O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham siyosiy muxolafatga imkoniyat bermoqchi emas, nazarimda. O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan muxolif guruhlardan biri tomonidan chaqirilgan dastlabki qurultoy ta’qibga uchragan.  AQSh fuqaroligini olgan Bahodir Xon Turkiston (Bahodir Choriyev) yetakchiligidagi “Birdamlik” harakatining Chimkentdagi qurultoyini qoldirish uchun Qozog’iston maxsus xizmatlari ishga solingani xabar qilinmoqda. O’zbekistondan qurultoyga otlangan delegatlar chegarada to’xtatib qolingan. Harakat yetakchisining o’zi O’zbekistonga ham, Qozog’istonga ham kiritilmagan.

“Birdamlik” faollari chaqirgan qurultoy O’zbekistonda hokimiyat almashib, islohotlar davri boshlanishi ortidan siyosiy muxolifat tomonidan rejalangan dastlabki qurultoy ekani bilan diqqatli.

AQSh fuqarosi bo’lgan harakat yetakchisining O’zbekistonga kirishi uchun viza berilmagani bois qo’shni Chimkent shahrida rejalangan bu qurultoyni o’tkazish Toshkent bosimi ostida amalga oshmagan.

Tadbirda qatnashish uchun O’zbekistondan Chimkentga yo’l olgan 60 ga yaqin delegatlarning aksariyati chegaradan o’tkazilmagan; chegaradan o’tganlar ham Chimkentdagi mehmonxonada qozoq politsiyasi tomonidan so’roqqa tutilib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Qirg’izistonda bo’lib turgan harakat yetakchisi Bahodir Xon Turkiston Qozog’istonga kiritilmagan, qozoq chegarasida uning pasportiga deport  tamg’asi bosilgan.

“Birdamlik” harakati tomonidan chaqirilgan qurultoy delegatlaridan biri jurnalist Solijon Abdurahmonov Qozog’iston chegarasidan ortga qaytarilgan, jurnalistga buning sababini uning ustidan shikoyat mavjudligi bilan izohlashgan. Qurultoyda qatnashishni rejalagan faollarning aksariyati ham shu kabi to’siqlarga uchragan.

Siyosiy muxolafatga nisbatan qo’llangan bu to’siqqa Qozog’iston huquq-tartibot idoralari ham qo’shilgani O’zbekiston maxsus xizmatlari muxolif harakatlarni to’xtatish uchun Karimov davridagi qudratini saqlab qolganini ko’rsatadi.

Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kelishi, u tomonidan va’da qilingan islohotlar aksariyat o’zbekistonliklar tomonidan katta umidlar bilan kutib olingan edi.

Ammo Mirziyoyevning prezidentligiga rasman ikki yil to’lar ekan, bu kabi umidlar tobora so’nib borayotganini ham kuzatish mumkin, ayniqsa, yangi hokimiyatdan siyosiy islohotlar, mamlakatda faoliyat boshlash uchun ruxsat kutayotgan muxolifatda.

Prezident Mirziyoyev mamlakatda erkin, demokratik tamoyillarga mos jamiyat qurilishi haqida bir necha bor bayonot qilgan, ammo hozirgacha siyosiy islohotlar o’tkazilishi, turg’unlik davrida mamlakatdan quvg’in qilingan muxolifatchilarni ortga qaytarish, siyosiy muxolifat faoliyatga ruxsat berilishi haqida biror bayonot berilgani yo’q.

Malik Mansur