O’zbekiston futbol federatsiyasining “Clone Security” xakerlar guruhi tomonidan buzilgan sayti

“Oliyjanob qaroqchilar”ni yodga soluvchi “Clone Security” guruhi navbatdagi hujum nishoni sifatida O’zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiy saytini tanlagan. Bu O’zbekiston futbol olamida so’nggi kunlarda yuz berayotgan halovatsizliklar  ortidan mutlaqo tabiiy ko’rinadi.

11-iyun kuni Janubiy Koreya va O’zbekiston o’rtasidagi uzoq kutilgan “tarixiy o’yin” Mirjalol Qosimov shogirdlarining mag’lub bo’lishi bilan tugadi.

Aksariyat muxlislar dardini asosan sport saytlaridagi maqolalarga sharh yozib to’kayotgan bo’lsa, imkon topganlar norozilik bildirishning g’ayrioddiy usullariga ham qo’l urdi – O’FF sayti xakerlar hujumiga uchradi.

“Clone Security” o’zbek futboli rasmiylari saytida bir muddat bo’lsa-da, o’z dastxatini qoldirdi.

«TJ JCHga chiqolmapti… Ha Chiqolmaydiyamda!»  hamda  Mirjalol Qosimov surati ostidagi “Avtogol zo’r chiqdi -a ” degan yozuv  O’FF saytida bir muddat osiq’liq turdi.

Internetdagi muhokamalarga ko’ra, ko’pchilik buni halovatsizliklar ortidan kuzatilgan muvaffaqiyatsizlikning adolatli xulosasi sifatida qabul qilgan.

Agar mavjud vaziyatdan kelib chiqilsa, imkoniyat boy berilishini faqat omad yetishmaganiga yo’yish qiyindek.

Tashqaridan qaraganda, o’zbek futbolida bugun zarur jismoniy kuch yetilgan, faqat boshqarish qobilyati buni e’tibordan soqit qilayotgandek. Hozir bu kuchni yangi bosqichga chiqarish uchun undan maksimal ravishda foydalanish kerak, aks holda bosqich boshlanmaydi, bu sportning oddiy qoidasi.

Albatta, gapirish oson, ammo afsus, ko’pchilikda umid uyg’otgan Mirjalol Qosimov  o’yin sari izlanuvchi, yangi taktikalar yaratuvchi emas, balki mavjud imkoniyatdan qanoatlanuvchi murabbiy sifatida taassurot qoldirmoqda.

Qosimov ichki va tashqi chempionatlardan bo’sh vaqtdagina MTJga e’tibor qaratishi mumkindek ko’rinuvchi qo’nimsiz bir sharoitda jamoani qabul qildi.

Har holda MTJ o’yinini yangi usulda shakllantirish, hozirgacha eng zaif nuqtasi – taktikani takomillashtirish uchun terma a’zolari har doim murabbiy ixtiyorida bo’lishi shart emas.

Futbolchilar murabbiy ssenariysini ijro etishadi, pishiq-puxta ssenariyni esa terma amaliyoti uchun qoldirilgan bir-ikki haftada yaratish imkonsiz.

Endi butun diqqat-e’tibor Qatar bilan 18-iyun kuni bo’ladigan uchrashuvga qaratilgan. O’yin bizning foydamizga hal bo’lishiga ishonch kuchli. Zotan, bu o’yinda bizni qoniqtirishi mumkin bo’lgan yagona natija bu – g’alaba. Lekin jahon chempionatiga yo’llanmani qo’lga kiritish uchun buning o’zi kamlik qiladi. Shu kuni bo’lib o’tdigan Janubiy Koreya va Eron o’yinida forslar mag’lub bo’lishi keak. Agar during o’ynasa, o’zbeklar Qatarni kamida 5-6 to’p farqi bilan yengishi kerak bo’ladi. Xullas, O’zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin bo’lgan ehtimoliy variantlar bir nechta. Ularning eng asosiysi va haqiqatga yaqinrog’i bu Qatarni istalgan hisob bilan yutish va Eronning istalgan hisob bilan yutqazishi.

Hozirgi vaziyatda terma jamoa faoliyatini muhokama qilish qiyin, tanqid asablarga qattiq tegadi, ammo jamoaga bo’lgan ishonch, yigitlardagi ishtiyoq va shiddatning kuchi bunday mulohazalarni zaruriyatga aylantiradi.

Mirjalol Qosimov boshchiligidagi  yigitlar O’zbekiston xalqiga, millatga ulkan bir quvonch baxsh etish arafasida,  yigitlar bu sharafli vazifani uddalay olishlariga umid ham, ishonch ham katta, yuqoridagi mulohazalar ham shu ishonchga asoslanadi.

 

Malik Mansur, Germaniya