Simferopoldan Bog`chasaroy tomon ketishdagi manzara – yo`l yoqalab cho`zilgan yam-yashil uzumzorlar O`zbekistondagiga, ayniqsa, Urgutdagi uzumzorlarga juda o`xshash. Bu uyg`unlikdan zavqlanib ketarkanman, haydovchining sof o`zbek tilida O`zbekistonni qayeridan ekanligimni so`rashi hayartimni yanada oshiradi.
Sal o`tibgina hali taksiga o`tirarkanman, do`stlarim bilan o`zbekcha xayr-xo`sh qilganimni eslayman. Haydovchi Shahrisabzdan ko`chib kelgan qrimliklardan ekan, kelganiga ham 20 yildan oshibdi. Avvaliga ancha qiyin bo`ldi, keyinchalik ko`nikdik, deydi u. Yaqinda O`zbekistonga, sinfdoshlar o`tirishiga borishni rejalayotgan ekan.
O`zbekistonga rosa o`xsharkan, deb uzumzorlarga ishora qilaman. Ha, shuning uchun qrimliklarni ko`pchiligi asosan shu atroflarga joylashishdi, deya miyg`ida kuladi u.
Blmadim, tabiat manzarasidanmi yoki qrimlik haydovchining toza o`zbek talaffuzi tufaylimi, ishqilib o`zingni begona emas, O`zbekistonni qaysidir viloyatida yurgandek his qilasan, beixtiyor avlodlardan kelayotgan yaxlit Turkiston orzusi mutlaqo tabiiyligini anglaysan.
Haydovchi Bog`chasaroy ziyoratiga otlanganimni eshitib, Xonsaroydan tashqari yana ko`rish mumkin bo`lgan bir-ikki joylarni maslahat beradi. Ular orasida meni Bog`chasaroy safariga chorlagan asosiy maqsad – Ismoilbey Gaspirali qabrining ziyorati yo`q, ammo bu meni ortiqcha bezovta qilmaydi ham, zotan, Bog`chasaroy, avvalo, Qrim xonlarining so`nggi qarorgohi sanalmish Xonsaroy bilan mashhur.
Haydovchidan Gaspirinskiy maqbarasi haqida so`rab o`tirishni lozim topmayman. Uning qabri Xonsaroydan 10 daqiqalik yayov masofada, Zanjirli madrasasida joylashganini bilaman. Qrimlik yurtdosh bilan Xonsaroy yaqinida xayrlashamiz, men unga, u menga omad tilaydi.
Bog`chasaroy… Qrim xonligining so`nggi poytaxti, hozir asosan sayyohlar shahriga aylangan, markaziy xiyobon dam oliuvchilar bilan gavjum.
Markazdan ichkari tomon jin ko`chalar ketganini, hatto ayrim imoratlar paxsa devorlar bilan o`ralganini ilg`ayman, tanish, qadrdon manzaradek. Shahar bilan, markaziy ko`cha bo`yida mo`jiza kabi turgan Xonsaroy bilan tanishishni keyinga surib, Zanjirli madrasasi tomon yo`l qidiraman.
Bog`chasaroyliklar Zanjirliga eltuvchi marshrutkaga o`tirishni maslahat berishadi, yayov borishni mo`ljallagan bo`lsam-da, joyidan qo`zg`alayotgan ulovga chiqishga ulguraman.
Yo`l – yo`lakay Ismoil Gaspirali haqida nimalar bilishimni o`ylayman. Gaspirali shaxsiga ehtirom bizda, turkiy o`zbeklarda ko`proq Fitrat va Cho`lponlar orqali uy`g`ongan. Turkiston uyg`onish harakatining ilhomchisi, ulkan ma`rifiy voqelik sanalgan jadidchilik, turk tilida chop etilgan ilk gazeta asoschisi. Har holda aniq va lo`nda ta’rif – Ismoil Gaspiralining turk dunyosini mustahkam ustunlaridan biri ekanidir.
Aytgancha, har bir soni Turkistonda ham intiqlik bilan kutilgan “Tarjimon” gazetasi aynan Bog`chasaroyda nashr qilingan. Ilk soni 1883-yilning aprelida chop etilgan bu gazeta 30 ming nusxagacha chiqqan. Sal kam ikki asr avvalgi vaqt uchun bu ulkan ko`rsatkich. Bog`chasaroydan butun turkiy o`lkalar bo`ylab tarqagan “Tarjimon” tukiy dunyosiga inqilobiy yangilik sifatida kirib kelgan edi. Dunyo turklari uchun o`rta turk tilini tanlash g`oyasi ham shu gazetadan boshlangan. Ismoil Gaspirali “Tarjimon”ni barcha turkiylar anglashi mumkin bo`lgan soddalashtirilgan turk tilida chop etadi. Bu tarixiy gazetaning binosida bugun Ismoil Gaspiralining uy muzeyi joylashgan.
Qrim tatarlarining uzoq quvg`unlikdan so`ng o`z vatanlariga qaytishi, turli to`siqlarga qaramasdan tirishqoqlik bilan qayta uy-joy qilishayotgani, buning uchun o`zlarida kuch, iroda topishayotgani, bular ortida Ismoil Gaspirali qoldirgan mohiyat va ma`rifatning o`rni salmoqli ekaniga shubha yo`q.
Albatta, qrimlik do`stlardan Milliy Majlisning bugungi faoliyati, siyosati haqida eshitgan turli qarama-qarshi fikrlar ham xayolimda aylanadi. Majlis raisi Mustafo Jamil bilan uchrashish masalasini ertaroq gaplashmaganimga afsus qilaman, har holda men murojaat qilgan odamlar biroz kechikkanimni, Mustafo og`a Umra safariga yo`l olganini aytishgandi.
Shunday xayollar bilan Zanjirli madrasasiga kirib boraman. Toshdan ko`tarilgan bu madrasa uzoqdan qaraganda biroz pastakroq, tog` yonbag`riga singib ketgandek ko`rinadi. Madrasaga 1500-yilda Qrim xoni Mengli Gerayxon tomonidan asos solingan. Teparoqda esa Mengli Gerayning otasi Geraylar sulolasining bosh bo’g`ini Hoji Geray Xon maqbarasi joylashgan.
Ismoil Gaspiralining qabri ana shu mo`tabar joyda. Zanjirli madrasasi va Hoji Geray maqbarasidan 50 metrlar chamasi nariroqda mo`jazgina bir maydon tashkil qilingan. Qrimliklar bu maydonda o`zlarining aziz va atoqli farzandlarini dafn etishgan.
Gaspralining qabri shu yerdaligiga yo`lakda o`rnatilgan ko`rsatmalar ham ishora berib turadi. Sovetlar davrida Ismoil Gaspirinskiy qabri surib tashlangan, keyinchalik 90-yillarda qabr qaytadan obod qilingan, yodgorlik o`rnatilgan.
Qabrtoshga rus tilida “Qrim tatar xalqining buyuk farzandi, gumanist, ma`rifatparvar va adabiyotchi Ismoilbey Gaspirali xotirasiga o`rnatildi. 21.03.91” deb yozilgan. Men ham turk dunyosining buyuk mutafakkiri xotirasi, uning ruhiga tilovat qilish uchun tiz cho`kaman.