O’zbekistonda hokimlar zo’ravonligi to’xtamayotgani jazosizlikda, Karimov davridan kelayotgan boshqaruv usuli o’zgarmaganida ko’rilmoqda.

2020-yil boshlanishi mahalliy hokimlar zo’ravonligi aks etgan navbatdagi ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda bug’doy dalasini payhon qilgan chorva mollari so’yib tashlanayotgani aks etgan video tarqadi. Fermer xo’jaliklarining bug’doy dalasiga kirgan bu chorva mollarini so’yib tashlash topshirig’i viloyat hokimi Zoir Mirzayevga tegishli ekanligi aytildi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi mazkur vaziyat o’rganilayotgani yuzasidan bayonot tarqatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o’tkazilayotgani bildirildi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan tarqatilgan bayonotda esa viloyat hokimi bug’doy dalalari payhon qilinishiga nisbatan qonuniy choralar ko’rishga topshiriq bergani, mollarni so’yib tashlashga ko’rsatma bermagani aytiladi.

Mahalliy hokimlar zo’ravonligiga doir tarqalgan ikkinchi ma’lumot Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga tegishli deb ko‘rilayotgan audio yozuvlardan iborat.

Tuman hokimining mahalliy fermerlar bilan o’tkazgan majlisidan olingan bu audio yozuvlar hokimning madaniyati, muomala darajasi qanchalik ekanligini ko’rsatadi. Unda haqorat va so’kinishlardan boshqa narsa deyarli aks etmagan.

Bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotda tarqalishi ortidan Namangan viloyat hokimiyati Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevning xulqi muhokama qilingan maxsus yig’ilish o’tkazilgani haqidagi bayonot bilan chiqdi.

Viloyat hokimiyatiga ko’ra, audiodagi yozuvlar egasi Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyev ekanligi tasdiqlangan. Hokim tuman aholisidan kechirim so’ragan. Boshqa bu kabi holat takrorlanmasligiga va’da bergan.

Viloyat hokimiyati har qanday vaziyatda inson qadri va sha’ni tahqirlanishiga keskin qarshi ekanligini bildirib o’tgan. Namangan viloyat prokuraturasi bayonotida ham mazkur holat yuzasidan tegishli qaror chiqarilishi ta’kidlanadi.

Mahalliy hokimlar vakolat doirasidan chiqishda, zo’ravonlikka, haqoratga doxil har ikki holat ham haqorat va tuhmatda ayblangan bloger Otabek Nuritdinovga 15 kunlik qamoq jazosi tayinlanishi ortidan kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda, hali mahalliy hokimlar zo’ravonligi bilan bog’liq navbatdagi holat yuzaga chiqmasdan, haqorat va tahdidlar bilan tanilgan hokimlarning davlat mukofotiga loyiq ko’rilgani, bloger esa buning uchun 15 kunlik qamoqqa tashlangani qayd qilinayotgan edi.

Namanganlik bloger Abbos Asad hokimlar zo’ravonligi aks etgan navbatdagi ma’lumot tarqayotganidan ajablanmaganini, mamlakatdagi boshqaruv aynan haqorat va zo’ravonlikka asoslanganiga ishonadi.

“Quyi tabaqadagi amaldorlar tepada ko’rayotganlarini takrorlashadi. Ular ish yuritishning boshqa usullari, madaniyati bilan tanish emaslar. Umuman bu muammoning ildizi, sovet usuli, xususan Karimov boshqaruvi davriga borib taqaladi. Aynan Karimov davrida shu toifadagi rahbarlar yetishib chiqdi. Zo’ravonlik, urish, haqoratlar boshqaruvning asosiy usuli sifatida qabul qilindi. Mingbuloq hokimi nisbatan yosh avlod vakili. Ammo uning rahbarlikka kelishi, shu maqomga erishishi bevosita Karimov davrida yetishgan kadrlar qo’l ostida amalga oshgan. Uning o’zi ham xuddi shunday haqoratlarni eshitib, rahbarlikka erishgan. Endi ko’rganlarini, eshitganlarini boshqalarga o’tkazmoqda. Xullas, Karimov davrida ekilgan, yetishtirilgan kadrlar bugun to’la o’z hosilini bermoqda. Shunday ekan, bu vaziyat meni ajablantirmaydi”, deydi Asad.

Ijtimoiy tarmoqdagi munozaralarda hokimlar, amaldorlar o’z zo’ravonligi, haqoratlari uchun jazosiz qolayotgani muammoning asosiy sabablaridan biri sifatida ko’riladi. Shu munosabat bilan, haqoratlari va zo’ravonligi bilan tanilgan hokimlarning davlat mukofoti bilan taqdirlanishi ham eslab o’tilgan.

O’zbekistonda boshqaruv tomonidan kuzatilayotgan aksariyat zo’ravonliklar mahalliy hokimlar faoliyatida aks etmoqda.

Hozirgacha, deyarli barchasi senator maqomida bo’lgan, Buxoro, Andijon, Farg’ona viloyati, Toshkent shahri hokimlarining zo’ravonligi, haqoratlariga doir bir nechta holatlar jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo’lgan.

Senat tomonidan o’z lavozimiga uch oylik sinov muddati bilan tayinlangan Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev hatto sinov muddati davrida ham o’z zo’ravonligi bilan jamoatchilik diqqatiga tushishga ulgurdi.

Hokimlar, amaldorlar zo’ravonligi aks etgan holatlarning aksariyati O’zbekiston prokuraturasi tomonidan o’rganildi, ammo jinoiy yoki ma’muriy ish ochishga asos topilmadi, faqat amaldorlarning odob axloqlini muhokama qilish uchun hukumatga tavsiyalar kiritish bilan cheklanildi.

Bloger Abbos Asadning ishonishicha, o’zbek amaldorlari, ayniqsa hokimlar o’z qo’li ostidagi xodimlarga “siz” deb murojaat qilishga jazm etishmaydi, ularning boshqaruv usuli muomala madaniyatining bu oddiy ko’rinishini ham qabul qila olmaydi.

“Boshqaruv miqyosida o’tkazilayotgan selektor yig’ilishlariga diqqat qiling, bu majlislarning  jamoatchilik uchun yopiq qismida nimalar bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas”, deydi bloger.

Prezident, bosh vazir yetakchiligida o’tkaziladigan selektor yig’ilishlari asosan ijro hokimiyati vakillari uchun mo’ljallangan majlis hisoblanadi.

“Amerika Ovozi” uchun Malik Mansur