Boks, xoh havaskor yoki professional yo‘nalishda bo‘lsin, O‘zbekistonni dunyoga tanitayotgan asosiy sport turiga aylandi. Rio olimpiadasidagi tarixiy g‘alabalar, Gamburgda  o‘tgan jahon chempionatida erishilgan muvaffaqiyatlar buni aniq isbotladi.

Boksning haqiqatdan O‘zbekistonni munosib tamsil etuvchi sport turiga aylanib borayotganiga esa faqat yirik musobaqalarda emas, kichikroq maqomdagi uchrashuvlarda ham amin bo‘lish mumkin.

O‘zbek bokschilarida, deylik, futbolchilardan farqli ravishda, mas’uliyat, so‘nggi imkoniyatgacha kurashish matonati, qolaversa, vatanparvarlik tuyg‘usi ancha balandligi kuzatiladi.

Bunga yaqinda reyting ko‘rsatkichlari uchun Kiyevda o‘tkazilgan boks kechasidagi uchrashuv – o‘zbekistonlik Jamshidbek Najmiddinov va sobiq jahon chempioni Viktor Postol jangi yaxshi misol bo‘la oladi.

Jang natijasi boks muxlislariga ma’lum bo‘lsa kerak, hakamlarning noxolisligi haqida to‘xtalmoqchi emasman. Har holda, bu bahsli jangdagi g‘alaba Viktor Postolni WBC yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning uchinchi eng kuchli bokschisiga aylantirdi, Jamshidbek esa boks mutaxassislari uchun yangi kashfiyot sifatida namoyon bo‘ldi.

Albatta, uning g‘alabasi e’tirof etilganda hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi, ammo Jamshidbekning jangdan keyin aytgan fikrlari g‘alabadan ko‘ra qadrliroq ko‘rindi:

«Men, natijadan qat’i nazar, ukrainaliklarga o‘zbek boksichilarini munosib ko‘rsatib qo‘yganimdan xursandman», – dedi u.

Quyida diqqatingizga Viktor Postol va Jamshidbek Najmiddinov jangidan tayyorlangan videosharhni havola qilamiz. Xulosa sizdan…