Bolalar mehnatidan voz kechilgan, biroq bu qarorning yuki hukumatga emas, oddiy odamlar boshiga qo'shimcha xarajat, mashaqqat bo'lib tushmoqda.

Terim frontidan kelayotgan so`nggi xabarlarga ko`ra, bolalar mehnatidan voz kechilgan paxta kampaniyasi tobora kattalar uchun surgunga aylanib bormoqda.

Futbolchilardan tortib, san`atkoru siyosatchi va amaldorlargacha dalada, ammo terim ular uchun bir kunlik yallo kayfiyat bo`lsa, oylab dalada ishlayotgan hasharchilar uchun haqiqiy azob, mashaqqat.

Uyg`un domlaning “Nazir otaning g`azabi” she’ri hali beri o`lmaydigan ko`rinadi. Ko`pchilik eslasa kerak, asar bir paytlar o`zbek adabiyoti darsligining “durdonalaridan” edi.

O`zbeklar peshonasiga bitgan bu asar umri ancha uzun ko`rinadi. Davr faqat qahramonlar ismini o`zgartirdi, o`zgartirganda ham, ayovsiz, sotsialistik realizm uslubida.

Nazarimda, Nazir ota obrazini bugun Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev keragidan ortiq, Uyg`un domla xayoliga ham kelmagan tarzda ifodalamoqda. Qolaversa, bugun paxta parvarishidan manfaatdor bo`lgan brigadir ham, fermer ham yo`q, Bosh vazir timsolidagi hukumatdan boshqa.

Nazir otadan farqli ravishda Bosh vazir lirik emas, real qahramon. U havoga emas, qo`l yetadigan narsalarga musht tushiradi, uning g`azabi ham ancha qattiq. Bu g`azab tabiat, havo, bulutlar kabi mavhumlikka emas, aniq narsalar – odamlarga, fermer, terimchi, hasharchi, talabalarga qaratilgan.

Bu g`azabga chidolmagan fermerlar o`zlarini osib zulm, xo`rlikdan qutilayotgan bo`lsa, chidayotganlarning bosh ko`tarib o`ylashiga fursat qoldirilmagan; mamlakatda paxta kampaniyasi davom etmoqda.

Men terim davrida nobud bo`lganlar, hokimiyat zug`umiga chidolmasdan o`z joniga qasd qilgan fermerlar, paxta kampaniyasi deb atalgan jazo mashinasi qurbonlari statistikasi bilan shug`ullanish niyatida emasman.

Bunday ma`lumotlar aksariyati yopiqligicha qolib ketayotgan bo`lsa, ochiqlangani, eshitayotganimiz, o`qiyotganlarimizning o`zi ham xulosa qilish uchun yetarli.

Odatda, tuzumlar haqida saboq bergan sobiq SSSR darsliklarida mehnatkashlar ustida qamchisini o`ynatib turgan boylar feodallar sifatida gavdalantirilardi. Biz hozir nafaqat feodal davr, balki kommunistik tuzumni ham bosib o`tdik, rasman demokratik tuzumda to`xtaganmiz. Mehnatkashni, insonning erki, huquqini kafolatlovchi qator qonunlarni qabul qildik, Konstitutsiyaga egamiz.

Ammo, afsuski, yuz minglab odamlarni so`zsiz, so`roqsiz dalaga haydayotgan, butun dunyoga o`zbeklarni paxta dalasidagi qullar sifatida taqdim etayotgan terim kampaniyasi qarshisida bu qonunlar ham, Konstitutsiya ham o`ta ayanchli ko`rinadi.

Biz davlat sifatida ham, xalq sifatida uzoqqa ketmagandek, hamon qamchi o`ynatilayotgan feodal tuzumda yashayotgandekmiz. Vaholanki, e`lon qlinishicha, bozor iqtisodiga o`tganmiz, shunday ekan, bozorning oddiy qonuniga amal qilaylik, paxtani mafaatdor dehqon eksin, faqat uning mahsulotini bozor narxida sotib oling, majburan belgilangan arzimas summada emas.

Xullas, bu ketishda Uyg`un domlaning “Nazir otaning g`azabi” asari yana qayta o`zbek adabiyoti darsligidan joy olishi ehtimoldan xoli emas, faqat sotsialistik realizm talablaridan kelib chiqib, she`r “Vazir otaning  g`azabi” deb atalsa, to`g`riroq bo`lardi.

Malik Mansur