Butun O’zbekistonni, ayniqsa, jurnalistlarni  hayajonda ushlagan so’nggi hafta sarlavhaga chiqqan voqealarning ro’y berishi bilan yakunlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ismsiz, ammo hamma uchun tushunarli deb ko’rilgan tanqidi 22-noyabr kuni o’tgan selektor yig’ilishida aytildi.

Jurnalistlarga qilingan tahdiddan so’ng jamoatchilik tomonidan uzoq kutilgan bu munosabatda prezident Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev ismini tilga olmagan bo’lsa-da,  “matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo’ygan” , “kekkaygan”, “kibru- havoga berilgan”, “o’ziga bino qoy’gan” amaldor nazarda tutilgani gap aynan Ortiqxo’jayev haqida ekanligiga shubha qoldirmadi.

Qolaversa, prezident bu xato (jurnalistlarga qilingan tahdid) O’zbekistonning “igna bilan quduq qazish” kabi mashaqqat bilan dunyoda tiklayotgan obro’siga “oyoqqa solingan kishan kabi” jiddiy zarar yetkazishini ta’kidladi.

Bu borada prezident haq, Toshkent shahar hokimining jurnalistlarga qilgan tahdid O’zbekistondagi mavjud rejim o’zgarishsiz qolayotganini isbotlab bergani haqidagi qarash aksariyat jurnalistlar, kuzatuvchilar tomonidan ta’kidlandi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi, YXHT va boshqa dunyo miqyosidagi nufuzli tomonlar jurnalistlarga tahdidning o’ta xavotirli ishora ekanligini o’zbek hukumatiga jiddiy bildirishdi.

Prezident Mirziyoyev mamlakat ichkarisida va tashqarida qalqqan bu xavotirli ishoralarni anglagan, xulosalar chiqargan ko’rinadi, dunyo jamoatchiligi ham bu xulosalarga befarq emas, xususan, AQSh rasmiysi buni olqishlab chiqdi.

Prezidentning ishontirishicha, xalqning mamlakat obro’sini tiklashdagi mashaqqatli yo’liga g’ov bo’layotgan rahbarlar vaqtinchalik odamlar, buni hamma bilishi kerak.

Mirziyoyevning jurnalistlarga qilingan tahdid bo’yicha bayonotini keskin deyish qiyin, ayniqsa, unda aniq ism-sharif keltirilmagan.

Yakunlangan hafta nafaqat Prezident Mirziyoyevning tanqidi bilan, balki bu tanqidlarga nishon bo’lgan Toshkent shahar hokimining jamoatchilikka ilk ko’rinish berishi bilan ham diqqatli bo’ldi.

Matbuotda Jahongir Ortiqxo’jayevning rossiyalik mashhur sportchi Habib Nurmagomedov bilan birga tushgan surati e’lon qilindi. Bu surat prezident tanqidlaridan bir kun o’tib, 23-noyabr kuni Toshkentda MMA bo’yicha o’tgan xalqaro turnirda olingan.

Suratda hokim prezident tanqidini qabul qilib olgan tushkun amaldor qiyofasida emas. Shuningdek, jurnalistlarga qilgan tahdidlari ochiqlanishi ortidan jamoatchilik oldida ilk bor chiqayotgan Toshkent shahar hokimi turnirga o’z lavozimi doirasida tashrif buyurganga ham o’xshamaydi.

Jurnalist sifatida prezidentning ismsiz tanqididan ham, hokimning uzrsiz sukutidan ham matbuot foydasiga biror aniq ishora ko’rilayotgani yo’q.

Ismsiz, manzilsiz tanqid, odatda, majburiyatdan darak beradi, xohishdan emas. Jamoatchilik prezidentni tanqid bildirishga majbur etdi, Mirziyoyev bu tanqidni  zudlik bilan va matbuotning ahamiyatini anglaganidan qilmagan, nazarimda.

Suratga tushish, tabiiyki, Ortiqxo’jayevning shaxsiy hayoti, qolaversa, Nurmagomedov bilan selfi qilayotgan faqatgina hokim emas. Uning tashrifi sharafiga Mirziyoyevning kuyovi, MMA uyushmasi prezidenti Otabek Umarov ham quyuq ziyofat uyushtirgani ovoza bo’ldi.

Sport doirasidagi aloqalarni rivojlantirish, kengaytirish xayrli ish, asosiysi bu munosabat siyosiy tus olmasa bo’ldi, ayniqsa, Rossiyada sportni siyosiy manfaatlarga  yo’naltirish tajribasi borligi inobatga olinsa.