Arab dunyosida uyg’onish sabab “O’zbek bahori” qachon boshlanadi deya umid bilan savol beruvchilar ko’paygan.
Jamiyatda bahoriy yangilanish qachon boshlanishi mavhum, ammo fasllar kelinchagi bahor O’zbekistonga har doimgidek bu yil ham o’z vaqtida kirib keldi.
Navro’z tantanalari… An’anaga ko’ra, prezident Islom Karimov milliy bog’da xalqqa o’z ezgu tilaklarini bildiradi.
Davlat rahbari bahoriy kayfiyat tilab, tabiatdagi uyg’onish haqida gapirishi aniq, ammo xalq hayotida “o’zbek bahori” yuz berishiga ishora beradi deb o’ylash juda qiyin.
Afsuski, demokratik o’zgarishlar orzuligicha, “o’zbek bahori” esa xalqimiz irodasiga emas, tashqi ishoralarga bog’liqligicha qolmoqda. Ishoralar esa bu safar juda zaif, biroq umid uchqunlarini yo’q deb ham bo’lmaydi.
Fuqarolik jamiyati vakillarining tayanchi hisoblangan Vashington ham Toshkent bildirayotgan xavotirlarga sherik. Xavfszlik yuzasidan hamkorlik – bugungi ustuvor yo’nalish.
Har holda O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Vashgtonga safari shunday taassurot qoldiradi.
Bu xavotirlarga asos beruvchi hodisalar esa so’nggi paytda bir qadar muntazamlashgandek. Afg’oniston bilan chegadagi otishmalar, O’zbekiston Islomiy Harakatining Farg’ona vodiysi tomon intilayotgani haqidagi xabarlar shundan dalolat beradi.
O’zbekistonda ekstremizm, radikal islom tarafdorlari tahdid soladigan darajada ko’paymoqda deyishga asos yo’q. Norozilik ko’proq hukumatning yopiq siyosatiga qaratilgan, davlatchilik asoslariga nisbatan emas.
Aholining 90 foizi musulmonlardan iborat O’zbekistonda har qanday norozilik ko’rinishini islomiy ekstremizga bog’lash juda oson. Bu usul hozirgacha muvaffaqiyat bilan qo’llab kelinmoqda.
Shu ma’noda AQSh razvedkasining yaqinda e’lon qilgan bir ma’lumotiga diqqatingizni qaratmoqchiman. Bu hisobotda hukumatlar xavf tashqaridan emas, ichkaridagi siyosiy vaziyatdan kutilayotgani haqida ogohlantiriladi. Davlat departamenti ham Markaziy Osiyoning biror mamlakatiga nisbatan favqulodda ekstremistik xavf yo’q deb turibdi.
Ayni paytda AQSh bilan munosabatlarning yangi bosqichga ko’tarilayotgani O’zbekiston ichkarisidagi faollarda ham, xalqaro tashkilotlarda ham yana umid uyg’otgan.
“Human Rights Watch” tashkiloti inson huquqlarini yaxshilashga oid qator tavsiyalar bilan chiqib, Vashingtonni vijdonan ish tutishga undadi. Amerika hukumati esa erkinlik va demokratiya targ’iboti chetga surilmagan deb javob bermoqda. Bu tavsiyalar mamlakat faollarining umidlarini ham ifodalaydi. Jumladan, qamoqdagi faollarni ozod qilish, radikalizmga yetaklayotgan omil – so’z va e’tiqod erkinliginining bo’g’ilishiga chek qo’yish kabi muhim muammolarga yana bir bor e’tibor qaratilgan. Bular muntazam takrorlanadigan, biroq amalda ijroga kiritilmay kelayotgan tavsiyalar.
Hozircha O’zbekistonda inson huquqlariga doir ahvolning yaxshilanishi bo’yicha biror o’zgarish ro’y beishiga ishonch juda kam. Hukumatning muxolif harakat, mustaqil fikrga nisbatan tahlikasi mamlakatni og’ir, nosog’lom bir sukutga mahkum etgan.
Sirtdan qilt etmayotgan bu jimlik ostida nimalar kechayotgani, nimalar yetilayotgani noma’lum.
O’tgan vaqt, mustaqillikni mustahkamlash shiori ostida kechgan yillar erkinlik qarshisidagi tahlikani yanada kuchaytirdi. Go’yo 20 yil davomida shakllangan butun bir tuzum hurriyatning og’ir bir shamolidan qulab tushadigandek…
Malik Mansur, Germaniya
g’alamislar, tinchlikni ko’rolmaslar