Vatan Manzaralari

Afg’onistondan esayotgan umid shamollari…

Alisher Navoiyning Hirotdagi qabri

So’nggi paytda o’zbeklar hayotiga doir umidli xabarlar Afg’onistondan kela boshladi. Hirotda hazrat Alisher Navoiyning ochiq qolgan mozori qayta ta‘mirdan chiqarildi. Shibirg’onda esa o’zbek tilida uzluksiz televideniya ish boshlagan.

Bu nafaqat O’zbekiston, balki mintaqa va tashqaridagi o’zbeklar uchun ham quvonchli xabar. Ayniqsa, mintaqaning aksariyat davlatlarida o’zbeklarning haq-huquqlari cheklanib borayotgan bir paytda.

Navoiy qabri uzoq vaqt qarovsiz yotdi. Hazrat timsolining O’zbekiston uchun katta ahamiyatga ega ekani shubhasiz. Uning qarovsiz qolgan qabridan xabardor har bir o’zbek ojizlik va alam tuyib kelgani tayin edi.

Qabr ta’mirdan chiqqach, barcha qatori o’zbek hukumati ham yengil tin olgan bo’lsa ajabmas. Tadbirdan emas, balki Navoiy qabri xarobligini ko’rgan har kimning O’zbekiston hukumatidan hafsalasi pir bo’lishini yaxshi anglagani uchun.

Xullas, nima bo’lganda ham, tiklash maqsadida buzilgan sag’ana sakkiz yil o’tib qayta obodonlashtirildi. Hazrat Navoiy xotirasiga ko’rsatilgan bu samimiy ehtiromda afg’onistonlik oddiy o’zbeklar hissasi ham borligi odamni xursand qiladi.

Afsus, Navoiy g’azallariga yuzlab muxammas bog’langan, sharh yozilgan O’zbekistonda bu borada biror sas chiqmadi. O’zbek hukumati hatto Navoiy maqbarasi ochilishida ishtirok etishga-da yaramadi.

Xalqimizning sevimli shoirlaridan biri Xurshid Davron quyidagi satrlarini o’tgan asrning 80- yillarida yozgan:

Kechib o’tsam Amudaryoni
Hilol bilan birga barobar,
Kechib o’tsam qadim dunyoni
Va Hirotga kirsam tongotar…

U yog’ini qilmam tasavvur,
Yig’i qisar ko’ksimni biran,
Yashayapman qabringiz bir qur
Ko’rib o’lmoq niyati bilan….

Oradan 30 yildan ko’proq vaqt o’tdi. Xurshid Davron hazrat qabrini ziyorat qilishga ehtimol muyassar bo’lgandir, ehtimol yo’qdir. Ammo she’rdagi voqelik o’zgarmagan. Millatning aksariyati Navoiy qabri qay ahvoldaligidan xabarsiz o‘sdi, xabardorlar esa bu haqda ochiq gapirishga jazm etmadi.

Navoiyning O’zbekistondagi nufuzi va uning xaroba qabri o’rtasidagi taqqos tubanga cho’kayotgan milliy ruhiyat timsoliga o’xshaydi.

Yodimda, Toshkentda kechgan suhbatlardan birida bir shoir do’stimiz, „O’zbeklar uchun umid Afg’oniston tomondan keladi, chunki Hazratning qabri Afg’onistonda“, deb hayratlantirgandi. Vaholanki, suhbat Navoiy haqida emas, milliy ruhiyat haqida ketayotgan edi.

Darhaqiqat, Navoiyda bizga bolaligimizdan uqtirib kelingan daholikdan tashqari boshqa, oddiy bir ulug’lik, tilsim bor. Novoiyga biroz yaqinlashgan odam bu tilsimni sezadi. Ehtimol, shuning uchundir, do’stim ruhiy tayanchni shu tilsimda ko’rgan.

Har holda hazrat Navoiy, shunchaki, xotirlashga muhtoj emas. Navoiy insonning ruhiy ehtiyojini shakllantiruvchi tilsim. Shoir maqbarasining qayta ochilishi shu ehtiyojdan umid beradi.

Albatta, mohiyat O’zbekiston hukumati rejalagandek maqbaraning hashamatli bo’lishi yoki bo’lmasligida emas. Agar ehtirom samimiy bo’lganida, Toshkentdagilar o’zlari buzgan maqbarani hech bo’lmaganda qayta tiklashi, Navoiy ruhini ulug’ bilgan xalq oldida nega bu muqaddas qabrning sakkiz yil qarovsiz yotgani haqida bir og’iz izoh berishi mumkin edi…

Hirotdagi Navoiy maqbarasining buzib tashlangandan keyingi ko’rinishi

 

So’nggi paytda Afg’onistondagi o’zbeklarning milliy qadr-qimmatini tiklashdagi qadamlari qat‘iylashgan, bu rostdan umidli. Afg’onistonlik ziyolilar bir paytlar madaniy qadriyatlarni tiklash jarayonida O’zbekiston hukumati yordamiga umid bog’lagan bo’lsa, hozir bu umidning oqlanmasligiga ishonchlari ortgan.

Ehtimol, aynan shunday ishonchga kelish afg’onistonlik o’zbeklar uchun o’z haqlarini tiklay boshlashdagi muhum tayanch bo’lgandir. Bas, shunday ekan, qanchalik mavhum ko’rinmasin, nafaqat O’zbekiston, balki mintaqa o’zbeklari uchun ham umid shamollarining Afg’oniston tomondan esayotgani mubolag’a emasdek.

Malik Mansur, Germaniya

Mard inson edi…

(Baxtiyor Hamroyev xotirasiga)

Baxtiyor Hamroyevning o’limi, shubhasiz,  bizda hali shakllanib ulgurmagan  fuqarolik jamiyati uchun og’ir yo’qotish bo’ldi.

Baxtiyor Hamroyev o’zbek jamiyatida nisbatan yangi harakat bo’lgan inson huquqlari himoyasi tushunchasini imkon qadar ommalashtirib, bu faoliyatni mahalliylashtrishga katta hissa qo’shgan inson edi. AQShning O’zbekistondagi elchixonasi marhum xotirasi uchun chiqargan bayonotda ham Baxtiyor Hamroyevning inson huquqlari himoyachilari orasida favqulodda ovoz sohibi bo’lgani ta’kidlanadi.

U haqiqatda xalq ichidagi, bevosita shu xalqning  dard-hasratlari bilan yaqindan tanish bo’lgan, dard bilan yashayotgan jafokash inson edi.

Ming afsuski, Baxtiyor aka o’z hayotini baxshida etgan kurashi natijasini – O’zbekistonda oru qilingan erkin jamiyatni ko’rolmay ketdi. Bu uning  achchiq armonlaridan biri bo’lsa kerak, deb o’ylayman.

Biroq, shunday bo’lishiga qaramay, Baxtiyor aka hayotda umidli, takallufli, optimist inson edi. Har holda, mening yodimda u shunday  xotirlanadi.

Unda mamlakat hayoti, taqdiriga daxldorlik hissi kuchli edi, jamiyat o’zgarishi bevosita har birimizga bog’liqligini anglagan, o’z shuuridan o’tkazgan bu haqiqatni boshqalarga ham yetkazib kelayotgan fidoyi  edi.

Jizzax  viloyati O’zbekistonda hamisha huquq himoyachilari faoliyati bo’yicha oldingi o’rinda turgan. Hozir ham, nazarimda, shunday. Buni, albatta, Baxtiyor Hamroyevning  o’rnisiz  tasavvur etish qiyin.  Jurnalistlar uchun Baxtiyor Hamroyev, ayniqsa, Jizzax viloyati  bo’yicha brinchi darajali manba edi. Uning ma’lumotlari shubha tug’dirmasdi, u do’stga ham, dushmanga ham birdek ochiq edi.

Ikki yilcha avval Baxtiyor Hamroyevning o’z faoliyatini to’xtatishi haqidagi bayonoti shaxsan menda qattiq taajjub uyg’otgan edi. Chunki bu qaror uni yaqindan bilgan odamlar uchun g’alati  ko’ringandi.

Avvaliga men Baxtiyor aka o’g’li Ixtiyor bilan bog’liq mojarolardan charchagan, oilasi va bolalari taqdirini o’ylab shunday  qarorga kelgan deb faraz qilgandim. Keyinchalik  kutilmagan bu qarorning  sababi ayonlashdi – bu paytda uning xastalik xuruji yanada kuchaygan, u o’zini hayotdan olib ketgan bedavo kasallik bilan kurashayotgan edi.

Bu bayonotdan keyin ham Baxtiyor Hamroyev  faoliyatdan to’xtamadi, o’z ishini davom ettirdi. Uning o’limidan so’ng “Jarayon” internet sahifasida e’lon qilingan maktub vidolashuv to’shagidagi inson so’nggi daqiqagacha o’z ishiga sodiq qolganini ko’rsatadi.

Baxtiyor Hamroyev haqiqiy o’zbek ziyolisining timsoli edi. Har doim boshidan do’ppi tushmagan bu insonning muomala madaniyati, mulohaza doirasi va xolisligi alohida diqqatga sazovor edi.

Baxtiyor aka Toshkentga kelganida yoki safarga chiqqanida  ba’zan menikida ham to’xtab o’tardi. U suhbati maroqli inson edi,  tashqari va ichkaridagi vaziyatni  yaqindan bilgani uchun hammasini kuyunchaklik bilan qabul qilardi. Ba’zan taassuf va pushaymonga tushsa-da, o’zini tiklashga tez kuch topa olardi.

Ko’pincha, odam o’tgandan keyin uning kimligi, nimalar qilgani va nimalar qila olishi mumkinligi haqida mulohaza qilinadi.

Nazarimda, Baxtiyor Hamroyev aynan imkoniyat quvvatining yuqoriligi bilan ham ajralib turardi. U tuzumning jismoniy va ruhiy qiynog’iga tutildi, bir necha bor kaltaklandi, biroq o’zidagi shu quvvatni saqlab qola oldi.

Baxtiyor akada  yurtning  istiqboliga ichonch tuzum muqarrar yemirilishiga bo’lgan ishonch kabi barqaror edi.  Ko’pchilik uchun bugun ham u orzu qilgan  istiqbol yo’li uzoq va mashshaqatli  ko’rinadi. Uning jasoroti mana shunda edi: Tazyiqlar,  tahqirlar iskanjasida ham haq tomon intilishdan to’xtamas edi.

Baxtiyor akani  Alloh o’z rahmatiga olgan bo’lsin.

Malik Mansur, Germaniya