O’sh – Samarqand – Buxoro – Toshkent. O’sh shahridagi Tasviriy san’at muzeyida davom etayotgan ko’rgazma shunday nomlangan. Taqdimot “Qirg’iziston – O’zbekiston – 2017” nomi ostida o’tkazilmoqda.
Qirg’iziston va O’zbekistonlik to’rt musavvirning asarlari zikr qilingan ko’hna shaharlarning obidalari, tabiati va bugungi kunlari haqida hikoya qiladi.
Shohi Zinda. Labi Hovuz. Bibi Xonim maqbarasi. Sulaymon tog’i. Oqbura daryosi…
Shavkatbek Mamatkarimov, Kubanichbek Mamaraimov, Sharobiddin Matisoqov hamda Arstanbek Mirzayev talabalik yillari do’stlashgan – o’z paytida ular bir o’quv yurtida tahsil olishgan.
“Avvallari ikki mamlakatning mo’yqalam ustalari birgalikda ijodiy safarlarga chiqar edilar. Tajriba, rejalar bilan o’rtoqlashardik. O’sha an’anani qayta tiklashga hissa qo’shish niyatidamiz”, deydi Jahon halqlarining rassomlari Assosiasiyasining O’zbekistonlik a’zosi Shavkatbek Mamatkarimov.
Muzeyning ilmiy xodimi Zamira Arapbayevaning aytishicha, betakror obidalarning mohirona tasvirlari, rang-barang tabiat ko’rinishlari, qalbga yaqin chizgilar yuzlab san’at muxlislarini jalb qilmoqda.
Xabarlarga ko’ra, ko’rgazmaning navbatdagi manzillari – Samarqand, Buxoro va Toshkent.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif