Tojikiston bozori: narxlar va USAID ko’magi

Posted May 1st, 2017 at 3:28 pm (UTC+0)
Leave a comment

Tojikiston bozorlarida eng asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko’tarilib borayotgani oddiy xalq ro’zg’origa ta’sir etib, kunlik turmush shart-sharoitlari va aholi salomatligiga salbiy ta’sir o’tkazmoqda.

Mahalliy terapevt shifokorning aytishicha, Tojikistonda bir oila hozir o’rtacha 4-5 jon boshiga to’g’ri keladi, uning iste’mol savatida esa, mahalliy me’yorlarga ko’ra, haftasiga kamida 3 kilo go’sht, 10 donacha tuxum,  3 kilo guruch,  2-3 kilodan kartoshka-piyoz, ta’biga qarab 400-600  gramm yog’ va 1-1,2 kg. shakar bo’lishi zarur.

“Men eng kam miqdorni aytmoqdaman, o’sha aytganim 3 kilo go’shtni bir oila hozir bir oyga yetkazadi, qozoni haftalab go’sht ko’rmagan oilalar bor. Tvorog, baliq, qaymoqni-ku, aytmasam ham bo’laveradi”, – deydi ismini bildirishni istamagan shifokor.

Hozir Tojikiston shimolida bir kilogram kartoshka narxi 4, piyoz ham shu darajada, guruch 6, shakar 7, qo’y yog’ining  bir kilosi 45, mol yog’i 30 somon atrofida. (1 AQSh dollari – 8,85 somon).  Respublika janubi va poytaxtda narx bundan 10 foiz, tog’li nohiyalarda esa 20-30 foizgacha qimmat. Ammo tog’li hududlarda, masalan, Badaxshonning Murg’obida go’sht mahsulotlari nisbatan ancha arzon, ammo poliz  mahsulotlari ikki barobar qimmatdir.

Tabiiyki, shundoq ham qashshoqlikda yashayotgan mahalliy xalq bunday sharoitda birinchi o’rinda odatdagi yeb-ichishdan nasibasini qirqadi, oilada yemish kamayadi. Oqibat: homilador ayollar va bolalar orasida surunkali anemiya, oshqozon-ichak kasalliklari tobora keng yoyilmoqda.

Bundan 4 yil muqaddam ham Tojikiston bozorlarida kartoshka-piyoz narxining keskin ko’tarilgani qayd etilgandi va yangi hosil yetilgunicha narx pasaymagandi, hozir ham ahvol o’sha darajada. Faqat dollarning qurbi mahalliy valyutaga nisbatan ikki barobar oshgan. Bu esa, o’z navbatida iste’molchilar savdosiga ta’sir o’tkazmay qolmaydi.

Mahalliy aholi uchun iste’molning asosini tashkil etadigan qishloq xo’jalik mahsulotlariga narxning bu darajada oshishi faqat dollarga bog’liqmi degan savolga javob berar ekan, agronom Anvar Ahrorov yo’q, bunday emas deydi.

“Hamma narsani dollarning bozordagi qurbiga qarab belgilashga xalqimiz o’rganib qolgan. Kartoshka-piyoz bizdagina emas, qo’shni O’zbekistonda ham ancha qimmatlashgan, hatto bizdagidan qimmatroq va tojik dehqonlari o’z mahsulotlarini chegaradan o’tkazib, qo’shni respublika bozorlarida sotishmoqda. Toshknetning Oloy, Chorsu, Farhod va Qo’yliq bozorlaridagi eng qimmat sifatli kartoshkani olib sotarlar qo’lma-qo’l qilib, tojik dehqonlarinikini  olishgan.  O’zimizda  aholining kartoshkaga ejtiyoji yiliga o’rtacha 700-750 ming tonnani tashkil etadi, piyoz ham shu miqdorda. Respublikamizda kartoshka, piyoz va sholidan aholi ehtiyojiga qaraganda ikki barobar ortiq hosil yetishtirish mumkin. To’g yonbag’irlarining o’zida bir miilon tonnadan ortiq kartoshka  yetishtirish mimkin, gap ishni tashkil etish va hosilni saqlash hamda dehqonlarga sharoitni yaratishda. Bir eshitgandimki, Slovakiyaning qandaydir kompaniyasi Tojikistonda poliz mahsulotlarini uzoq muddat saqlaydigan yangi omborlar qurib berarkan deb, ammo amalda hech narsa ko’rmadim. Yana, yer asl dehqonning qo’lida emas, buning ustiga soliqlar tinkani quritadi. Natijada dehqon ham, uning bolasi ham mehnat muhojirotida qolmoqda”, – deydi mutaxassis.

Uning fikricha, Tojikistonda hali ilg’or fermer xo’jaliklari yetishib chiqmagan.

Hozir Tojikiston bozorlari asta-sekin yangi poliz mahsulotlari bilan to’lib bormoqda. Ertangi karam, katta-kichikligiga qarab, 3-5 somon, 5-6  donadan boylangan rediskaning 4 bog’ichi 1 somon, kuni kecha kilosi 20 somon bo’lgan ertangi qulupnay esa 25 somonga chiqqan. Sababi havo keskin sovub, mahsulot yetilishiga ta’sir qilgan.

AQShning USAID dasturiga ko’ra, Tojikistonda kam ta’minlangan, ammo dehqonchilikda xabardor xo’jaliklarga bir necha yildan beri amaliy yordam ko’rsatib kelinmoqda.  Masalan, USAIDning Tojikiston qishloq xo’jaligini rivojlantirish bo’yicha qabul qilingan birgina to’rt yillik loyihasiga 28 million 998 ming dollar sarflangan edi.

Xo’jaliklarning ayrimlari bunday ko’mak tifayli nafaqat bozorni to’dirmoqda, balki foyda ham ko’rishmoqda. Xatlon viloyatining Vaxsh nohiyasidagi “Kirov” xo’jaligidagi 55 yoshli tadbirkor ayollardan biri –  Sharofat Murodova USAID ko’magida AQShning Kaliforniya shtatidan keltirilgan “Festival” navli xos qulupnay ko’chatlari ekilgan 20 sotix yeridan bu yil mo’l ertangi hosil oldi. Uning hosiliga AQShning Tojikistondagi muxtor elchisi  Elizabet Millard ham xaridorlik qilmoqda.

Amerika qulupnayini yetishtirayotgan vaxshlik tojik dehqon ayoli Nizora Rahimovaning oilasi 15 jondan iborat. O’n yildan ortiq qulupnay yetishtirib kelayotgan Nizora qulupnayning  Amerika navi ularga qo’l kelayotganini aytadi.

“Ilgari ekib kelganimiz mahalliy va rus qulupnaylariga qaraganda Kaliforniya qulupnaylari bir hafta-o’n kun ilgariroq pishib yetilmoqda, ham hosili uzoq vaqt saqlanadi. Bu yerda qulupnayning kilosi 35 somongacha sotiladi, daromadidan xursandmiz, shu ketishda bo’lsa, bu qulupnayimiz boshqa barcha navlarni bozordan siqib chiqarishi mumkin”, – deydi Nizora Ozodi radiosi muxbiriga bergan intervyusida.

USAID loyihasi tufayli rivojlanayotgan yakka dehqon xo’jaliklar yeriga yaqinda Xatlon viloyat raisi va boshqa mahalliy rahbarlar bilan birga elchi xonim Elizabet Millard  mehmon bo’lib, tadbirkor ayollarning mirishkorligiga yuqori baho berdi. AQSh elchisi tojik dehqon ayollarini hukumat bundan keyin ham qo’llab-quvvatlashini ayitb, Tojikiston bozorlarini farovon etishda o’z yurtining hissasi borligidan xursandligini bildirdi.

Ravshan SHAMS

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif bilan tanishing:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.