O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davridagi eng munozaralari tashrifini amalga oshirdi.
Moskvada G’alaba paradida qatnashgan Mirziyoyev ko’ksiga bir paytlar O’zbekistonda taqiqlangan, Rossiyada g’alaba ramzi sifatida qabul qilingan Georiy tasmasini taqqani bilan jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Diqqatlisi, paradda ishtirok etgan barcha prezidentlar ham bu tasma bilan ko’rinish bergani yo’q. Masalan, Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart Toqayev, hatto Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham.
Prezidentlar paraddagi manzarasidan kelib chiqilsa, Georgiy tasmasini taqish yoki taqmaslik Rossiyaga, xususan, Prezident Vladimir Putinga sodiqlikni namoyon etuvchi ramzdek ham tuyiladi.
Georgiy tasmasini taqib Vladimir Putin bilan uchrashgan, G’alaba paradini tomosha qilgan Prezident Mirziyoyev O’zbekistonda bu tasmaga nisbatan munosabat ziddiyatli ekanligidan, Rossiya imperiyasi timsoli o’laroq qabul qilinayotgan bu ramz bir paytlar ustozi, marhum prezident Islom Karimov tomonidan taqiqlanganidan ham xabarsiz deyish qiyin.
Umuman jamoatchilik, oddiy aholi tomonidan turli nishonlar, timsollar taqilishi, namoyish etilishi muhokama uchun asos bo’lmasligi mumkin, ammo bunday timsollar davlat rahbari miqyosida namoyish etilar ekan, siyosiylashadi.
Prezident Mirziyoyev O’zbekistonda bu tasmaga nisbatan ziddiyatli munosabatlarga barham berilganini namoyish etmoqchi bo’lgandir, ehtimol.
Ammo prezident, jamoasi ham adashgan ko‘rinadi; G’alaba paradida ko’ksiga Georgiy lentasi taqilgan O’zbekiston prezidentini ko’rgan jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda o’z noroziligini bildirmoqda.
Jamoatchilik O’zbekiston prezidenti Rossiya imperiyasi ramzi bo’lgan tasma taqqanini yoqlamagan.
Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik davridagi biror xorijiy tashrifi Moskva safari kabi norozilik uyg’otgani kuzatilmagan.
Mirziyoyevning bu munozarali tashrifiga oid munosabatlardan shunday xulosalar ko’zga tashlanmoqda:
Marhum Karimov davrida Georogiy tasmasi O’zbekistonda taqiqlanganidan norozi bo’lib kelgan Moskva bu tasma uning vorisi, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko’ksiga namoyishkorona taqilishiga erishdi.
Bilib yoki bilmay Kreml irodasini ifoda etgan Prezident Mirziyoyev uni qo’llab kelgan jamoatchilikdagi ayrim guruhlar hafsalasini pir qildi.