O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev aholini ijtimoiy himoyalashda yangi, shaffof, adolatli tizim va’da qilmoqda. Prezident bu bilan amaldagi tizim ishlamayotganini nihoyat bilvosita tan olayotgandek.  

Hukumatning karantin munosabati bilan nochor oilalarga uyushtirgan bir martalik yordam aksiyasi haqiqatda bu borada jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko’rsatdi.

O’zbekiston hukumatining pandemiya munosabati bilan ijtimoiy nochor qatlamga tarqatgan bir martalik yordami korrupsiyaga doir mojarolardan xoli bo’lmadi; ijtimoiy tarmoqlarda ajratilgan yordam miqdori bir million so’mning nochor oilalarga yetib borguncha 900, 700, hatto 500 ming so’mga ham tushib qolgani haqida yozildi, turli videolar tarqadi.

Hukumatning bu aksiyasi ijtimoiy yordamga da’vogarlar hokimiyatlar belgilagan 450 ming oiladan ancha ko’p ekanligini ham ko’rsatdi. Yordam olish uchun tortishayotgan aholi bilan bog’liq manzaralar ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in munozara uyg’otdi.

Hukumatning nima sababdan pandemiya, virus avjga chiqayotgan bir sharoitda naqd pulni qo’lma-qo’l tarqatishga qaror qilgani tushunarsiz.

Har holda bu yordam muhtoj deb belgilangan oilalarning bank kartalariga tushirib berilganida, bir tomondan karantin davridagi xavfsizlik ta’minlansa, boshqa tomondan hokimiyatlar, mahalla qo’mitlarining bu yordamdan o’z ulushlarini urib qolishining ham oldini olish mumkin bo’lar edi.  Qolaversa, pulni tarqatish bilan bog’liq xarajatlar ham ancha tejalar edi.

Ammo hukumat noma’lum sabablarga ko’ra, bu aksiyani bevosita, turli idoralar, binolarda ro’yxat bo’yicha qo’lma-qo’l o’tkazishni ma’qul ko’rdi. Umid qilamizki, bu g’alati qaror hokimiyat yordamini televideniye orqali keng namoyish qilish maqsadiga bog’liq emas.

Xullas, hukumatning ijtimoiy nochor qatlamga ko’rsatgan bir martalik yordam aksiyasi bilan bog’liq mojaro va noroziliklardan Prezident Shavkat Mirziyoyev xabarsiz qolmagan.

4-avgust kuni prezident rahbarligida o’tgan selektor yig’ilishida ijtimoiy nochor qatlam bilan ishlash, ijtimoiy himoya tizimida adolatni ta’minlash masalasi muhokama qilingan.

Prezident bu yig’ilish barobarida  shu kuni aholi ijtimoiy himoyasiga qaratilgan yana bir qarorni imzolagan.

Qaror “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Qarordagi “avtomatlashtrish” atamasi diqqatga molik. Mohiyatan bu ibora ijtimoiy yordam ko’rsatishda imkon qadar inson ta’sirini, ya’ni mahalliy hokimiyatlarda, mahalla qo’mitalarida o’tirgan rahbarlar, shaxslar ta’sirini cheklashni nazarda tutishi kerak.

Ammo avtomatlashtirish, afsuski, ijtimoiy yordam ko’rsatishda mahalla qo’mitalari va qog’ozbozlik mutlaqo soqit qilinadi degani emas. Garchi ijtimoiy himoya olish uchun zarur ma’lumotnomalar soni kamaytirilishi ta’kidlansa-da, muhtoj oilalarning ro’yxatini shakllantirish, tuzish, tasdiqlash bir qadar murakkablashgan ham.

Yangi tartibga ko’ra, mahalla qo’mitalari tomonidan tuzilgan muhtoj oilalar ro’yxati xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.  Ijtimoiy yordamning adolatli taqsimlanishiga esa mahallalardagi nuroniylar, faollar ham jalb qilinishi kutilmoqda.

Xullas, ijtimoiy nochor qatlamni, muhtojlarni aniqlashda mahalliy hokimiyat, mahalla qo’mitalari safiga yana bir idora – xalq deputatlari mahalliy kengashlari ham qo’shilmoqda.

Mamlakatda deputatlar haqiqatdan mustaqil hokimiyatni tamsil etganda, aholi, saylovchilar haq-huquqlari uchun jiddiy kurashishi bilan ajralib turganda, ehtimol ijtimoiy himoyalashning yangi tizimi prezident ta’kidlaganidek shaffof va adolatli ishlab ketishiga umid qilish mumkin edi.

Ammo, bunday emas, mahalliy kengashlar ham, mahalla qo’mitalari singari mahalliy hokimliklar chizig’idan chiqmasligi ortiqcha ta’rifga muhtoj emas.

Qolaversa, nochor oilalar ro’yxatini aniqlash kengashda muhokama qilinadigan emas, tegishli vazirliklar shug’ullanishi lozim bo’lgan masaladek.

Kambag’allikni yo’qotish uchun tuzilgan yangi vazirlik (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartish vazirligi) mamlakatda 4-5 million aholi kambag’allikda yashashini e’lon qilar ekan, bu e’lon shuncha aholi bevosita ijtimoiy yordamga  muhtoj ekanligini ham anglatib turgandek.

Ammo diqqatlisi shundaki, kambag’allikni qisqartirish vazirligining o’zi ham  hozircha kambag‘allik mezonlarini aniqlay olmayapti. Masala O’zbekistonda 2030- yillarga boribgina aniqlik kasb etishi mumkin:

“Oʼzbekistonda kambagʼallikni qisqartirishning 2030-yilgacha strategiyasi va konsepsiyasi tayyorlanmoqda. Unda kambagʼallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullari, ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari, taʼlim, sogʼliqni saqlash, uy-joy taʼminoti va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha ilgʼor xorijiy tajribadan (xususan, Xitoy tajribasidan) foydalanish koʼzda tutilgan” deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartish vazirligi bayonotida.

 

Malik Mansur “Amerika Ovozi” uchun