Sada bayrami haqida bilasizmi?

Posted February 4th, 2017 at 5:35 pm (UTC+0)
Leave a comment
Qish fasli yakunlanib, bahor boshlanishi oldidan Sada sayli o’tkaziladi.
Sovet davrida ancha unutilgan bu an’ana mustaqillik yillarida tiklangan. 1990-yilda, masalan, azim Panjakentda tantana qilingan.
 
Sada tarixi islomdan oldingi zardushtiyluk davriga borib taqaladi – tabiat va borliqqa sig’inilgan vaqtlarga.
 
Qishning chillasi tugab, ilk iliq kunlar kelishi, kunning uzayib, tunning qisqara boshlashi, erta dehqonchilik ishlari boshlanishi… Bu davr mehnatkashlar tomonidan gulxan yoqib kutib olingan. Yerga dastlabki ishlov berish va ko’chat o’tkazish mumkinligidan darak bergan.
 
Bayramning asosiy qismi Sug’d viloyati markazi – Xo’jand shahridagi qadimiy qal’a xarobalari tevaragida, Kamol Xo’jandiy nomidagi markaziy xiyobonda o’tkazildi. Ayyomning rasmiy qismini Su’gd viloyat raisining qishloq xo’jaligi ishlari bo’yicha muovini Xojazoda Orif Ashuriy ochib berdi. Sirdaryo sohilidagi madaniyat va istirohat bog’ida o’lkaga xos kuylar yangradi.
 
Karnay-surnay, do’mbiralar sadosida ko’chat-ko’katlar va mahalliy hunarmandchilik buyumlari savdosi hamda qadimiy xalq o’yinlari boshlandi.
 
Rasmiylar eski mahallalar va yangi kvartallar aholisi uyushtirgan bu tadbirda hunarmandlarni moliyaviy quvvatlash dasturi davom etadi deya bayon qildi.
 
15 fuqaro, asosan xotin-qizlar, madaniy hissasi uchun taqdirlandi. 400 yosh sportchi va badiiy havaskorlik to’garaklarining mingdan ortiq a’zolari sahnaga chiqdi.
 
Milliy liboslar tikish, zardo’zlik, qo’lbola atlas va adras to’qish, quroqchilik va temirchilik singari hunar egalarining ishlari ko’rgazmaga qo’yildi.
Olovparak, lanka, lappar, oshiq, arg’amchinkash, yakkakurash singari qadim o’yinlar va musobaqalar o’tkazildi.
 
“Hozirgi yoshlarimiz oshiq, lanka, lappar oyinlari nima ekanligini unutib yuborishgan, ularga allaqanday ayfon va smatrfonlar bo’lsa bas. Tanani chiniqtiruvchi, odamga tob beruvchi, salomatlikka ijobiy ta’sir beradigan bu o’yinlarni biz yoshligimizda kanda etmay o’ynardik”, – deydi keksa hunarmand, 78 yoshli Fayzi ona.
 
Rivoyatlarga ko’ra, Sada bayrami gulxanlar yoqib boshlanishida o’ziga xos ma’no bor. Navro’zgacha qolgan 50 kunning iliq bo’lishini olov xudosidan so’rashgan. Zamonaviy kalendar kunlariga ko’ra, ayni shu vaqt – Sada bayrami kunlari turkiy xalqlarda “Ayiq ayrildi” deb nomlangan, ya’ni, shu pallalarda hozir tabiatda yo’qolib ketayotgan tog’ ayiqlari qor ostidagi inlarida o’rinlarida bir ag’darilgan, bahorgi uyg’inishga taraddud ko’rgan.
 
Sada – erta bahordan darak. Dehqonchilikni boshlash mumkin. Navro’z yaqinlashmoqda.
Ravshan Shams,
Xo’jand, Tojikiston
Sada bayrami suratlarda:

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif bilan tanishing:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.