Bu yilgi o’qish mavsumi boshlanishi arafasida, 31-avgust kuni Qashqadaryo viloyatidagi 13-maktab hojatxonasidan shu maktab direktorining osilgan jasadi topildi.  

47 yoshli direktorning o’z joniga qasd qilishi sabablari ayni paytda o’rganilmoqda. Marhum o’zini osishdan avval hamkasblariga xatni qoldirgan. Xatda xalq ta’limi tizimidagi korrupsiyadan shikoyat qilinadi.

“Hurmatli ustoz hamkasblar, har qanday sharoitda ham korrupsiyaga yo’l qo’ymang”, deb yozadi o’zini maktab hojatxonasining shiftiga osgan direktor.

O’zbek jamoatchiligi bu fojiadan larzaga keldi, deyish qiyin. Voqeani markaziy matbuot, televideniye deyarli yoritmadi, ta’lim tizimidagi muammolarni fojiali tarzda ochiqlab bergan bu hodisa jamoatchilikda jiddiy munozara qilinayotgani ham kuzatilmaydi.

Ammo bugun jamoatchilik diqqati xalq ta’limi bilan bog’liq boshqa bir jarayonga qaratilgan. Xalq ta’limi vazirligi xodimlarini haqoratlashda gumonlanayotgan sobiq deputat Kobul Do’sov va vazir Sherzod Shermatov o’rtasidagi mojaro mahkamada ko’rib chiqilmoqda. Xalq ta’limidagi korrupsiyaga oid da’volar  yangrayotgan mahkamada ham Qashqadaryoda o’z joniga qasd qilgan maktab direktori fojiasi eslangani yo’q. Vaholanki, maktab direktorining fojiali o’limi ta’lim tizimi inqirozda ekanligidan darakdek.

Direktorning o’limi shaxs fojiasi emas, ijtimoiy motivlarga egaligi, ta’lim tizimidagi korrupsiyaga bog’liqligini voqeani yaqindan o’rgangan faollar ham ta’kidlamoqda.

Mahalliy nashr “Nasafnews.uz”da 13-maktabdagi fojia yuzasidan bosilgan maqolada marhumning yaqinlari direktor o’limida undan pul  talab qilgan xalq ta’limi mutasaddisini ayblashadi. Qarzga botgan maktab direktori imkoniyatdan chiqishning so’nggi chorasi sifatida o’z joniga qasd qilishni tanlagani ehtimol qilinadi.  

Ayni paytda 13-maktab direktorining o’limi yuzasidan prokuratura tekshiruv o’tkazmoqda. Kitob tuman xalq ta’limi bo’limi boshlig’i “Daryo.uz” nashriga bergan intervyusida marhumning ichkilikka ruju qo’yganini ham iddao qilgan.

Ammo voqeani yaqindan o’rgangan faollarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, marhumning ichkilikka ruju qo’ygani haqidagi gaplar asossiz; maktab direktori ta’lim tizimidagi korrupsiya qurboni bo’lgan.

O’zbekiston xalq ta’limiga 2018-yildan boshlab rahbarlik qilayotgan Sherzod Shermatov islohotchi vazir sifatida taqdim etiladi, ammo amaldagi vaziyat xalq ta’limi tizimi hamon eng korrusiyalashgan sohalardan biri sifatida qolayotganini ko’rsatmoqda.

Qolaversa, o’qituvchilar jamoatchilik ehtiromiga munosibligi haqida yuksak minbarlardan aytilgan chaqiriqlardan qat’i nazar, tizimning o’zida ham o’qituvchilar har doim ehtiromga loyiq ko’rilayotgani yo’q.

Ma’lumotlarga ko’ra,  Xalq ta’limi vaziri maktab direktori bilan bog’liq fojia ortidan 10-sentabr kuni Qashqadaryoga safar qilgan, ammo Shermatov fojia yuz bergan Kitob tumanidagi 13-maktabni ham, o’z joniga qasd qilgan maktab direktorining uyini, yetim qolgan ikki nafar farzandini ham chetlab o’tgan.