Quyidagi videoda ukrain tilida she’r o’qiyotgan bu qizcha quvg’inlikda yashayotgan o’zbek jurnalistlari Shamsiya va Narzulla Oxunjonovlarning 6 yoshli farzandi Shukrona.
Jurnalistlarning Shukronadan tashqari yana to’rt nafar farzandi bor, ular ham bugun Ukrainada maktabga qatnashyapti, ikki yil avval Turkiyada o’qishayotgan edi.
Ammo quvg’inlikdagi jurnalist Narzulla Oxunjonov uchun Turkiyada qolish xavfsiz emas edi, shu sabab u oilasi bilan Ukrainaga kelishga qaror qildi. Bugun uning oila a’zolari Ukraina ta’lim tizimiga moslashishmoqda, bu katta yoshdagilar uchun oson emas, ammo harakat qilishmoqda.
Narzulla va Shamsiya Karimov davrining tazyiqlari bois mamlakatdan chiqib ketishgan, har ikkisi O’zbekiston Teleradiokompaniyasida ishlagan. Tazyiqlar Narzullaning tanqidiy chiqishlari ortidan boshlangan, O’zbekistonni tark etishganda ularning kenja qizi Shukrona hali bir yoshga ham to’lmagan edi.
Jurnalistlar oilasi Turkiyada to’rt yil yashashi ortidan xavfsizlik sabablari bois Ukrainaga kelishga qaror qilishadi, ammo Kiyev aeroportida Interpol qidiruvida bo’lgan Oxunjonov hibs qilinadi. So’ngroq, inson huquqlari tashkilotlari talabi bois hibsdan ozod qilindi, Ukraina ularga qochqinlik maqomi berdi.
Karimov davrida tazyiqqa tushgan jurnalistlar O’zbekistondagi bugungi jarayonni faol kuzatib kelishadi. Mamlakatda hokimiyat yangilanishi ortidan ular vatanga chaqirilgan, lekin jurnalistlar bugungi o’zgarishlarga shubha bilan qarashadi, chunki bosim, tahdidlar hamon to’xtamaganini aytishmoqda.