Musulmon olamida ma’lum va mashhur ziyoratgoh bo’lmish Sulaymon tog’i (Borako’h) keyingi yillarda avvalgi shuhratini tiklay boshladi. O’tgan yil qirg’iz-o’zbek chegarasi ochilishi ortidan sayohatchilar soni yanada ko’paygani qayd qilinmoqda.

Gap shundaki, azaldan Farg’ona vodiysi aholisi O’shdagi Sulaymon tog’ini qadamjo sanab, bu maskanga tez-tez tashrif buyurib turgan.

Hozirga Sulaymon tog’i va uning ustiyu-atrofida joylashgan obidalar hamda turli madaniy majmualar davlat tarixiy-arxeologik muzey-qo’riqxonasi tarkibiga kiradi. Ushbu dargoh YUNESKO madaniy meroslar ro’yxatidan o’rin olgan.

Tog’ atrofidagi xiyobonlar, qadim (XVI-XVII asrlarga oid) hamda yangi katta masjidlar, turli muzeylar, cho’qqilardan birida qad ko’tarib turgan (o’tgan asrning 90-yillarida qayta tiklangan) Bobur hujrasi mehmonlarni chorlaydi.

Sulaymon tog’ida mavjud otmishga yaqin tarixiy-madaniy obida davlat tomonidan qo’riqlanadi.

O’tgan asrning 70-yillarida tog’ yonbag’irlari ko’kalamzorlashtirilgan. Mahalliy jamoatchilik Borako’hning tabiiy holatini saqlab qolishga urinmoqda. O’sh shahri meriyasi davlat idoralari bilan hamkorlikda tog’ atrofida joylashgan hunarmandlar mahallalarini qayta tiklashga kirishdi.