Uzoq yillik sokinlikdan soʻng Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati va ayniqsa xalqaro matbuot va jurnalistlar uchun qaytadan qiziq va dolzarb mavzularga toʻlib toshgan maydonga aylandi. Sobiq prezident Islom Karimovning 27 yillik boshqaruvi paytida deyarli harakatsiz qolib kelgan bir qator sohalarda yana jonlanish sezila boshladi. Hatto mahalliy matbuotda ham kichik boʻlsada oʻzgarishlar koʻzga tashlana boshladi. Ayni mana shu kabi oʻzgarishlar bir paytlar mamlakatda hukm surgan toqatsiz vaziyat tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini Oʻzbekistonga qaytishga undadi. Ortda qolgan haftada Oʻzbekistonda yana bir shov-shuvli voqea sodir boʻldi. Mamlakat prezidenti maʼmuriyati qoshidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda inson huquqlari bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning internet nashrlariga oʻrnatilgan toʻsiq olib tashlanganini maʼlum qildi.

Toshkentlik mustaqil jurnalist, ayni paytda “Fargʻona.ru” nashrining mamlakatdagi hamkori Aleksey Volosevichga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy matbuotga erkinlik hadya qilganidan soʻnggi ikki-ikki yarim yil ichida jurnalistikaning darajasi ancha koʻtarilgan. Unga koʻra, bu juda ham yaxshi koʻrsatgich, zero Oʻzbekistonda deyarli hech qachon bu darajadagi erkinlik boʻlgan emas. Ammo zinhor qoʻlga kiritilgan koʻrsatkichlarni yetarli darajada deb boʻlmaydi. Zero asosiy davlat mulozimlari va ularning oila aʼzolariga nisbatan hali ham tanqidiy chiqishlar yoʻq. Ular har qanday tanqiddan chetda qolyapti. Soʻz erkinligi masalasida hech boʻlmaganda qoniqarli darajaga erishish uchun ham bugun jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari uchun berilgan imkoniyat va erkinlik yana 10 baravarga oshmogʻi lozim, deb hisoblaydi jurnalist.

“Ayrim internet nashrlaridan toʻsiqlarning olib tashlanishi (ishqilib, koʻz tegmasin) hammasi aynan oʻsha men aytgan yoʻnalish boʻyicha ketayotganini koʻrsatyapti. Ammo bir qator internet nashrlariga nisbatan toʻsiqlar hali ham olib tashlanmaganini eʼtibordan soqit qilmaslik kerak. Masalan “Ozodlik” radiosi internet sahifasi, Eltuz nashri, “Nastoyasheye vremya”, Markaziy Osiyo boʻyicha monitoring missiyasi sahifasi shular jumlasidan. Balki aytib oʻtganim nashrlar orasidagi dastlabki ikki nashr sahifalari oʻzbek tilidagi axborot manbai boʻlgani uchun ham toʻsiq ostida qolayotgan boʻlishi mumkin. Yaʼni hukumat rus tilidagi nashrlarni oʻqiy olmaydigan omma oʻzbek tilidagi ana shu tanqidga toʻla nashrlarni oʻqib borishini mutlaqo istamaydi. Menimcha, hukumatni bu internet sahifalarga nisbatan toʻsiqlarni ham olib tashlashga chaqirish lozim”, – deydi Volosevich.

Kanadada istiqomat qiluvchi jurnalist Ulugʻbek Haydarov Aleksey Volosevichdan farqli ravishda internet nashrlariga nisbatan oʻtmishda oʻrnatilgan toʻsiqlarning olib tashlanishining mamlakatda kuzatilayotgan islohotlar natijasi ekanligiga qoʻshilmasligini aytadi. Unga koʻra, bugun goʻyoki olijanoblik namunasini koʻrsatayotgan Oʻzbekiston hukumati ertaga hech bir tushuntirishsiz toʻsiqlarni qayta tiklashi mumkin. Jurnalist taxminicha, Oʻzbekistonda yuz berayotgan u yoki bu kutilmagan oʻzgarishlar xuddi avvallari kuzatilgani kabi, mamlakat rahbarining Yevropa davlatlari va yoki Gʻarbga qilajak safari oldidan namoyishkorona amalga oshirilayotgan koʻzboʻyamachilikdan oʻzga narsa emas.

“Islom Karimov jurnalistlar, huquqbonlar hamda internet erkinligidan garov sifatida foydalanib keldi. Diktator uchun, har qanday erkin fikr manbasi “oldi-berdi” vositasiday. Mirziyoyev ham afsuski shu yoʻlni tanlaganday boʻlyapti.  Ozodlik, Eltuz kabi sahifalar juda kuchli tanqidiy maqolalar beradi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, “hijobini” olishga ruxsat berilgan saytlarning koʻpchiligi rus tilida. Oʻzbek tilida chiqayotgan, hukumatni tanqid qiluvchi maqola berayotgan saytlar yoʻq hisobi. Oʻzbekiston aholisining kattagina qismi rus tilida “tvoya-moya” darajasidaligini eʼtiborga olsak, saytlar tanlab ochilishi sababini tushunganday boʻlamiz”, – deydi U.Haydarov.

Jurnalistning aytishicha, Oʻzbekiston hukumatining erkinlik borasida hali ham qatʼiy qarashda qolayotganini isboti oʻlaroq, oʻtgan hafta internet nashrlari uchun oʻrnatilgan toʻsiqlarning olib tashlanishi haqda eʼlon tarqatgan Komiljon Allamjonovning atigi bir necha kun muqaddam mahalliy OAV rahbarlarini ayrim turdagi mavzularni yoritishdan tiyilishga chaqirib, jiddiy ogohlantirganini misol tarzida aytib oʻtish joiz. Ba’zi axborot manbalari tarqatgan xabarga koʻra, Prezident maʼmuriyati qoshidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov mahalliy OAV muharrirlari bilan uchrashuv davomida bir necha kun muqaddam Davlat xavfsilgi xizmati tomonidan hibsga olingan Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirish jamoat jamgʻarmasi direktori Said-Abdulaziz Yusupov ishi yuzasidan har qanday chiqish qilishdan tiyilishni tavsiya bergan.

Manbaga koʻra, uchrashuv davomida Komiljon Allamjonov muharrirlarga qarata: “Bundan keyin qaysidir nashr Said-Abdulaziz Yusupov ishini yoritadigan boʻlsa, oʻsha nashrning bosh muharriri bu qilmishi uchun oʻz kursisi va kallasi bilan javob beradi. DXX birovni qamasa, bejizga qamamaydi. Qamaganmi, demak shunga yarasha aybi bor. Sud unga nisbatan jinoiy jazo eʼlon qilmaguncha, jim yuringlar!”, degan.

Jurnalist Ulugʻbek Haydarovning taʼkidlashicha, mana shu kabi uchrashuvning uyushtirilishi va undan jurnalistlarga nimani yozish, nimani esa yozmaslik haqida koʻrsatma berish, boz ustiga koʻrsatmani tahdid bilan yakunlash, soʻz va matbuot erkinligi borasidagi vaziyatning naqadar ayanchli ahvolda qolayotganini isbotlaydi.

“Shubhasiz, bu mamlakatda soʻz erkinligi bilan bogʻliq vaziyatning anchayin nochorligini koʻrsatadi. Komil Allamjonovning bu qilmishi Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi ham jurnalistlarni bir tizginda ushlab turish va OAV faoliyatini jiddiy nazorat ostida ushlab turish usuliga suyanayotganini anglatadi. Yana bir mulohaza, bugun koʻpchilik ongiga singdirilayotgan “Prezidentning xabari yoʻq, bu unga nisbatan sabotaj” degan iddaolar, Komil Allamjonovning kechagi bayonoti bilan chil-parchin boʻldi. Chunki agar Shavkat Mirziyoyev uning ortida turmaganida edi, Allamjonov bunday gaplarni aytolmagan boʻlardi”, – deydi Ulugʻbek Haydarov.

Toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich Allamjonovning poʻpisali chiqishi borasida bilmaganini aytar ekan, aslida jurnalistlar yoki biror OAVi nimani, qanday yozish masalasini mulozimlar aralashuvisiz hal qilishi lozim, deydi. Uning fikricha, OAVlar birinchi galda mavzu ular uchun qanday ahamiyatga egaligi, qiziq yoki yoʻqligi va nihoyat oʻz oʻquvchisi, tinglovchisi yoki tamoshabini naqadar bu mavzuning yoritilishi tarafdori ekanligidan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak, aks holda erkinlik yoʻqoladi. Bu kabi poʻpisali chiqishlar aslida, A.Volosevichga koʻra, mulozimlar tarafidan hali-hanuz yangrab turuvchi odatiy chaqiriqlar xolos.

“Nazarimda oʻrinli daʼvat bilan chiqyapman deb oʻylaganu, ammo aslida naqadar ahmoqona talab bilan chiqqanini fahmlamagan ham”, – deydi u.

“Bilasizmi, aslida Oʻzbekiston hukumati mulozimlari bir ishga qoʻl urar payt uning mohiyatiga u qadar eʼtibor qaratmaydi. Biror masalani chuqur oʻrganib, tag tomiri bilan hal qilish oʻrniga, bor yoʻgʻi uning tashqi koʻrinishini oʻzgartirib qoʻyishadi xolos. Yaʼni bir xil mahsulotni yangilash oʻrniga nisbatan jimjimadorroq boshqa idishga qadoqlab qoʻya qolishadi. Mirziyoyev siyosatining asosiy hadyasi bu maʼlum maʼnodagi erkinlikka ruxsat berilishi. Yana uch toʻrt boshqa sohalarni (yaʼni Tojikiston bilan aloqalarning yaxshilanishi, DXXning ayrim vakolatlarining qisqartirilishi va bir qator korrupsiyaga mukkkasidan ketgan amaldorlarning ishdan olinishi) hisobga olmaganda, boshqa aytarli oʻzgarishlarni koʻrmaysiz. Men umid qilamanki, bu oʻzgarishlar hozircha koʻzga tashlanmayapti, ular boʻladi”, – deydi A.Volosevich.

Ayni suhbat ustida ish olib borilayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Ozodlik” radiosining ayrim muxbirlari faoliyatiga oid eʼtirozli lavhalar paydo boʻldi. Ularda aytilishicha, radioning baʼzi muxbirlari oʻzlarini boshqa nomlar va kasb egalari oʻlaroq tanishtirib, maʼlumot olishga uringan.

Videolavha mualliflari “Ozodlik” jurnalistlarining bu harakatlarini qattiq qoralab, tomoshabinni bu radioga ishonmaslikka chaqirish barobarida, jurnalistlar harakatini “qonunlarga zid” deya baholaydi. Ammo aynan qaysi qonunni nazarda tutayotganlari aniqlashtirilmagan. Aytaylik, agar videolavha mualliflari Oʻzbekistondagi mavjud OAV haqdagi bir nechta biri-biriga zid qonunlarni nazarda tutayotgan boʻlsa, eslatib oʻtish joiz, xorijiy radio muxbirlari oʻzga davlat qonunlariga emas, balki ichki qoidalarga asoslanib faoliyat yuritadi.

Jurnalistlar maʼlum bir davlatning ichki qonunlariga rio qilishlari uchun, juda boʻlmaganda oʻsha davlat ichida oʻz muxbirlik boʻlimiga va yoki akkreditatsiyadan oʻtgan muxbiriga ega boʻlishi lozim. Aks holda daʼvo oʻrinsiz boʻlib qoladi. Masalaning ikkinchi tarafi, agar jurnalist oʻzga nom yoki mansab nomidan emas, oʻzining asl kasbi nomidan murojaat qilib maʼlumot olishi lozimligini istagan davlat, avvalo, oʻsha jurnalist uchun maʼlumot olish va tarqatishda erkinlik yaratib berishi lozim. Jurnalist murojaat qilayotgan davlat idoralari OAV uchun ochiq boʻlishi va murojaatga javob berishi lozimligi kafolatlangan boʻlishi lozim. Bordiyu, bu kabi imkoniyatlar yaratilmagan ekan, oʻpkalashga ne hojat.

Husniddin Qutbiddinov