolmasligi mumkin. Vaziyat aynan shu tomonga qarab ketmoqda, hatto har qanday diktaturaning kichik bir so’z erkinligi orolchasiga ehtiyoji borligini inobatga olgan taqdirimizda ham …
Nazarimda bu yerda yana bir jihat bor. “Arab bahori” jurnalistikani demokratiya targ’iboti bilan uyg’unlashib ketganini ko’rsatdi. Avval ayrim davlatlar, jumladan O’zbekiston ham jurnalistikani demokratiya bayroqdori sifatida ko’rmagan bo’lishi mumkin, lekin so’nggi voqealar jurnalistikani inqiloblar markaziga aylantirib qoydi, jumladan internet va sotsial tarmoqlarni. Jurnalistlar shu markazda turgan odamlar. Hukumat shu ma’noda ham ulardan qo’rqayotgan bo’lishi mumkin, ya‘ni mustaqil jurnalistikadan qo’rquv yanada kuchaygan degan fikrdaman.
Biroq, bo’shab qolayotgan axborot maydoni bor. Biz so’z erkinligi deganda ko’proq axborot uzatish erkinligini nazarda tutamiz. Lekin O’zbekistonda an‘anaviy o’zbek matbuoti bor. Bu matbuotdan ham foydalanishga urinayotgan odamlar bor edi, masalan Xayrulla Hamidov. 2007- yilda O’zbekistonga borganimda meni bir narsa – islomiy mavzularning kengligi hayratga solgan edi. Ehtimol, bu tepadagi senzorlarni diniy mavzulardagi xabarsizligi bilan bog’liqdir. Har holda o’shanda jamiyatdagi muammolarga, korrupsiyaga diniy islomiy nuqtai nazardan yondashishga urunishi bor edi. Xayrulla Hamidov yoki “Irmoq” gazetasi misolida buni aytish mumkin edi. Matbuotga nisbatan kuzatilgan keyingi repressiyalar esa bu urunishlarni ham yo’qqa chiqardi.
Xullas, mavjud ta‘qiblardan qatiy nazar, kelajak so’z erkinligi muqarrarligini ko’rsatadi, chunki bu rivojlanib kelayotgan global tendensiya. Bir tomondan avtoritar davlatlar bosimni kuchaytirmoqda, boshqa tomondan esa so’z erkinligiga intilish, ijtimoiy tarmoqlar roli jiddiy tarzda kuchayib bormoqda.
Malik Mansur, Germaniya