Tilni asrash va rivojlantirish uchun odamlar ongi, ma’naviy dunyoqarashida ham islohot bo‘lishi zarur.

Тошкент кучаларида

Ijtimoiy tarmoqlarda keng ulashilib, muhokama qilingan e’lon (fotograf noma’lum)

Bir qarashda ma’naviyatning chegarasi yo‘qdek, ilg‘ab bo‘lmasdek tuyuladi. Lekin ana shu ma’naviy muhit ihota qilinmasa, ma’naviyatga aloqasi yo‘q bitiklardan himoyalanmasa, beta’sir nag‘malar ko‘payib ketishini, muqaddas ma’naviyatimiz oyoqosti bo‘lishini vaqt yaqqol ko‘rsatdi.

Keyingi paytlarda ba’zan davlatning milliy ramzi sifatida e’tirof etilayotgan ona tilimizga o‘ta hafsalasizlik va beparvolarcha munosabatda bo‘layotganligimiz ham bor gap. Ko‘chalarni aylanarkansiz katta-katta bannerlarda donishmandlarning o‘gitlari, har xil chaqiriqlar, reklama lavhalari ko‘cha husniga yanada chiroy bag‘ishlayotgandek. Lekin ulardagi har xil imloviy va uslubiy xatolar chiroyga husnbuzar bo‘lib turibdi. Buyuk ajdodlarimizning nomlari, o‘gitlari, so‘zlarini «x» yoki «h» harfining farqiga bormasdan yozilishi, hattoki, lotin imlosidagi oddiy tutuq belgisining noto‘g‘ri qo‘llanilishi bir qarashda befarqlikka o‘xshab ko‘rinadi. Biroq buning tagida siyosiy g‘o‘rlik, bobolarga nisbatan hurmatsizlik yotibdi. Mabodo odam biror bir joyga mehmonga otlansa, sochlarini tarab, yangi, toza, chiroyli kiyimlarini kiyib boradi. Nega endi minglab odamlar o‘tadigan ko‘chalarda e’tiborsizlik oqibati savodsizlik namunasidek porlab turishi kerak?! Bu shunchaki beparvolik yoki oddiy hafsalasizlik emas… Chunki buning ortida yosh avlod tarbiyasi bor. Yosh bola bunday xatolarni ko‘rib ajablanadi, hayron bo‘ladi va asta-sekin shunga ko‘nikadi. Bu hol bolaning ko‘nglida buyuk shaxslarga nisbatan anglanishi qiyin beparvolik uyg‘otadi. Kattalarning ajdodlarimizga nisbatan munosabatini ko‘rib, soviydi. Yana bugun biz nimaga ko‘zida cho‘g‘i yo‘q, so‘nik bolalar paydo bo‘lyapti, otashin yigit-qizlarimiz kam deb, hayron bo‘lamiz. Aslida mana shular ham ularni siyosiy beparvolikka, hafsalasizlikka, hayotga nisbatan loqaydlikka olib kelayotgan omillardan biri!

UzbekistanUzbekistan streetsOna tili – millat mulki

Qachonlardir sobiq tuzumning ruslashtirish siyosati oqibatida familiyalar Djalolov, Xodjaev bo‘lib, Muhammadqulovlar Mamatqulov yoki Matqulov bo‘lib ketgan. Qoraqalpog‘istonlik bir do‘stim o‘zining pasportida qayd etilgan ismidan xafa bo‘lib aytgandi: “Olmas. Pasportimda shunday yozilgan. Aslida O‘lmas bo‘lishi lozim. Lekin olmas qoraqalpoqchada “o‘g‘il emas” ma’nosini beradi. Bu uyat emasmi?”

Nega endi biz bu familiyalarni to‘g‘rilamasligimiz va bunday buzuq familiyalarni ko‘tarib yurishimiz kerak?! Axir bu familiya butun bir avlod, ajdodlarimiz nomi-nishoni!

Yozning jazirama issig‘ida yo‘l chetida “O‘rik sharbati. Orrrzooon” degan yozuvga ko‘zim tushdi, hayron bo‘ldim. Menga hamrohlik qilayotgan do‘stim gapga chechanroq edi, hazilga burib, bu o‘rik sharbatining arzonligiga ishora, dedi. Bu haqida muhokamani tugatmasdan “O‘rik olamiz puli shtr” yozuvi chiqdi. “SHtr” bu jargonik tilda naqd, o‘sha zahoti shitirlatib sanab beramiz” degani emish.

Yangi ish boshlagan binolarni “AGAMA”, “GRANT”, “EZIDYOR” kabi boshqa tillar orqali kirib kelgan yoki bo‘lmasa arab tiliga xos “AL-MUBIN”, “AL-BARAKA”, turk tiliga taqlidan “MODALAR EVI” (“Modalar uyi” deyilmoqchi) kabi ajnabiy so‘zlar bilan atash hollari ham uchramoqda.

Bunday jumlalarni ko‘rganingda hashamatli, ko‘rkam binolar nomidan ham, chorlovlardan ham millatimizga xos nafas ufurib turishi kerak emasmi axir, deb o‘ylab qolasan. Yozuvlar, nomlarni o‘qib ko‘rib bu borada muammolar anchayin og‘riqli, tashvishli ekanini bilganimiz holda, tezroq chora-tadbirlar belgilash zarurati tug‘ilganini ta’kidlamoqchiman.

Quyidagi qo‘shiq matniga e’tibor bering-a:

Bir kun borib qoldim vodiyni Qo‘qoniga,

Adashib kirib qoldim «Charxiy»ning do‘koniga

Holvadan shirin so‘zlar, eritib yuragimni,

Do‘konchi yigit asta ushladi bilagimni.

Hay-hay asta-asta, akam unaqamasda,

Toshkonni tamannozi, ko‘nmaydi bir pasda.

Bu o‘zbek tili fonetik qonuniyatlarini buzish, ochiq-oshkora mensimaslik emasmi?!

Bunday qo‘shiqchilar, afsuski, mashina ustasi emas, tuzatib bergan mashinasini boshqarayotgan haydovchi bir joyda avtohalokatga uchrashi aniq. Yaxshiyam ular bola tarbiya qiladigan enaga emas, farzandingiz nosog‘lom muhitda o‘sgan bo‘lardi. Ustaning mashinangizga noto‘g‘ri tashxis qo‘yganini bilsangiz, ikkinchi unga ko‘rsatmaysiz, jigargo‘shangizning noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini bilsangiz, savodsiz enagaga yaqinlashtirmaysiz, nari borsa mashinangizni sotib yuborasiz yoki tarbiyachini uydan haydab chiqarasiz. Afsuski, bular “san’atkor” (o‘z ta’birlarida). Bunday sayoz qo‘shiqlar natijasida butun jamoatchilik, omma, ayniqsa, yoshlar ko‘p zarar ko‘radi. Endigina o‘sib kelayotgan yoshlarning dunyoqarashi, ma’naviy immunitetida salbiy asorat qoldirishga sabab bo‘layotgan sayoz qo‘shiqlarni va uning ijrochilarini “to‘g‘ri yo‘l”ga solish ancha qiyin kechmoqda.

Bu ishlar ahamiyatsiz, mayda narsadek tuyulishi mumkin. E’tibor bersak, tog‘lardagi mayda irmoqlar yo‘li to‘silganda katta toshqinlarga sabab bo‘lgani kabi bugun savodga bo‘lgan befarqlik ertaga ommaviy savodsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Daholar orasida oliy o‘ringa sazovor bo‘lgan bobokalonimiz hazrat Navoiyning o‘z asarlarida 26 mingta so‘zni betakror ishlatganini inobatga olsak,

oldimizdan oqqan suvni qadrini bilmaydiganlarga o‘xshamayapmizmi? Shu o‘rinda mutaffakkirning tilga ehtiyotsizlik, elga e’tiborsizlik degan ta’kidlari ham xuddi bugunning xitobiday eshitilayotganini anglab yetishimiz zarur.

So‘zlashuvda bo‘ladimi, targ‘ibot-tashviqot ko‘rgazmalaridami, baribir adabiy til me’yorlariga amal qilishimiz shart! Zero, bu qoida bugunning talabi. Milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz davomiyligini ta’minlaydigan ulug‘ vazifa.

Muxlis

12-oktabr, 2014

Atoqli o’zbek adibi Abdulla Qahhor 1936-yilda yozgan mana bu hikoyani o’qiganmisiz?

San’atkor

Konsert odatdagicha “navbatdagi nomerimizda… Kelganlaringa rahmat, o‘rtoqlar” bilan tamom bo‘ldi. Nomi chiqqan ashulachi-san’atkordan boshqa hamma xursand bo‘lib tarqaldi. San’atkor tajang edi: tanaffus vaqtida zalga chiqqan edi, bir traktorist uni savodsizlikda aybladi. Traktorist tanqid qilganiga san’atkor asli chiday olmas edi: traktor qayoqda-yu masalan, “chorzarb” qayoqda, traktorist qayoqda-yu ashulachi qayoqda!

San’atkor uyiga ketgani izvoshga o‘tirganida yana tutaqib ketdi: “Hech bo‘lmasa aytadigan ashulangni o‘rgan, so‘zlarini to‘g‘ri ayt” emish! Nimasini bilmayman, nimasi to‘g‘ri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, yozuvchilar ham tanqid qilgan emas, formalizm, naturalizmlardan o‘tdim – hech kim otvod bergani yo‘q. Otvod berish qayoqda, hech kim meni og‘ziga ham olmadi. Endi bir traktorist tanqid qilar emish!..

San’atkor izvoshchini hayron qoldirib, o‘zidan o‘zi g‘uldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qo‘ygan ekan, san’atkorning tomog‘idan hech narsa o‘tmadi – ikki piyola choy ichdi, xolos. Unga turib-turib nasha qilar edi: “Ashulani mexaylistik aytar emishman! Tovushim yomon bo‘lsa nega plastinkaga oldi? Tanqid deganiga endi bu kishining ham tanqid qilg‘ulari kelipti… Amali traktorist… Obbo!..”

– O‘qishga bordingizmi? – dedi xizmatchiga qovog‘ini solib.

– Bordim… – xizmatchi ikki haftadan beri savod maktabida o‘qir edi.

– Xizmatchisi savod maktabida o‘qiyotgan bir kishini traktorist savodsiz, desa alam qilmaydimi? – dedi san’atkor o‘zicha bo‘g‘ilib, –“labingdan bo‘lsa olsam, e, shakarlab”, deganim u kishiga yoqmabdi, “bo‘lsa” emas, “bo‘sa” emish! O‘zi bilmaydi-yu, menga o‘rgatganiga kuyaman! Senga o‘xshagan savodsizlar “bo‘sa, bo‘masa” deydi. Artist kulturniy odam – gapni adabiy qilib aytadi – “bo‘lsa, bo‘lmasa” deydi.

Pojarni “gugurtni yerga tashlamang”, dedi, rejissyorimiz esa “gugurtning yerga tashamang”, dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, pojarningmi? SHoshma, nima uchun pojarni? Pojarni, albatta! Rejissyorimiz juda kulturniy odam. Odam degan mana shunday bo‘lsa, urishsa ham xafa bo‘lmaydi kishi – ikki gapning birida “ta’bir joyiz ko‘rilsa” deb turadi. Bu traktorist menga shuncha dashnom berib bir marta “ta’bir joyiz ko‘rilsa”, demadi.

Xizmatchi daftar-qalam keltirib, san’atkorning oldigi qo‘ydi.

– “J”ning kattasi qanday yozilar edi? Domlamiz bir kuni ko‘rsatgan edi, esimda qolmapti.

San’atkorning jahli chiqdi:

– Endi “J” ga keldingizmi? Barjom deganda yoziladi. Kechagi barjom og‘zi ochiq qolipti, gazi chiqqandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturniy bo‘lsangiz-chi!.. Burningiz terladi, arting, ta’bir joyiz ko‘rilsa!

San’atkor o‘rnidan turib yotoqqa kirib ketdi.

– Yotasizmi? – dedi xizmatchi narigi uydan.

– Nima edi?

– “J” ning kattasini ko‘rsatib bermadingiz, ertaga domla so‘raydigan edilar. Qanaqa yoziladi?

– Kichigini yozib qattiqroq o‘qing!

San’atkor yechinib ko‘rpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni o‘chirib chiqdi. San’atkor ko‘zini yumdi, ko‘ziga g‘ira-shira qorong‘i zaldagi son-sanoqsiz kallalar ko‘rindi. Bular ichida eng kattasi traktoristning kallasi, u iljayar edi.

– Afting qursin! – dedi san’atkor va narigi yonboshiga ag‘darildi.

Hayal o‘tmay uyquga ketib xurrak otdi. Uning xurragi ham nechukdir adabiyroq edi: “Pluq-qum-prr… pluq-qum-prr…”

1936 yil.