Mahalla qo’mitasi raislarini haqoratlagan, kaltaklagan Mirsihkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov bilan bog’liq navbatdagi mojaro o’zbek hokimlari kimga va nimaga ishonib zo’ravonlikdan voz kechmayotganiga doir munozaralarni qo’zg’adi.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyevning mojaro yuzasidan prezidentning obro’sini to’kayotgan kaltafahm, pastkash shaxslarga doir bayonoti esa bu boradagi bahslarni avj oldirdi.
Deputat Kusherboyev bu kabi mulozimlar bilan O’zbekiston kelajagini qurib bo’lmasligini ta’kidlar ekan, hokimni lavozimdan ixtiyoriy iste’fo berishga chaqiradi.
Ammo vaziyatga bevosita daxildor, mamlakat boshqaruv tizimida ta’sis qilingan yangi idora Mahalla va oilani qo’llab quvvatlash vazirligi, hokim tomonidan haqoratlanganlar, kaltaklangan deb ham ko’rilayotganlar barchasi mahalla qo’mitalari raislari ekanligiga qaramasdan, mojaro yuzasidan sukutda.
Hukumat amaldori bilan bog’liq navbatdagi mojaroni muhokama qilayotgan jamoatchilik hokim jazolanishi kerak degan fikrda. Hokim zo’ravonligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinar ekan Qashqadaryo viloyati hokimiyati, Bosh prokuratura ham vaziyatdan chetda qolmagan.
Avval o’zi qo’l ostidagi mulozimlarga zo’ravonlik ko’rsatgani uchun Bosh vazir o‘rinbosarligidan chetlatilgan, keyinchalik esa tuman hokimligidan viloyat hokimligiga ko’tarilgan Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev hokim Baxtiyor Rajabovning xulqi mahalliy deputatlar kengashida muhokama qilinishi bildirgan.
Baxtiyor Rajabov so’nggi vaziyatga ko’ra ham o’z lavozimida faoliyat yuritmoqda, unga nisbatan biror tashkiliy yoki ma’muriy chora ko’rilayotgani hozircha ma’lum emas.
Bosh prokuratura bu boradagi munosabati hokimlar zo‘ravonligiga oid bildirilgan avvalgi bayonotlardan farq qilmaydi; ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Mirishkor tuman hokimi Baxtiyor Nazarovga tegishli deb ko’rilayotgan audioyozuvlar o’rganilmoqda, natijalari haqida qo’shimcha ma’lumot beriladi.
Daryo. uz muxbiri bilan uchrashgan hokim Baxtiyor Nazarovning o’zi esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan audioyozuv unga tegishli ekanligini, mahalla raislarini haqorat qilganini ham tan olgan. Hokim faqat ular kaltaklaganini rad etgan.
Nashr xabar berishicha, hokimiyatdagi majlisda qatnashgan mahalla qo’mitasi raislaridan biri hokim 4-5 nafar mahalla raisini urganini, ular orasida mahalliy kengash deputati ham bo’lganini, hatto kaltaklanganlardan birining qovurg’asi sindirilganini ham aytgan.
Nashr, hokimiyatdagi majlisga doir ma’lumotlarni oshkor qilgan manba o’z shaxsi sir saqlanishini so’raganligini ta’kidlaydi.
Mirishkor tuman hokimi Baxtiyor Rajabov bilan bog’liq zo’ravonlik, mojaroga oid matbuotdagi mavjud tafsilotlar huquq tartibot organlari uchun hokim tomonidan haqoratlangan, kaltaklangan fuqarolar kimligini aniqlash murakkab bo’lmasligini ham ko’rsatmoqda.
Ayniqsa, tuman miqyosida kaltaklanganlarning kimligi allaqachon ko’pchilikka ayonligi inobatga olinsa. Ammo prokuratura fuqaroga tan jarohati yetkazish bo’yicha hokimga nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atishda qanchalik jur’at topishi mavhum masala.
Har holda hozirgacha hokimlar tomonidan kuzatilgan zo’ravonliklar bo’yicha amaldorga qarshi biror jinoyat ishi ochilgani jamoatchilikka ma’lum emas.
Hokimlar navbatdagi zo’ravonligi bilan bog’liq mojaro mamlakat boshqaruv tizimidagi yangilik, prezident farmoniga ko’ra ta’sis etilgan Mahalla va oilani qo’llab quvvatlash vazirligi faoliyatini ham, vakolatlarini ham shubha ostiga qo’yadi.
Rahmat Mamatov rahbarlikka tayinlangan yangi vazirlik farmonga muvofiq mahalla qo’mitalari faoliyatini muvofiqlashtirishi, ularning mustaqilligi ta’minlashi kerak edi.
Yangi vazirlik tashkil etilishi ortidan, vazir o’rinbosari Elmira Bositxonova buyog’iga mahalla qo’mitalari raislari, xodimlari hokimliklarga bo’ysinmasligi, hokimiyatlar mahalla qo’mitalaridan hisobotlar talab qilishga, ularni turli tashkiliy ishlarga jalb etishga haqli emasligi yuzasidan bayonot qilgan edi.
Mirishkor tuman hokimligida o’tkazilgan majlis, unda ishtirok etgan mahalla qo’mitalari raislarini haqoratlanishi, kaltaklanishi amalda hokimlarga berilgan vakolatlar cheksiz qolayotganini ko’rsatadi.
Prezidentga, hokimiyatga, tuzumga sodiqlik bilan niqoblanayotgan bu vakolatlar esa bevosita inson qadri, huquqlariga tajovuz qilayotgani, bu qadriyatlarni biror seskanishsiz toptayotgan hokimlarning baralla javobgarlikdan xoli qolayotgani hukumatning taraqqiyot va demokratik jamiyatga oid bayonotlarini ayanchli qiyofada namoyon etadi.