Praga qurultoyi-2012

O`zbekiston Xalq Harakati”ning Germaniyada o`tgan yili birinchi qurultoyini kuzatgan faollarga ko`ra navbatdagi Praga qurultoyi nisbatan sust bo‘ldi. Ikkinchi uchrashuv bahs-munozaralar bir qadar bosilgan, silliqroq o`tgandek taassurot uyg`otadi.

Ehtimol, bu bir yil davomida harakat doirasidagi o`zgarishlar, xususan “Andijon – adolat va tiklanish” va boshqa bir nechta  faollarning O’XH safini tark etishi bilan bog`liqdir. Ikkinchi qurultoygacha yetib kelgan harakat faollari, balki, bir-birlarini yaxshi tushunganlari bois munozaralarga o`rin qolmagandir.

Nazarimda, o`tgan bir yil O`XH uchun Islom Karimov rejimini ag`darish eyforiyasinining tarqashi bilan kuzatilgan. Nafaqat, O`XHda, balki tashqaridagi tarafdorlarda ham bunday mo`jiza ijrosini kutish qiyinligiga ko`nikish bor.

O`zbekistondagi rejimni ag`darish rejasiga qonuniy shakl berish, bu g’oyaning baralla aytilayotgani harakatning asosiy sifatini belgilab turgan edi. Haqiqatan ham O`XH shu sifat bilan jamoatchilikka tanildi.

“Praga qurultoyi”da rejimni ag`darish maqsadiga sodiqlik ta`kidlangan bo`lsa-da, bu g’oyaning yaqin davrda  imkonsizligi bir qadar anglangandek.

Majlisda O`XHning kurashuvchanligini saqlab qolishga qaratilgan dasturiy rejalar taqdim etildi.

Bu rejalardan xorijdagi muxolifat liderlarini vatanga qaytishi bo`yicha muzokara boshlash, O`zbekistondagi vaziyat bo`yicha manfaatdor davlatlar bilan muloqotni yo`lga qo`yish tashabbusi ma`lum bir siljishga olib kelishi mumkindek tuyuladi.
Albatta, bu dasturiy rejalar bo`yicha muloqot muttasil, jamoatchilik qo`llovi bilan, ochiq tarzda olib borilgan taqdirda.

Dasturlar ijrosi O`XHdan izchillikni, xorijda bo`lsa-da, jamoatchilik nazarida turishni talab etadi. Shu ma`noda  tashkilot qurultoyini uch yilda bir marta chaqirish qarori harakat faoliyatini bir qadar sustlashishiga xizmat qilishi mumkin. Albatta, masalani moddiy tomoni inobatsiz holda bunday e`tiroz bildirish osondir, lekin maqsadga erishish nafaqat g’oyaviylik, balki moddiy shakllanishni ham talab etadi.

Qolaversa, qurultoy bir tomondan harakatni aholiga tanishtirish uchun imkoniyat bo`lsa, boshqa tomondan xalqda guruh haqida tasavvur shakllanishi uchun ham muhumdir.

Qurultoy favqulodda holatlarda navbatdan tashqari chaqirilishi mumkin, ammo bunday vaziyatda katta qurultoyga ehtiyoj qanchalik bo`lishi bahsli.

O`XH rejalaridan yana biri hukumat inqiroziga, rejimning to’satdan ag`darilishiga tayyor turish. Shaxsan menda rejimning favqulodda qulashi uni kuch bilan ag`darishdan ko`ra ko`proq xavotir uyg`otadi. So`nggi 20 yilda siqib borilgan havoning to’satdan portlashini tasavvur etish qiyin, lekin bu muqarrar ko`rinadi.
Bu muqarrarlikka tayyor turish qamrovni, salohiyatni talab etadi. Har holda O`XH bu vaziyat ilg`angani, shunga muvofiq mas’uliyatga ham umid beradi.

Va, nihoyat, O`XHda din va siyosat.

Reallik shundaki, harakat a`zolarining aksariyati dindor odamlar. Albatta, ularning dindorligi Sovet davridagi ota-bobolarimiz dindorligidan farq qiladi. Asosiy farq shundaki, avval dindorlar hamisha siyosatdan uzoq tutilgan bo`lsa, O`XH, aksincha, agar iqtidorga kelsa, siyosat, tuzum, jamiyatni qanday bo`lishini belgilaydi.

Hozir ham O`zbekistonda dindorlar va dunyoviylar qatlami yuzaga chiqayotganini kuzatish mumkin. Shu ma`noda O`XH misol keltirayotgan Turkiya modeli qanoatli  ko`rinadi. Har holda bugungi tendensiya diniy qatlamning siyosiy kurashga bo`lgan ehtiyoji nisbatan shakllanib borayotganini ko`rsatmoqda.

O`zbekiston sharoitida bu tendensiya rejim qurbonlari bugun ko`proq dindorlar ekani bilan ham ko`zga tashlanadi. Qolaversa, mamlakatda erkin saylash imkoniyati paydo bo‘lsa, hukumatga kim kelishi ixtiyori xalqqa berilishiga umid qilish mumkin.

Muammo esa bu imkoniyatga erishishdadir. O`XH shuni va`da qilmoqda. Bu aslida dunyoviylarni ham, dindorlarni ham birlashtiruvchi maqsad bo`lishi kerak edi, afsuski hozircha bunday bo`lmayapti.

Turli tanqidlardan qat‘iy nazar, O`XH bir narsaga erishdi, so`nggi yillarda uyquda bo`lgan muxolifatni uyg`otdi, sergaklantirdi, jamoatchilikka esa amaldagi hukumatga muxolif kuch borligi haqida ishora bera boshladi.

Albatta, harakatga nisbatan e`tirozlar talaygina.

O`XH rasi Muhammad Solih bilan intervyuda shunday e`tirozlarga javob olishga harakat qildim.

Birinchi e`tiroz, nazarimda, O`XHda islomning o`rni, to`g`rirog`i, harakat a`zolarining dindorligi tashkilot siyosatiga qanchalik ta’sir o`tkazishi bilan bog`liq. Bu savolga Muhammad Solihning javobi quyidagicha:

Nega boshqa bir nomzod emas, balki aynan Muhammad Solih O`zbekiston Xalq Harakati raisi lavozimida qoldi. Bu ikkinchi e’tiroz. Solih buni shunday izohlaydi: 

Islom Karimov rejimini ag`darish maqsadini ovoza qilgan  O`XH  o`tgan bir yil ichida nimalarga erishdi:

O`XH raisi tashkilotning bugungi imkoniyatini qanchalik baholaydi:

Malik Mansur-Germaniya