30-dekabr kuni 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan andijonlik bloger Otabek (Abdufattoh) Nuritdinovning ishi O’zbekistonda sudlar va huquq-tartibot idoralari hokimiyat qo’lidagi asosiy bosim dastagi sifatida qolayotganini ko’rsatgan.

Andijon viloyati hokimiyatining bloger Otabek Nuritdinov ishi yuzasidan tarqatgan bayonoti shundan darakdir.

Sud, huquq-tartibot va mahalliy hokimiyatga qarashli boshqa idoralar vakillari chiqish qilgan bu bayonotdan ijtimoiy muammolarni yoritish bilan tanilgan blogerning haqorat ishlatgani uchun qamoqqa tashlanganini anglash mumkin.

Bloger ishi bo’yicha munosabat bildirgan Oliy Mjalis deputati Rasul Kusherbayev Nuritdinov ishlatgan “haromilar” so’zi O’zbekistonda haqorat emasligi, bu Farg’ona viloyati hokimi misolidagi ishda o’z tasdig’ini topganiga diqqat qaratadi.

Kusherbayevning yozishicha, Nuritdinovga nisbatan uyushtirilgan ishga blogerning mahalliy hokimiyat faoliyatiga nisbatan tanqidlari sabab bo’lgani ochiq ko’rinib turibdi. Bu jarayonda mustaqil sud, huquq-tartibot idoralarining hokimiyat qo’lidagi vositaga aylangani esa achinarli.

“…qonunlarni amalga tatbiq qilishda tenglikka rioya qilinmayapti. Mansabdorlar uchun o‘ta yengil yondashuv, fuqaro uchun o‘ta og‘ir yondashuv bo‘lmoqda. Hokim haqorat qilsa, isbotlanmaydi yoki nari borsa kechirim so‘raladi. Fuqaro haqorat emas, tanqid qilsa ham qamaladi”, deb yozadi yaqinda saylovlar natijasida Oliy Majlis deputatligiga qayta saylangan Kusherbayev.

Haqorat, zo’rlik, tahdid ishlatgan hokimlar va amaldorlarning jazosiz qolayotgani, ammo shu kabi ayblov bilan oddiy blogerning qamoqqa tashlangani jamoatchilikda keskin norozilik uyg’otgan.

Otabek Nuritdinovning yaqinlari ma’muriy ishni uyushtirilgan deb hisoblaydi. Uning onasi o’g’lining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali adolat tiklanishini so’rab davlat rahbariga, shuningdek, prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ham murojaat bilan chiqqan.

Navbatdagi hamkasbiga uyushtirilgan tahdidni muhokama qilayotgan bloger va jurnalistlar ham O’zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ko’magidan umid qilib turishibdi.

Otabek Nuritdinov aksariyat jamoatchilikka ma’muriy qamoqqa hukm qilinishi ortidan tanildi, deyish mumkin. Ammo blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi u tuman va viloyat miqyosidagi jiddiy siyosiy-ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqayotganidan darak beradi.

Nuritdinov Oliy Majlis va mahalliy kengashlar uchun o’tgan saylov jarayonini ham faol yoritib kelgan. Bloger qamoqqa olinishidan ikki kun oldin 28-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida joylashtirilgan xabarida aholining saylovdagi adolatsizlikdan noroziligi aks etgan. Xalq saylagan nomzod o’rniga boshqa bir nomzod deputatlikka o’tkazilgani iddao qilingan. https://www.facebook.com/otabek.nuritdinov1/videos/2638872442861692/

Rasman Otabek Nuritdninov Andijon viloyat sudi tomonidan tuhmat qilish, haqorat qilish va mayda bezorilikda aybdor deb topilgan.

Jurnalist Karimberdi To’ramurodning ijtimoiy tarmoqda yozishicha, 30-dekabr soat 10:30 atrofida Asaka tuman “Suvoqova” DUK rahbari B. Qahhorovni so’kkan bloger Nuritdinov tuman IIB idorasiga olib borilgan. Soat 11.20 da viloyat sudida mahkama qarori chiqarilgan. Shu kuni soat 11.30 da Nuritdinov qamoqqa tashlangan.

Jurnalistga ko’ra, blogerga nisbatan sud hukmi ijtimoiy adolatsizlik. Amaldorlar, hokimlar aholini so’kkani, ko’rsatgan zo’ravonligiga qaramay, davlat mukofotiga loyiq topilgan bir paytda blogerning 15 kunlik qamoqqa tashlanishi qonunlarning ikki xil ishlayotganidan darak.

2-yanvar kuni Oliy sud tomonidan ham Nuritdinov ishi bilan bog’liq bayonot matbuot orqali tarqatildi. https://kun.uz/news/2020/01/02/oliy-sud-15-sutkaga-qamalgan-andijonlik-bloger-ishi-boyicha-malumot-berdi

Unda aytilishicha, sud fuqaro Abdufattoh Nuritdinovning mahkamada aybiga iqror bo’lmaslik vajidan bergan ko’rsatmalarini muqarrar jazodan qutulishga qaratilgan harakatlar deb topgan.

Nuritdinovga nisbatan, belgilangan jarimalardan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o’tash uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Jazoni o’tash muddati 2019-yilning 30 dekabrida soat 19:45 dan boshlab hisoblanishi ko’rsatilgan.

Otabek Nuritdinov ishining jamoatchilikda keskin norozilik uyg’otishiga sabab nafaqat uning tazyiqqa uchragan navbatdagi bloger ekanligi, balki bu tahdid mahalliy hokimiyat, sud, huquq-tartibot idoralari va prokuraturaning muvofiqlashgan harakati mahsuli ekanligida ham ko’rilmoqda.

O’zbekistondagi ayrim ijtimoiy so’rovlarda “bloger” atamasi yakunlangan 2019-yildagi eng faol qo’llangan yil so’zi sifatida e’tirof etildi. Jamoatchilik nazoratida, ijtimoiy muammolarni ko’tarishda blogerlar faolligi qayd etilgan.