Qo’l ostidagi xodimlarini ariqqa tushirib tahqirlashi bilan tanilgan amaldorning viloyat hokimi lavozimiga tayinlanishi jamoatchilikda qator javobsiz savollar uyg’otgan. Hukumat bu borada sukutda qolar ekan, ayrim sharhlovchilar Zoir Mirzayevning qaytishi ortida boshqaruvdagi inqiroz alomatlarini ham ko‘rishmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimligiga nega o’z tahqirlari bilan nom qozongan Zoir Mirzaev nomzodi tanlangani yuzasidan jamoatchilikka biror izoh berilmagan, kadrlar sohasidagi bu o’zgarishga rasmiy matbuotda ham o’rin ajratilmagani kuzatiladi.

Xabarlarga ko’ra, Mirzayevni yangi lavozimga o’tkazish uchun Qarshiga borgan Bosh vazir Abdulla Aripov marosimni jurnalistlar ishtirokisiz o’tkazgan.

Mirzayev yangi lavozimga tayinlanishidan bir necha kun oldin Surxondaryoga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda hokimlarni tayyorlash maktabi yaratilmagani, joylardagi rahbarlar “qotib” qolganidan shikoyat qilgan edi.

O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari lavozimida bo’lgan paytda bir guruh xodimlarni ariqqa tushirib tahqirlashi bilan tanilgan Zoir Mirzayevning “qotib qolgan” kadrlar doirasidan chetda deyish qiyin. Albatta, jazolash usulining o’ziga xosligi inobatga olinmasa.

Karimov davrida hokim sifatida shakllangan Zoir Mirzayev marhum prezidentning ishonchli kadrlaridan biri sifatida ko’rilgan. U uzoq yillar avvaliga Samarqand shahri, keyinchalik Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan.

Mirzayev bu maqomni Shavkat Mirziyoyev davrida ham saqlab qoldi, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan viloyatdan poytaxtga olib kelingan kam sonli kadrlardan biri.

Rasman prezidentlik lavozimiga kirishgan Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabrida Mirzayevni Suv va qishloq xo’jaligi vaziri etib tayinlagan edi. Keyinchalik Qishloq va Suv xo’jaligi bo’yicha alohida vazirliklar tashkil qilinishi ortidan Mirzayev Bosh vazirning shu sohadagi o’rinbosari lavozimiga ko’tarildi.

2018-yil O’zbekiston hukumati majburiy mehnatga qarshi kurash e’lon qilgan bir vaziyatda ijtimoiy tarmoqlarda sug’orish ishlarini o’z vaqtida bajarmagan fermerlarning Mirzayev tomonidan g’ayrioddiy ko’rinishda jazolanayotganiga doir suratlar tarqaldi.

Qishloq xo’jaligi tizimining olti nafar xodimi ariqqa tushgancha suvda tosh ko’tarib turgani aks etgan bu tasvirlar jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’adi, bu jazo usuli ortida aynan Bosh vazir o’rinbosari Zoir Mirzayev turgani aniqlanganidan so’ng uning iste’fosi talab etila boshlandi.

2018-yilning oktabr oyida lavozimidan olingan Zoir Mirzayev shu yilning noyabr oyiga borib Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumaniga hokim qilindi. Oradan bir yil o’tib esa u vaqtinchalik Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanmoqda.

Viloyat hokimlari prezident tomonidan tayinlanishi inobatga olinsa, mahalliy kadrlar qotib qolgani, eskicha fikrlash, ishlashdan qutilmayotganini ta’kidlab kelayotgan Mirziyoyevning bu qarori mantiqqa zid ko’rinadi. Karimov davridan hokimlik maqomida bo’lgan Zoir Mirzayevni ilg’or va zamonaviy kadrlar ro’yxatida deyish qiyin.

Mirzayevning yangi lavozimi jamoatchilikda hayrat, norozilik va hazil-mutoyiba bilan qabul qilinganiga qaramasdan, haqorati, tahqirlari, zo’ravonligi bilan tanilgan kadrlarning hukumatda qolayotgani, hatto taqdirlanayotgani sabablari jamoatchilik uchun mavhum.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon mamlakatdagi, xususan, hokimiyatdagi jarayonlarni kuzatib kelayotgan faollardan biri.

Uning fikricha, Mirzayevning qaytishini prezident doirasi emas, hokimiyatda bevosita o’z ta’siriga ega boshqa bir kuch tashkillashtirmoqda; bu tayinlov boshqaruvda kechayotgan shu inqirozdan darak berayapti.

“Prezident Mirziyoyevni haqorat qilgan hokimni mukofotlashga majbur qilishgan edi, o’zini hurmat qilgan rahbar hech qachon bu ishni qilmaydi. Mana endi yana bitta haqorati bilan tanilgan rahbar viloyat hokimligiga tayinlanmoqda. Abdulla Aripov men Mirzayevni umrbod kechirmayman, degan gapni ishlatgan edi. Nima bo’ldi, uning o’zini jo’natib, lavozimga qo’yishni tashkillashtirishdi. Uning o’rniga devondan boshqa bittasi ham borishi mumkin edi, yo’q aynan uning o’ziga borasan deyishgan, tupurgan tupigini yalatishgan. Hukumat uning nomzodiga qarshi, qo’lidan kelganda ehtimol uni hech qachon yaqinlashtirmasdi ham. Ammo Mirzayev hokimiyatda o’z nazoratiga ega generallar orqali yo’l topgan. Qashqadaryo neftga, gazga boy sanoat hududi hisoblanadi. Bu hudud generallar nazoratida, prezident ham, bosh vazir ham bu hudud nazoratiga qo’yilmaydi, ularning daromadi boshqa yoqdan”, – degan qarashlarni bildiradi Safar Bekjon.

Zoir Mirzayev 26-oktabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripovning kutilmaganda Qashqadaryoga qilgan safari davomida vaqtincha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlandi. Viloyatning avvalgi hokimi Zafar Ro’ziyev esa Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimligiga o’tkazilgan.