“Uff.uz” sayti Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vasl” klubi tarkibida o’ynayotgan braziliyalik futbolchi Fabio de Limaga O’zbekiston fuqarosi pasporti berilgani haqida xabar bermoqda.
Agar O’zbekistonda fuqarolikdan chiqarish va fuqarolikka qabul qilish faqat Islom Karimovning shaxsiy imzosi ostida amalga oshishini inobatga olsak, demak, prezident bundan xabardor bo’lib chiqadi.
Shunday bo’lgan taqdirda ham, pasport olish mamlakatda fuqarosizlik maqomida yashayotgan yuzlab odamlar uchun mashaqqat bo’lib turgan bir paytda, qaysi mantiqqa ko’ra o’zbek klublariga mutlaqo aloqasi yo’q, O’zbekistonda tug’ilmagan, biror bog’liqligi shubha ostida bo’lgan kishiga fuqarolik pasporti berilgan?
Taxminlarning birinchisi fuqarolik pasporti sotilgan, ikkinchisi esa futbolchini O’zbekiston termasiga jalb qilish nazarda tutilgan. Lekin Fabio Limaning birorta o’zbek klubi bilan tanish emasligini inobatga olsak, bunisi ancha mavhum taxmin.
Sportda fuqarolik olish, chiqish hozir odatiy bir jarayonga aylangan, bu haqda ko’plab misollarni keltirish mumkin.
Ammo hozirgi holatda hech kim o’zbek sporti manfaatlari uchun pasport berayotgani yo’q. Aksincha, bu pasport asli o’zbekistonlik futbolchilarning Osiyo klublarida o’ynash imkoniyatini keskin cheklashga xizmat qiladi.
Osiyo klubida legioner bo’lishi mumkin bo’lgan o’zbek futbolchisining o’rni braziliyalik “vatandosh”ga tortiq qilingan. O’zbekiston pasporti niqobi ostida Osiyo klublarida o’ynashning asl mohiyati ham shunda. “Al Vasl” klubiga legionerlar uchun ajratilgan 3 ta o’rin allaqachon to’lgan, qo’shimcha to’rtinchi o’rin osiyolik legioner uchun, bu o’rinda hozir 10-raqam ostidagi “o’zbekistonlik” Fabio Lima o’ynamoqda.
Fabio de Lima 2013-yilda “Vaska da Gama” klubida to’p surgan paytida fuqaroligi Braziliya deb ko’rsatilgan. Sportchi Braziliyaning Arajagi shahrida tug’ilgan.
Jurnalistlarda ehtimol kimdir milliy terma jamoa murabbiylarini ogohlantirmasdan braziliyalik futbolchini O’zbekiston termasiga jalb qilishni o’ylab qo’ygandir, degan kinoya ham bor.
“Championat.asia” sayti Fabio de Limaga berilgan O’zbekiston fuqaroligi posportining raqamini ham ko’rsatadi: АА2104250.
Ammo bu o’yinchining iqtidori milliy termaga tortadimi yo’qmi, bu hali qorong’u. Qolaversa, bunday usulda Osiyo chempioni bo’lish, milliy g’ururni bir qadar kamsitishdek gap. Nega unda arablarning o’zi unga BAA fuqaroligini berib, o’z klubida va milliy termasida o’ynatishni istashmadi? Bundan uyalishgan ko’rinadi.
Biroq bu taxmin, xolos. Hozirgi vaziyatdagi mantiqqa ko’ra, O’zbekiston pasporti sotilgan, faqat kim va qanchaga sotgan, bunisi noma’lum. O’rtada arab klublarining vositachiligi borligini inobatga olsak, oz muncha emas.
Nima bo’lganda ham fuqarolik pasporti braziliyalik futbolchiga shunchaki sovg’a qilinmagandir yoki byudjet qashshoqlashib fuqarolikni sotadigan bo’ldikmi?
Qolaversa, pasport uchun berilgan marhamatning bir uchi fuqarolikka qabul qilishda yakuniniy qarorni beruvchi mamlakat prezidentiga ham yetib borganmi?
Albatta, Islom Karimovning bunday “mayda-chuyda”ga ehtiyoji yo’qdir, lekin prezident unga fuqarolik berish qarorini qanday mantiqqa ko’ra imzolagan?
Futboldagi raqobatni inobatga olsak, pasportning soxtaligi haqida taxmin qilish o’rinsiz, vatandoshimiz Fabio de Lima qaysi viloyatda tug’ilgani, qaysi dalada paxta tergani yoki qachon O’zbekistonda yashaganidan esa hech kimning xabari yo’q.
Bu butun umr O’zbekistonda yashab, hamon fuqarolik pasportini ololmay yurgan minglab vatandoshlarimizni, biometrik pasport olish ilinjida oylab navbatda turgan yurtdoshlarni haqoratlashdek tuyuladi.
Malik MANSUR