O’zbekiston savodxonlik darajasiga ko’ra dunyoda eng yuqori o’rinlarda turadi. UNESKO tashkilotining hisobotida yozilishicha, O’zbekistonda 15 yoshdan katta bo’lgan aholining 99 foizi savodlidir. 2016-yilda 15 yoshdan katta bo’lgan aholi o’rtasida faqat 3056 tagina savodsiz kishi aniqlangan. Bu esa dunyodagi ba’zi davlatlarga nisbatan ancha yaxshi ko’rsatkich.
Masalan, Afg’onistonda 15 yoshdan yuqori bo’lgan aholining savodxonlik darajasi 28,1 foizni tashkil etsa, Pokistonda 54,9, Janubiy Sudanda 27, Burkina Fasoda 28,7, Malida 33,4, Somalida 37,8, Gvineada esa 41% ni tashkil etadi.
Lekin faqatgina o’qish va yozish yoki sodda matematik hisob-kitoblarni qila olish salohiyati bilan mamlakat rivojlanib ketmaydi. Yurt tarqqiyotida o’rta ma’lumotning o’zi kifoya emas! Hozirgi axborot texnologiyalari asrida insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini aniqlovchi muhim omildir. Shuning uchun ko‘pchilik mamlakatlarda ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish eng asosiy masalalardan biriga aylangan.
O’zbekiston Davlat Statistikasi qo’mitasi ma’lum qilishicha, O’zbekiston Respublikasida oliy harbiy bilim yurtlaridan tashqari 72 ta oliy ta’lim muassasasi va 19 ta filiallar mavjud bo’lib, ularning tarkibida 4 ta akademiya, 7 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiali, 27 ta universitet va 4 ta oliy diniy ta’lim muassasasi hamda filiallari faoliyat yuritmoqda. Bu ta’lim muassasalarida 2017-2018-o‘quv yilida jami 297689 talaba (bakalavr va magistratura bosqichlarida) ta’lim olishgan.
Lekin bu talabalik baxtiga erishgan talabalar O’zbekistondagi jami talabalik yoshidagi aholining necha foizini tashkil etadi?
UNESKO tashkilotining hisobotiga ko’ra, O‘zbekistonda talabalik yoshidagi aholining (18-22 yosh) soni 3 075 782 nafar bo’lib, ularning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi darajasi 2017-yilda 9,15 foizni tashkil etgan. Bu Markaziy Osiyoda va jahon miqyosida ancha past ko‘rsatkichdir. Masalan, Qozog’istonda bu ko’rsatkich 2018-yilda 53,25 foizni tashkil etgan bo’lsa, AQShda 2016-yilda 88,86, Janubiy Koreada esa 93,78 foizni tashkil etgan.
Boz ustiga, O‘zbekiston aholisining daromadlari keyingi yillarda oshgani holda, kontrakt to‘lovi miqdori ham tezroq oshdi. Natijada mamlakat oliy o‘quv yurtlariga jamiyatning o’ziga to’q yoki boy qatlamlari oilalari farzandlari kirishi ulushi oshmoqda.
2017-2018-o’quv yili boshida bakalavriat bosqichiga jami 80 822 nafar talaba qabul qilingan bo’lsa, shundan 18 439 nafari davlat grantlari asosida (22%), 623 83 tasi (77,1%) esa shartnoma asosida kirgan. Magistraturaga esa jami 4857 nafar qabul qilingan talabalardan 34,8 foizi (1690 nafari) davlat granti asosida, 65,2 foizi (3167 nafar) to’lov shartnoma asosida o’qishga kirgan.
AQShda esa, “Sallie Mae” tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, 2018-yilda har beshtadan uchta talaba yoki boshqacha aytganda, jami talabalarning 57 foizi turli grantlar hisobiga tahsil olgan.
O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti uchun iqtisodiyotning innovatsiyalarga asoslangan rivojlanishini ta’minlash vazifasi turibdi. Bunga esa faqat va faqat ta’lim va ilm-fanni yuksaltirish orqali erishiladi. Shunday ekan, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini, grantlar ajratish imkoniyatini oshirish ko’proq kishilarga oliy ma’lumot olish imkonini beradi. Ochiqroq aytganda, aholi orasida ziyoli qatlamni ko’paytirish, ta’lim tizimi boshqaruvini to’g’ri yo’lga qo’yish, oliygohlarda ta’lim sifatini oshirish bugungi muhim masalalardan biridir.
Oydin Sadullaeva