“Std.uz” saytidagi futbol ishqibozlari fikrlari

26-mart kuni yangi qurilgan “Bunyodkor” stadionida kutilayotgan O`zbekiston – Livan futbol o`yini atrofidagi ehtiroslar milliy termaning ertaga Birlashgan Arab Amirliklarida o`tadigan uchrashuviga  nisbatan qiziqishni ham susaytirgandek.

Hammasiga chipta majorasi sabab. Avvaliga yangi stadionda o`tadigan o`yinga chipta olish uchun borgan ashaddiy  ishqibozlar kaltak ostida qoldi.

18-mart kuni chiptaxona oldida 2 mingga yaqin odam to`plangan, omadi chopganlar chipta olgan, ko’pchilik esa quruq qaytgan.

Bu ham yetmagandek bilet talab qilgan ishqibozlar militsiya tomonidan kaltaklangan, ayrimlari vaqtinchalik hibsga olingan. Keyin esa chiptalar sotuvi  to`satdan to`xtatib qo`yildi.

Milliy terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolibjonovning 18-mart kuni 6 ming dona chipta sotilgani haqida bergan bahonoti esa ishqibozlar g`azabini  yanada avj oldirdi.

Chipta majorasi bilan internetda davom etayotgan keskin munozaralardan ayrimlarini misol qilib keltirsak.

“O’lay agar, alam qilayapti. Oddiy xalqning qo’lidan hech narsa kelmasligi alam qilayapti. Qarg’ishga qolmaylikmish. Agar hech bo’lmaganda kecha bilet ololmay sarson bo’lgan bechoralarning qarg’ishlari o’tgandayam Livan bilan durang o’ynaymiz. Jahon chempionatinggayam… hammasini. Undan ko’ra, Yevropa futbolini ko’raman”, – deb yozadi Ulug’bek nomli muxlis “Std.uz” saytida.

Chipta olish davomida militsiya tomonidan kaltakka tutilgan ishqibozlar 18-mart kuni, nari borsa, mingga yaqin chipta sotilgan bo`lishi mumkin degan fikrda. Qolgan chiptalar kimga va qachon sotilgani no`malum.

Futbol ishqibozlarining bir necha kundan beri internetda olib borayotgan munozaralariga ko`ra, chiptalar allaqachon olib-sotarlar qo`lida!

“Maqolani o’qib to’g’risi yig’lagim keldi.Nahotki, vatanimiz fuqorolarining iltimoslarini inobatga oladigan ma’sul shaxslar bo’lmasa! Men bu o’yinga borishni judayam xohlagandim, lekin sharoit to’g’ri kelmay qoldi. Lekin vatandoshlarimiz qiynalib kuyunib yozayotgan fikrlarini o’qib ezilib ketyapman. Chipta bilan shug’ullanadigan shaxslarni tekshiradigan mansabdor shaxslar nima qilishyapti o’zi? Indamay, ko’z yumub bo’lmaydi-ku bu ishlarga, shuncha xalq ezilyapti, axir”, – deb kuyunadi yana bir ishqiboz.

Bahosi 15 ming so`mdan  boshlanadigan chiptalarning  qo’lda 40-50 ming so`mdan sotilayotgani ko`pchilikning hafsalasini pir qilgan, hodisani achhiq yumor bilan qabul qilayotganlar ham yo`q  emas.

„Yozef Blatterga tel. qildim. Bilet obering desam, Asqar telefonini ko’tarmayapti deydi. Kecha hamma biletlarni olib ketib qaytib kelmabdi. 10 ta bilet qiberaman, deb Asqar … Blatterdan 500 ming so’m qarz olgan ekan“,  – deya istehzo qiladi bir muxlis.

Ayrim ashaddiy ishqibozlar O`zbekiston – Livan o`yinini boykot qilishga ham chaqirgan.

“Aktiv futbol muxlislarining 90-95 % internet saytlariga kirishadi. Komment qoldirmasa ham o‘qishadi. Xalqni shuncha ahmoq qilgani uchun Askar Tolibjonovni va uning gumashtalarini boplash kerak. O’yinni boykot qilish kerak. Ana o‘shanda Tolibjonovni o‘zi hamtovoqlari bilan stadionda o‘tiraveradi. Olib sotarlar biletini sotolmay bankrot bo‘ladi”, – deb yozadi Filosof nomli sayt foydalanuvchisi.

Xullas, o`tgan yil qurib bitkazilgan 30 ming o`rinli yangi „Bunyodkor“ stadiondagi ilk o`yinga chipta sotish nega bu qadar chigallashgani yuzasidan bahslar qizg`in.

Milliy terma jamolar markazi rahbari Asqar Tolibjonov  chiptalar sotuvi 22-martdan qayta tiklanishini aytgan.

Biroq ishqibozlarda chiptalar sotuvining normal yo`lga qo`yilishiga umid juda kam. Asqar Tolibjonov keskin tanqidlar ostida.

22-mart kuni 6 ming chipta sotilganiga ishonilsa, keyingi kunlarda 22 mingdan oshiq chipta sotuvga chiqarilishi kerak. Chiptalarning nega o’yinga faqat to’rt kun qolganda chiqarilgani sabablari qorong’u.

Ayrim ma’lumotlarga ko`ra, yangi stadiondagi ilk uchrashuvni katta shou sifatida o’tkazish rejalanmoqda. Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, stadionda kazo-kazolarning ishtirok etishi ehtimoli ham yo`q emas.

Ammo hozircha bu  uchrashuv  futbol  muxlislari uchun bayramga emas, aziyatga aylanmoqda.

O’zbekiston va Livan o’rtasidagi o’yin hal qiluvchi ahamyatga ega. O`zbekiston Livanni mag`lub etsa, 2014-yil Braziliyada o’tadigan jahon chempionatiga borish imkoniyati yanada  ortadi.

Chipta mashmashasi ko`plarda Eron bilan o`yindagi  vaziyatni eslatib, bezovtalik uyg`otayotganini ham tushunsa bo`ladi.

Toshkentda sun`iy ravishda yaratilgan chipta taqchilligi ostida o`tgan bu o`yin O`zbekiston imkoniyatni boy berishi va milliy terma jamoa murabbiyi Vadim Abramovning  iste`fosi bilan yakinlangan edi.

Malik Mansur, Germaniya