Kimga qanaqa bilmadimu, ammo bugun ommaviy axborot vositalari faoliyati va xususan jurnalistika atrofidagi vaziyat, yumshoqroq qilib aytganda, oyoq kiyimingiz poshnasiga yopishib qolgan axlatni asfalt chetiga surtib olib tashlashga urinishni eslatyapti. Qizigʻi, bu kabi munosabat borgan sari qoʻpollashib boryapti.
Hukumatlar OAV va jurnalistikaga oid munosabatlarini aynan ana shu usulda izhor etishni eng toʻgʻri yoʻl bilyapti. Aynan mana shu eng katta xato. Mana shu ikki-uch hafta davomidagi kuzatishlarim natijasi shuki, hukumatlarning jurnalistika va OAV haqidagi tushunchasi jiddiy islohotga muhtoj. Hukumatlar uslubida aytadigan boʻlsam, ular umuman na jurnalistikani va na OAVlari vazifasi mohiyatini biladi. Buni hukumatlarning mutlaqo hurmatsiz va ayrim hollarda chegaradan chiqar darajadagi bepisand munosabatlari ham yaqqol isbotlab turadi.
Xoʻsh, aslida OAV nima, jurnalist kim? Axborot oluvchi, tahlil qiluvchi va nihoyat tarqatuvchi kabi mulohazalar ham aslida toʻgʻri, ammo bu asosiy javob emas. Bu aslida bizning tasavvurimizda jurnalistika haqida shakllangan iddao. Asl javob biroz boshqacha.
Bir misol. Har bir inson, har kuni u xoh ayol boʻlsin, xoh er-yigit, ishga, uchrashuvga, biror marosim yoki shunchaki koʻchaga chiqish oldidan albatta oʻz xonadonidagi bir muhim jihoz oldida bir necha daqiqaga toʻxtab oʻtadi. Koʻzgu oldida. Nima sababdanligi maʼlum, tashqi koʻrinishi koʻngildagidayligiga amin boʻlish uchun. Jurnalist va OAV huddi oʻsha xonadonimizdagi koʻzgudir. Biz unga qarab oʻz tashqi koʻrinishimizni oʻnglab olamiz. Yaʼni biz oynaga qarab oʻz koʻrinishimizni toʻgʻrilaymiz, ammo zinhor oyna bizning koʻrinishimizga moslashmaydi.
Bugungi kunda ayrim hukumat mulozimlari esa aksincha oyna ularning tashqi koʻrinishini maʼqullashini istamoqda. Adashmasam, rus shoiri A. Pushkin qalamiga mansub ertaklarning birida shunday epizod bor – oʻziga juda ham oro berib yuborgan malika oyna faqat uning husni yagona goʻzallik timsoli ekanini tasdiqlashini istaydi. Ayrim amaldorlarning tutgan pozitsiyasi ham aynan oʻsha malika istagi bilan bir xil. Gʻalati, toʻgʻrimi?
“Oʻzbekiston davlati va jamiyatida keyingi 15 yil ichida mustaqil va tanqidiy axborotga nisbatan oʻta kuchli fobiya shakllandi, hukumat jamiyatni tanqidiy axborotdan himoya qilish borasida misli koʻrilmagan chora-tadbirlarni ishga soldi, “Ozodlik” va boshqa mustaqil axborot manbaalari bilan kurashdi. Natijada Oʻzbekiston siyosiy tafakkurida “Ozodlik” radiosi eng tanqidiy va koʻpincha, “noxolis” radio sifatida qabul qilindi. Mana shu fobiya bugun yoʻqolgani yoʻq, biroz yumshadi xolos. Oʻzbekiston milliy zehniyatida, siyosiy madaniyatida tanqidiy fikrlashdan koʻra garmoniyaga intilish, “kelishib yashash”, “tushunib yashash” kabi qadriyatlar ustunroq hisoblanadi. Aksariyat oʻzbekistonliklar “Ozodlik” va “Bi-Bi-Si” radiolarini “Gʻarbning Oʻzbekistonga qarshi gʻarazli loyihalari” sifatida koʻradi”, – deydi shu kunlarda Fransiyada istiqomat qilayotgan tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.
Darvoqe fobiya. Fobiya (qadim yunonchadagi φόβος – qoʻrquv soʻzidan olingan) bu nedandir yoki allaqanday holatdan oʻta kuchli qoʻrqish, oʻzni boshqara olmaslik darajada asabiylashishni anglatadi. Kamoliddin Rabbimovga koʻra, Oʻzbekiston hukumatida mamlakat ichidagi matbuotdan koʻra biroz erkinroq, dadilroq OAV va ayrim jurnalistlarga nisbatan ana shunday qoʻrquv bor. Mayli boring ana qoʻrquv emas, oʻzni boshqara olmas darajadagi asabiylashishni paydo qiluvchi bir “patologiya” bor. Patologiya borgan sari gazak olib borayotgani sababi:
“Oʻtgan davr mobaynida, Oʻzbekiston oliy hokimiyati oʻzi uchun “opponent qutblar” borligini bildirgan edi, jumladan, “Erk” partiyasi va unga yaqin guruh mana shunday qabul qilindi. “Ozodlik” safida ishlayotgan bir qancha jurnalistlar Oʻzbekiston yangi maʼmuriyati tomonidan ham, nafaqat “avtoritar rejim dushmanlari”, balki “Oʻzbekiston davlatchiligi dushmani” sifatida qabul qilinishi maʼlum boʻlib bormoqda”, deya hisoblaydi Rabbimov.
Ana endi biroz mana shu, hukumat mulozimlari orasida hamon jiddiy toʻsiq va cheklovlar ostida qolayotgan OAVlarga nisbatan shakllangan “Oʻzbekiston davlatchiligi dushmani” kabi qatʼiy xulosaning paydo boʻlish sababini koʻrib chiqamiz. Xorijiy OAVlar va xususan “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi faoliyatini kuzatish uchun bugun oʻrta toʻlqin orqali oʻta sifatsiz uzatilayotgan eshittirishlarni tinglash shartmas. Atigi “Facebook” yoki “Telegram”dagi sahifalarini qarab chiqish kifoya. Ulardagi asosiy videolarning mualliflari oddiy oʻzbekistonliklar. Yaʼni ular norozi boʻlgan masalani qoʻl telefoni yordamida videoga olib, uni “Ozodlik”ning “Telegram” tarmogʻidagi sahifasiga tashlayapti, jurnalistlar esa video asosida lavha tayyorlayapti yoki shunchaki videoni omma eʼtiboriga havola qilyapti.
Shu oʻrinda kichik eslatma, har ehtimolga qarshi: “Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʻlgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin” (OʻzR Konstitutsiyasi 29-modda).
Ikkinchi eslatma, bu ham har ehtimolga qarshi: “Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim” (OʻzR Konstitutsiyasi 30-modda). Modomiki, aksar video va lavhalarning mualliflari Oʻzbekiston fuqarolari ekan, demak…
“Odatda qator idora-yu muassasalarga yuguraverib charchagan, bugungi kunda hammaga mashhur boʻlib ulgurgan portal (Oʻzbekiston prezidentiga onlayn murojaat yoʻllash imkoniyati – muallif)ga yozaverib charchagan odamlar soʻnggi ilinj sifatida ham oʻsha “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si” yoki boshqa OAVlarga murojaat qilyapti-da. Rasmiylarning qiligʻi koʻproq, biz eʼtiborsiz qolgan narsaga, nega “Ozodlik” yoki “Bi-Bi-Si” eʼtibor qaratadi, deb arazlashni eslatyapti. Muammoni hal qilish oʻrniga, gapirganga nisbatan chora koʻrishni afzal bilyapti. Xorijiy OAVlar saytlari toʻsib qoʻyilyapti, akkreditatsiya berilmayapti, mana hatto jurnalistlar mamlakatga kiritilmayapti. Bu mutlaqo notoʻgʻri va oʻta radikal chora koʻrish hisoblanadi, vaziyat mutlaqo oʻzgarmaganidan dalolat beradi”, – deydi AQShning Pitsburg shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlardan biri.
Shavkat Mirziyoyev mamlakat boshqaruviga kelgach, Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatida izchil oʻzgarishlar boshlangani, marhum prezident Islom Karimov paytida mutlaqo tasavvur qilish qiyin boʻlgan islohotlar boshlangani haqidagi maʼlumotlar tarqatildi. Buning amaliy isboti oʻlaroq, dastlab bir qator siyosiy va diniy mahkumlar ozod etildi, aksar inson huquqlari himoyachilari uchun chet elga chiqish imkoniyatlari tiklandi, mamlakatda esa bir qator ancha faol boʻlgan internet nashrlari va blogerlar paydo boʻldi.
Televideniye va radioda, eng qizigʻi uzoq yillar davomida Oʻzbekiston hukumatining asosiy minbari va axborot tarqatuvchi yirik manbaasi boʻlgan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi internet sahifasida uzoq yillar “qora roʻyxatda” boʻlgan yozuvchi va siyosatchilar bilan ancha ochiq suhbatlar uyushtirildi. Bir qarashda, Oʻzbekiston ovoza qilayotgan islohotlarni chindan ham amalga oshira boshlaganday edi.
Mamlakatda OAVlari bilan bogʻliq yana bir idora, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maʼmuriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi taʼsis etildi. Agentlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida Oʻzbekistonning axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash taʼkidlandi.
Aynan mana shu agentlikning ilk olamshumul ishi oʻlaroq bir qator xorijiy OAVlar internet nashrlari ustidan oʻrnatilgan uzoq yillik toʻsiqlar olib tashlangani va bir qator xorijiy jurnalist va OAVlarga, jumladan “Amerika Ovozi”, fergananews.com, Eurasianet, China News Service va boshqalarning muxbirlariga akkreditatsiya berildi.
Ammo ayrim OAVlarga nisbatan joriy qilingan toʻsiqlar saqlab qolindi va nega undayligi borasida aynan ana shu agentlik rahbari izohi ham ochiqlandi. Yaʼni bir qarashda “Oʻzbekistonning axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash”i iddao qilinayotgan agentlik OAV va jurnalistlarni maʼqul va nomaʼqullarga ajratish, yaxshi va yomonni saralash bilan shugʻullana boshladi.
Agentlik rahbari bilan oʻtkazilgan allaqanday uchrashuv paytida, hatto qaysidir nashr muxbiri tarafidan nomaʼqul jurnalistlar va OAVlarni jazolash taklifi ham oʻrtaga tashlangani aytilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maʼmuriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov jazo taklifiga shunday javob qaytargan:
“Jurnalistlarga uzoq vaqt davomida erkinlik berilmaganda edi, hozir jazo bersak boʻlar edi… Shu paytda ularni jazolash masalasiga kelsak, kechirasiz-u qonunda hammasi yozib qoʻyilgan. Notoʻgʻri maʼlumot uchun javobgarlik belgilangan. Baʼzida menga barcha saytlarni yopish taklif qilingan holatlar ham boʻldi. Agar biz jurnalistni boʻgʻsak, blogerni boʻgʻsak, hamma jim boʻlib qolsa, nima boʻladi?”
Ammo keyinchalik mahalliy nashrlar rahbarlariga jurnalist Sayid Abdulaziz Yusupov ishini yoritmaslik haqida koʻrsatma berib, diqqat qiling, koʻrsatmani bajarmagan jazolanishini aytgan.
“Bir narsani oʻylamaslikning iloji yoʻq, yaʼni oʻsha Komil Allamjonov aslida kimningdir, aniqrogʻi kimgadir voizlik, darakchi, yetkazuvchi vazifasini oʻtayotgan boʻlishi mumkin. Kimningdir topshirigʻini bajargan boʻlishi mumkin. Oʻsha Sayid Abdulaziz Yusupov ishini yoritmaslik haqidagi ogohlantirishi, mana bu xorijiy OAVlar haqidagi chiqishlari, kimningdir yoki kimlarningdir, yuqoriroqdagi kimlarningdir topshirigʻini yetkazish xolos. Bu insonning intellekti, kimlargadir zugʻum oʻtkazish, qandaydir buyruqlar berish, nimagadir baho bera olish darajasida emas. Yoʻq. Oʻzi bizda tuzum ham, tizim ham oʻzining eskicha ish olib borish pozitsiyasini yoʻqotgani yoʻq. Bugungi boshqaruvdagi shaxslarning hammasini, unutmaslik kerak, Karimov paytidagi sistema yaratgan”, – deydi oʻzbekistonlik bloger Alijon Eshboy.
Uning fikricha, sobiq tizim paytida shakllangan siyosiy elitaning tafakkuri, zehniyatini oʻzgartirish oʻta qiyin vazifa va Mirziyoyev buni uddaladi deyish notoʻgʻri xulosa boʻladi. Aytib oʻtish joiz, bugungi kunda Oʻzbekiston boshqaruvida qolayotgan aksar shaxslarning inson huquqlari, soʻz va matbuot erkinligi borasidagi qarashlari uzoq yillar davomida xalqaro jamoatchilikning keskin tanqidlari ostida qolib keldi. Boisi, marhum prezident Karimov paytidagi siyosiy elita matbuot va jurnalistik faoliyatni jiddiy nazorat ostida tutish, boʻysundirish, oʻzlariga maʼqul boʻlgan uslubda boshqarishni afzal bilgan. Nazorat va boshqaruvga qarshi chiqqanlarga nisbatan esa qatʼiy choralar koʻrilgan. Ortda qolgan haftada bu kayfiyat hamon saqlanib qolinayotgani oʻz tasdigʻini topdi.
“Mamlakatga kiritmaslik, bu shubhasiz “Ozodlik” radiosiga qarshi boshlangan kampaniya bilan bogʻliq. Men biroz “noqulay” payt mamlakatga kirmoqchi boʻldim, desak boʻladi. Bu namoyishkorona harakat, bizning rahbariyatga yoʻnaltirilgan signal edi. Mening jurnalistik faoliyatim “Amerika Ovozi”, fergananews.com yoki “Bi-Bi-Si”dagi hamkasblarim faoliyatidan u qadar farq qilmaydi. Boz ustiga, men deyarli Oʻzbekiston haqida yozmayman ham, gapirmayman ham. Men koʻproq Rossiyadagi oʻzbeklar qismati haqida gapiraman, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yoritaman. Bunday olib qaralsa, Oʻzbekiston hukumatidan farqli eʼtiroz koʻproq Rossiya hukumati tarafidan bildirilishi kerak edi”, – deydi “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosining Rossiyadagi muxbiri Umid Bobomatov.
Eslatib oʻtish joiz, oʻtgan hafta xususiy safar oʻlaroq Oʻzbekistonga borgan jurnalist, mamlakat ichiga kiritilmay ortga, Moskvaga qaytarib yuborildi. Na chegarachilar, na fuqaro kiyimidagi shaxslar jurnalistga ortga qaytarilishi sabablarini anglatdi. Ulardan biri faqat, “bizni toʻgʻri tushuning, bu yuqorining topshirigʻi”, degan xolos.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston respublikasi Vazirlar mahkamasining 1996-yil 21 noyabrdagi “Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan ketishlari tartibi” haqdagi 408-son qaroriga oid 1-ilovaga murojaat qilsak. Bu ilovada aynan qanday holatlarda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekistonga kirishi rad etilishi bayon qilingan. Demak, unga koʻra, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekistonga faqat quyidagi holatlarda kiritilmaydi:
“Milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibini muhofaza qilishni taʼminlash manfaatlari yoʻlida, Oʻzbekiston fuqarolari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlsa, mamlakat qonunchiligini buzganlik uchun ilgari jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlanganligi belgilangan tartibda olib tashlanmagan boʻlsa, chet eldagi terrorchi, ekstremistik va boshqa jinoiy tashkilotlarning faoliyatiga aloqador boʻlsa, oʻzi haqida qasddan soxta maʼlumotlar bergan yoki zarur hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, ilgari xorijiy shaxslarning Oʻzbekistonga kelish-ketish tartibi hamda bu yerda boʻlish qoidalari, bojxona, valyuta va boshqa qonunchiligini buzganligi aniqlangan boʻlsa, kasal yoki uning salomatligi jamiyat xavfsizligi va sogʻlomligiga xavf tugʻdirsa hamda kasallik Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan boʻlsa”.
Agar koʻrsatib oʻtilgan holatlarning birortasi aniqlanmasa, demak chet fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston ichiga kirishida toʻsqinlik boʻlishi mumkin emas.
“Albatta bu judayam achinarli holat. Yaʼni, hukumat “Ozodlik”ni qoralash va ushbu media jurnalistlarini oʻziga “dushman” deb baholash kampaniyasini davom ettirayotganini koʻrayapmiz. Qonunsizlik, inson huquqlari hamon ayanchli holatda qolayotgani, soʻz erkinligi va umuman mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy vaziyat past koʻrsatkichlarda ekanligini yoritib borayotgani uchun ham “Ozodlik” goʻyoki hukumatga “dushman”lik qilayotgandek baholanib, uni jazolash strategiyasi davom ettirilmoqda. Vaholanki, soʻz erkinligi borasidagi hukumat tarafidan olib borilayotgan islohotlar aynan xalqaro OAV larni mamlakat ichkarisiga kirishiga, axborot va yangiliklarni kengroq va oydinroq ravishda yoritishiga imkoniyat berish kerak edi”, – deydi Shvetsiyada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonlik faol Dilobar Erkinzoda.
Shu oʻrinda bir fikr, davlatlar yaratilar ekan, ularning mustahkam poydevori oʻlaroq qonunlar yaratiladi. Qonunlarni yaratish, ularni hayotga tatbiq etishda ham oʻzboshimchalik va yoki maʼlum bir guruh manfaati afzal topilmasligi uchun esa har qanday taklif va tashabbus va xususan qonunga oid tashabbuslarda meʼzon saqlanishini taʼminlash uchun avvalo eng asosiy qonun yaratilib, uning mavqeyi mustahkamlab qoʻyiladi. Insonlar tilida uning nomi Konstitutsiya deyiladi. Undan keyin taklif etiluvchi, ishlab chiqiluvchi va tadbiq etiluvchi har qanday qonuniy me’yor, aynan ana shu konstitutsiya doirasida boʻlishi taʼminlanadi. Har qanday normal davlatda hukumatlar faoliyati mana shu tartibda amalga oshiriladi. Aks holda…
Oʻtgan yilning noyabr oyida AQShda bir voqea yuz berdi. “CNN” telekanali muxbiri, jurnalist Jim Akosta Oq uyda oʻtayotgan brifing paytida prezident Donald Trampning asabini buzib yuborgan savol berdi. Yaʼni u, AQSh maxsus prokurori Robert Myuller tomonidan Rossiyaning prezidentlik saylovlariga aralashganiga oid olib borilayotgan tergov davom etadimi, deb soʻradi.
Bu savoldan jazavaga tushgan prezident Tramp Akostadan mikrofonni olib qoʻyishni talab qildi. Jurnalist dastlab mikrofonni olib qoʻyishga uringan Oq uy matbuot xizmati xodimasiga qarshilik koʻrsatdi, ammo soʻngra taslim boʻldi. Ertasiga 8-noyabr kuni Oq uy matbuot xizmati Akostaning akkreditatsiyasi bekor qilingani haqda “CNN” kanaliga bildiruv yoʻlladi.
“CNN” kanali oʻz navbatida Oq uy maʼmuriyatining bu harakatiga eʼtiroz bildirib, sudga murojaat qildi. Oradan bir necha kun oʻtgach, Vashingtondagi sudya Timoti Kelli Oq uy maʼmuriyati harakatiga oid “CNN” shikoyatini koʻrib chiqib, “zudlik bilan” “CNN” muxbiri Jim Akostaning akkreditatsiyasini tiklash va prezident tarafidan uyushtirilajak tadbirlarda qatnashishini taʼminlash haqda hukm chiqardi.
Bir muddat tassavur qiling, AQSh poytaxtidagi sudyalardan biri, yaʼni Oliy sud yoki aytaylik konstitutsion sudning hakimi emas, oddiy sudya prezident maʼmuriyatiga nisbatan hukm chiqaryapti. Oq uy maʼmuriyati oʻz navbatida sudyaning hukmi albatta bajarilishi va jurnalistga vaqtinchalik akkreditatsiya berilishini vaʼda qildi.
Qonun ustuvor boʻlgan va OAVlari hamda jurnalistik faoliyat erkinligi jiddiy kafolatlangan davlatda u yoki bu turdagi toʻsiq va cheklovlarga yoʻliqqan jurnalist huquqlarini himoya qiluvchi ana shunday institutlar mavjud boʻladi. Agar mamlakatda qonun ustuvorligi taʼminlanmagan boʻlsa, jurnalistning holiga voy.
Husniddin Qutbiddinov