“Javobgarning tog’asi prokuror bo’sa, men qanday adolatga umid qilishim mumkin?”, deyiladi “Amerika ovozi”ga kelgan shikoyatlardan birida.

Tahririyatga kelgan murojaatlarning aksariyati ijtimoiy adolatsizlik, huquq-tartibot idoralari, hokimiyatlar o’z vakolatini suiiste’mol qilayotgani, tanish-bilishchilik va buyruqbozlik muammolari haqida.

Shikoyatlar sud-huquq tizimi hamon jamoatchilik noroziligining asosiy nishoni bo’lib qolayotganini ham ko’rsatadi. Bundan mamlakat rahbariyati xabarsiz emas.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  kuni kecha, O’zbekiston Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan qilgan chiqishida Xalq qabulxonasiga tushgan arizalarning asosiy qismi prokuratura, sud, huquq-tartibot organlari faoliyatiga tegishli ekanligini ta’kidladi.

Prezidentga ko’ra, keyingi yildan prokuratura qarori ustidan sudga shikoyat kiritish tartibi o’rnatiladi, bu tajriba adolat mezoni o’rnatilishi sari ulkan qadam bo’ladi.

Ammo hozircha o’zbekistonliklarning noroziligi hamon sud-huquq tizimiga, huquq-tartibot organlariga, mahalliy hokimiyatlar o’z vakolatini suiiste’mol qilayotganiga qaratilgan.

Farg’ona viloyatidan “Amerika Ovozi”ga murojaat qilgan Saidmirzo Shodmonov prokuratura, sud faoliyatidan ham norozi, ular qonunga ko’ra emas, manfaatga muvofiq qaror chiqarishmoqda, deb hisoblaydi.

Saidmirzo Shodmonov so’nggi paytda O’zbekistonda tez fursatda rivojlangan xususiy bandlik agentliklaridan biri ” International Experience” faoliyatidan jabr chekkan.

U xorijdan ish topib berish va’dasini bergan agentlikka 5140 dollar to’lagan. Ammo agentlik shartnomaga muvofiq ish topib bermagan, pulni ham qaytarmagan.

Shodmonov sudga murojaat qilgan. Toshkent shahri Mirzo Ulug’bek tumanlararo fuqarolik sudida Sulaymonov raisligida o’tgan mahkamada Shodmonovning da’vosi qanoatlantirilmagan.

Shodmonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, agentlik xizmatidan o’ndan ortiq kishi jabr ko’rgan, ularning hech biriga pul qaytarilmagan. Ko’pchilik jabrlanganlar aynan uning shikoyat arizalari qanday natija bilan tugashi, adolat qaror topish-topmasligiga qarab turishibdi.

Shodmonovning gumon qilishicha, u ariza bilar murojaat qilgan prokuratura ham, ishni ko’rib chiqqan sudya ham bandlik agentligi foydasiga qaror chiqarmoqda, agentlik manfaatini pora yoki tanish-bilishchilik evaziga himoya qilmoqda.

“Javobgarning tog’asi prokuror bo’lsa, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlardagi arizalarimni  yopib yuborsa, men yana qayerdan umid qilishim mumkin. Adolat izlab borgan joyimiz adolatsizlik qilsa?”, – deb yozadi u o’z shikoyat xatida.

Xususiy bandlik agentliklari yuzasidan kelgan boshqa bir shikoyatda esa “Human” agentligidan jabr chekkan o’nlab fuqarolarga hamon pullari qaytarilmagani, bu ish bilan huquq-tartibot idoralari shug’ullanayotganiga qaramasdan jabrlanganlar uchun biror natija bermayotgani ta’kidlanadi.

Fuqarolar O’zbekiston prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyatlar, davlat organlariga qilingan murojaatlar natijasizligidan so’ng tahririyatlarga shikoyat qilishga majbur qolishayotganini aytishmoqda.

Navoiylik ayol To’xtagul Turdiyevaning shikoyati Karmana tumanida kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj qatlam uchun mo’ljallangan arzon uy-joylar taqsimoti haqida.

Uning aytishicha, kam ta’minlagan aholi uchun mo’ljallangan bu majmuaga asosan hokimiyatga yaqin kishilar, ularning qarindoshlari ko’chib kirmoqda.

“Bu arzon uy-joylar uyi yo’qlarga, nogironlarga, kam ta’minlangan, ehtiyojmand aholiga berilishi kerak edi. Ammo bu uylarga asosan hokimiyat bilan tanish bilish bo’lganlar ko’chib kelmoqda, haqiqatan ehtiyojmand, nochor oilalar esa uysiz qolishmoqda. Mahalliy hokimiyat ustidan davlat idoralariga yozgan arizalarimga biror javob olmadim. Bosh prokuratura, prezident maslahatchisi, Xotin-qizlar qo’mitasiga bordim. Sizning uyingiz bor ekan, boshqalar bilan nima ishingiz bor, degan javobni eshitib, bunday befarqlikni ko’rib, hayratda qoldim.  Keyingi paytda fuqarolar murojaatiga doir qonun mutlaqo ishlamayapti”, – deydi u.

Prezident Mirziyoyev O’zbekiston Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan qilgan chiqishida davlat idoralari, mahalliy hokimiyatlarni aholi bilan ishlash madaniyatiga, xususan, fuqarolardan tushayotgan shikoyatlar, murojaatlar o’rganilishi, ularga o’z vaqtida javob berilishi muhimligini ta’kidlab o’tdi.

Prezident Mirziyoyev boshqaruvga kelganining dastlabki yillarida “Xalq bilan muloqotga kirishish” siyosiy shiorga aylangan, Prezidentning virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari, Bosh vazir, mahalliy hokimiyatlar, davlat idoralarida virtual qabulxonalar tashkil etish urfga aylangan edi.

Mamlakat boshqaruvida, siyosiy-ijtimoiy muhitda yangilik bo’lgan bu tajriba dastlab jamoatchilik tomonidan olqishlar bilan kutib olindi, aholining Prezident Mirziyoyevga nisbatan ishonchi ortishi, mustahkamlanishi uchun xizmat qildi.

Ammo bu qabulxonalar tashkil etilishi ortidan o’tgan uch yillik vaqt amaldorlarda xalq bilan muloqotga kirishish istagi yo’qolib borayotgani, avvalgi rejim davrida urfda bo’lgan haqorat va zo’ravonlikka tayangan muloqot usullari qayta boshlanganidan darak bermoqda.