O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi/M.Mansur

Keng ko’lamli fojealar millatni tushkunlikka yetaklaydi, shuningdek, birdamlikka. Ammo qirg’in, qotilliklar va vahshiylik jamiyatda tarqoqlikni kuchaytiradi. Ojizlik…

Odatda, bu ojizlik qo’rquvga emas shafqatga tayanadi. Shavqat unutilganda esa bu ojizlik ulkan qasosga aylanishi mumkin.  Qasosni alangalatuvchi ibtidoiy vahshiylik bugungi  jamiyatga yotdek, ammo bu bizning asrda, ikki yil muqaddam O’shda sodir etildi.

Qirg’in bir narsaga, o’zbeklarni millat sifatida ruhini buklashga qaratildi. Shu bois qotilliklar inson ongini karaxt qiluvchi qiynoqlar, zo’rlashlar bilan kuzatildi.

Bu qirg’in vahshiylikning qanchalik ma’nosiz ekanligini  ko’rsatmasin, ma’lum maqsadiga erishdi – Qirg’iziston xalqini muzaffarlar va mazlumlarga ajratdi.

Men qirg’izlar va o’zbeklar demoqchi emasman, chunki bu dahshatdan mulzam tortgan qirg’izlar bor. Ular borligi taskin va umid beradi.

Qolaversa, odamni bir marta o’ldirish mumkin, millatni esa yo’q. Faqat millatning ruhi bukuladi, ayniqsa bu ruhning o’zi so’lg’in turgan bir paytda.

Ulug’lik kuchda, qasosda emas, balki mehrda. Umidimiz, millat ruhi tirilishidan va ibtidoiy qasosdan tiyilishida. Biroq, albatta cheki bor, mehrning ham, shafqatning ham, sabrning ham.

O’shda millatlar o’rtasida urush bo’lmadi. O’sh bugun ham insonni biror seskanishsiz tahqirlash, o’ldirish mumkinligini ko’rsatuvchi sahna bo’ldi.  Bu sahnadagi qirg’in haqiqiy edi, tomosha emas. O’lganlar, yonganlar, zo’rlanganlar tirik edi…

Bu sahnani, uning tafsilotlarini butun dunyo ko’rdi. Qotillar jazosizligi, jazolanmasligini ham kuzatmoqda…

Urushni oqlash mumkindir, biroq hadsiz vahshiylikni oqlab bo’lmaydi. Bu qotilliklar jazosiz, mazlumlar esa  huquqsiz qolar  ekan, umidsizlik qasos urug’ini socha boshlaydi.

Qirg’inlardan ikki yil o’tib ham Qirg’izistondagi vaziyat tarang ekani nafaqat o’zbeklarni, balki inson qadri uchun qayg’uruvchi har qanday jamiyatni sergaklantirishi kerak.

Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Qirg’iziston hukumatiga nisbatan sanksiyalar talab qilinayotgan ekan, bu faqat oddiy insoniy huquqlar himoyasi uchun emas, balki o’zbeklarga zulmning jazolanishi, qasos urug’ini ko’kartirmaslik umidini berishi bilan ham ahamiyatlidir.

Malik Mansur,  Germaniya