Tabiiyki, o’zaro zid tushunchalar. Ammo bu biz kuzatayotgan bugungi haqiqat.

Har qanday insonning xotirasi kim uchundir ehtiromga loyiq, faqat bu xotira butun bir xalq, mamlakat uchun milliy xaloskor, asoschi, qahramon maqomida taqdim etilar ekan, o’tganlar andishasini qo’yib, haqiqatga qarash lozim bo’ladi.

Karimov xotirasiga ta’zim qiluvchilar ko’p, prezident Mirziyoyev ham shu jumladan, bunday ehtiromlar shaxsiy doirada qolganda e’tirozsiz edi, ammo u davlat mafkurasiga aylantirilsa, mamlakatda chorak asrdan buyon kutilayotgan islohotlar taqdiriga shubha uyg’ota boshlasa, bu o’ta xavotirli ishoradir.

Mustaqil O’zbekiston tarixiga Karimov shaxsiga xolis yondashmasdan baho berish mumkin emas. Sababi oddiy, Karimov 27 yillik muqobilsiz rahbar, xalqqa boshqa bir yetakchiga ega bo’lish tanlovi berilmadi.

Mirziyoyevdan kutilayotgan qarorlardan biri Karimov davrini xolis baholashga jazm, abadiylashtirilgan xotiraning ochiq muhokamasini o’tkazishdir.

Zotan, prezident ochiq jamiyat qurishni maqsad qilmoqda, jamiyat o’z o’tmishini xolis baholashdan mahrum ekan, haqiqiy ma’nodagi yangilanish, o’zgarish kelmaydi; ochiqlik, islohotlar Karimov xotirasi qoshida to’xtaydi, aniqrog’i, to’xtatiladi. Bunga hozigi depsinishlar misolida ham guvoh bo’lib turibmiz.

Bugun Karimov xotirasini olqishlayotgan jamoatchilik ertaga so’z erkinligi bo’g’ilishi, muxolif jurnalistlarning quvg’in qilinishi, qamoqqa tashlanishini ham so’zsiz qo’llab-quvvatlashi ortiqcha izoh talab etmaydi.

Aynan shuning uchun ham bugun Karimov dahosi atrofidagi mif tarqashi, birinchi prezidentning mustaqil O’zbekiston tarixidagi o’rni xolis, adolatli baholanishi kerak. Tabiiyki, bu Karimov xotirasi darhol peshtaxtadan olinishini anglatmaydi, ammo hech bo’lmaganda, xolis o’lchamlarga, jamiyatga singdirilayotgan yana bir tabu parchalanishiga xizmat qiladi.

Qolaversa, Mirziyoyev Karimov vorisi sifatida hokimiyatga kelgan bo’sa-da, undan kutilayotgan asosiy umid Karimovning siyosiy merosidan voz kechish, mamlakatni taraqqiyotga boshlashdir. Buni Mirziyoyevning o’zi ham yaxshi biladi.

Shu ma’noda marhum xotirasiga munosabat Mirziyoyev islohotlari ko’lamini belgilab beradi, Karimov xotirasiga ehtirom shaxsiy tuyg’ular chegarasidan chiqib, mafkura kabi jamoatchilikka singdirilmoqdami, demak yangi Prezidentdan ham islohotlar kutish samarasiz.

Malik Mansur