O‘sh va Andijon shaharlari o‘rtasidagi “Dostuk – Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punktidan bir kunda 15 mingdan ortiq kishi u yoki bu davlatga o‘tmoqda. Chegaradan o‘tishni istaganlarning navbat kutish vaqtini qisqartirish maqsadida 11-iyundan “Dostuk” chegara punktiga qoshimcha pasport tekshirish uchun kabinalar ochilib, ularning soni 15 dan 21 taga yetdi. Biroq shunga qaramay, chegaradan o’tishni istaganlarning turna qator navbatlari ozaymayapti.

Qirg‘izistondan O‘zbekistonga o‘tishni istaganlar kamida ikki soat navbatda turishga majbur bo‘ayotganliklarini aytmoqda.

O‘zini Sardor deb tanishtirgan o‘zbekistonlikning aytishicha, u bir necha soatdan beri yuklarini olib o‘tish uchun chegara hududida navbat kutmoqda.

“Erta tongda kelganman. Ikki muzlatgich va bir kir yuvish mashinasini oldim. Mana hozir vaqt tushdan o‘tdi. Navbat kutib turibmiz. Issiq, og‘zimiz quridi, qornimiz ochdi. Bizga pechat yetishmayapti deb aytishyapti, tekshirib pechat bosishga ulgurmayapti ekan. Tekshiruvchilarni ko‘paytirish kerak” – deydi u.

Qirg‘iziston Respublikasining davlat chegara xizmati rasmiylari bergan ma’lumotga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punkti kunu tun ishlaydi va bir sutkada 15 mingdan 18 mingga qadar odamga xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu raqam “Dostuk” NO‘Pning imkoniyatidan ikki barobarga ko‘p deydi Davlat chegara nazorat boshqarmasining rahbari, polkovnik Nurlanbek Jalbiev.

“Shunga qaramay, biz davlat chegara xizmati o‘tayotganlarga qulay sharoit yaratib berish uchun ishlashda davom etyapmiz. Yuki bor va yuksiz o‘tayotganlar uchun ikki yo‘lak ochib berganmiz. Birinchi navbatda yuki yo‘qlarni keyin agar bo‘shab qolsagina yuk bilan o‘tmoqchi bo‘lganlarni o‘tkazamiz.” – deydi u.

Chegaradan o‘tayotganlarning 60 foizdan ko‘pi Qirg‘izistondan O‘zbekistonga turli maishiy texnikalarni olib o‘tayotganlardir. Ularning asosiy qismini chegaradan aravalar bilan yoki shunchaki qo‘lida ko‘targan holda yuk olib o‘tish orqali pul ishlovchi “yukchilar” tashkil qiladi.

“Bir kunda imkon bo‘lsa yuk olib o‘tayotganlar uch-to‘rt marotaba chegaradan o‘tishyapti. Bir oz noqulaylikni shular yaratyapti. Lekin, ularni ham tushunaman. O‘zbekiston tomon cheklov qo‘ygunga qadar o‘z ishini qilib olmoqchi bo‘lishmoqda”, – deydi polkovnik Nurlanbek Jalbiyev.

Chegara nazorat bo‘limi rahbari cheklovga qadar ko‘proq yuk olib o‘tishni istashmoqda der ekan, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 22-iyun kuni qabul qilgan “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni nazarda tutmoqda.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining saytida yozilishicha, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining o‘tish punktlari orqali bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tish mumkin bo‘lgan mahsulotlar va ularning miqdoriy normalari tasdiqlangan.

Ro‘yxatdan asosan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalari joy olgan bo‘lib, endilikda ularni 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib o‘tilishi mumkin.

Mazkur qaror “Dostuk”-“Do‘stlik” chegarasidagi turnaqator navbat kutishlarni ozaytiradimi yoki aksincha bo‘ladimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Matn va rasmlar muallifi Davron Hotam