Mustaqillikning 29 yilligi nishonlanayotgan O’zbekistonda Renessans (Uyg’onish) davri boshlanayotgani aytilmoqda.

O’zbekiston uchun mamlakat mustaqilligining chorak asri bir kishi, marhum Islom Karimov boshqaruvi, diktaturasi ostida o’tdi.

30 yil davomida mustaqillik ulug’ ne’mat ekanligi tinimsiz ta’kidlab kelingan mamlakatda to’rt yildan buyon o’zgarishlar, islohotlar, yangi O’zbekiston, so’nggi kunlarda hatto Uchinchi Renessans haqida gapirilmoqda

Sobiq tuzum, diktaturaning mustaqil mamlakat tarixidagi o’rni hali tahlil qilinganicha yo’q. Zotan so’nggi yillardagi o‘zgarishlar va islohotlar yetakchisi sifatida taqdim qilinayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga shu tuzumning vorisi sifatida kelgan.

Davlat boshqaruvida, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotda islohotlar bo’lishini e’lon qilgan Mirziyoyev hozircha avtoritarlikdan voz  kechish irodasini to’liq namoyon etmadi. Ammo mamlakatda demokratik tamoyillar qaror topishini, siyosiy, diniy erkinliklar ta’minlanishini, ochiq fuqarolik jamiyati shaklanishini va’da qilmoqda.

O’zbekistonliklar insonning oddiy, birlamchi huquqi hisoblangan bu ustuvorliklar ta’minlanishini mustaqillik ulug’ ne’matligi haqidagi shiorlar bilan bezalgan  turg’unlik davridan buyon kutib kelishadi.  

Chorak asrga cho’zilgan turg’un davr qarshisida islohotlar shabadasi esayotgan, hurriyat,  erkinlik va’dasi berilayotgan so’nggi to’rt yillik fursat berilgan va’dalarni amalga oshirish uchun balki kamdir. Katta ehtimol bilan buning uchun Shavkat Mirziyoyevga yana bir prezidentlik muddati zarur bo’ladi. 

Va yanada kattaroq ehtimol bilan O’zbekiston xalqi Shavkat Mirziyoyevga bu muddatni taqdim etadi, chunki saylovlar yaqin, mamlakatda amaldagi hokimiyat bilan raqobatga kirishuvchi boshqa bir muqobil, mustaqil siyosiy kuch ko’rinmaydi, xalqda siyosiy tanlov imkoniyati hamon yo’q.

Albatta, chorak asr davomida mamlakat siyosiy maydonida muqobillik raqsini ijro etib kelgan rasmiy partiyalarning navbatdagi saylovlarga ham hozir va nozir turishgani bundan istisno qilinsa.   

Mustaqillik orzudan sodir bo’lgan faktga, voqelikka aylanar ekan, millat, xalq, jamiyat intilib yashashi lozim bo’lgan maqsad ham o’zgaradi, ayni o’rinda bu O’zbekistoning davlat sifatida qanday ustuvorlik, tamoyillarga muvofiq  rivojlanishi masalasidir.

Buni esa hokimiyatga adolatli saylov asosida kelgan lider, davlat rahbari amalga oshiradi, aynan xalqning shu tanlovi mamlakat kelajagini, rivojlanish yo’nalishini belgilashi kerak.   

30 yillik turg‘unlik davrini boshdan kechirgan mamlakat uchun tanlov oydindek; shaxsga sig’inish, hukumatga qulluq qilish, hokimiyatning tor doirada o’zlashtirilishi, matbuotning og’ziga qulf urish, jamiyatni faqat bitta shaxs yetakchiligiga ko’niktirish, muqobil qarashlar, muxolif siyosiy kuchlarga toqatsizlik istiqbol ham, milliy yuksalish ham emas, aksincha o’tilgan davrga, ortga qaytishdir.

Mustaqillikning 29 yilligi munosabati bilan poytaxtdagi yangi inshootlar bilan tanishgan, korxonalar ishga tushirilishi marosimida qatnashgan, Shahidlar xotirasi xiyoboni, Mustaqillik maydonini ziyorat qilgan Prezident Mirziyoyev “jamiyatnin barcha jabhalarini  erkinlashtirish, so’z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish” yuzasidan boshlangan ishlar ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta’kidladi.

Prezidentning mustaqillik munosabati bilan yana bir bor takroran ta’kidlayotgan bayonoti, bu bayonotning mamlakatda navbatdagi siyosiy mahbuslar qamoqdan chiqarilishi, prezidentga yog’dirayotgan minnatdorchiliklar namoyishi bilan kuzatilayotgani o’zgarishlarni jamiyatga ham, tashqi dunyoga ham haqiqatda shubhasizdek ko’rsatadi.

Siyosiy maydonda shubha odatda ekspertlarga, matbuotga, muxoliflikdagi raqobatchilarga xos tuyg’u, iqtidordagi hukumat bu borada tanqidchilardan bir qadar xoli, mamlakat ichida siyosiy raqobatchilar hali shakllanmadi, o’zbek matbuoti hokimiyatga shubha bildirish qudratida emas, bunday vaziyatda o’zgarishlarning  shubhasizligi ham nisbiylikdan uzoq emasligini qayd etish lozim.

O’zbekiston kichik davlat emas, har holda azaldan yaxlit bir mintaqa rivojlanishi, madaniyati, taraqqiyoti asosi, markazi bo’lib kelgan, bu tarixiy vakolatning turli davrlarda qanday, qanchalik bajarilgani boshqa masala, ammo mamlakat zimmasidagi bu mas’uliyat bugun ham soqit emas.

Shu ma’noda uchinchi Renessans davri haqida bayonot qilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonning (avvalida Turkistonning ) mintaqadagi bu tarixiy missiyasi haqida tasavvurga ega.

Uchinchi uyg’onish davriga doir bayonot jozibadorlik uchun emas, mas’uliyati uchun qilinayotgani amalda, hayotda tasdiqlanishi kerak.

Hozircha, prezidentning bu jarangdor bayonotidan qat’i nazar, o’zbek jamiyatining o’zi hali qaramlik ruhiyatidan, turg’unlik qoldirgan qashshoqlik tamg’asidan mutlaq xalos bo’lmagan. Hukumat, unga doxil idoralar jamiyat tafakkurini kishanlashga urinishdan voz kechmayotgan bir sharoitda mamlakatning tarixiy mas’uliyati, Uchinchi Uyg’onish davri haqida mulohazalar qilish ancha erish tuyiladi. 

Malik Mansur