4-oktabr Turkiston milliy ozodlik harakati faollari ommaviy qirg’in qilingan sana.
1938-yilning shu kunida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, yana faoliyati aksariyat jamoatchilikka noma’lum qolayotgan yuzdan oshiq o’zbek ziyolilari o’z vatanining poytaxti Toshkentda kommunistlar rejimi rahbari Stalin tasdiqlagan hujjatga muvofiq otib tashlangan.
Qatl etilganlarning barchasi milliy uyg’onish harakati faollari, jadidchilar edi.
Turkistonni bosqindan, qoloqlik botqo’g’idan, arosatdan ozod qilishga bel bog’lagan, buni qurolli qo’zg’alon emas, o’qish, ta’lim sifati bilangina amalga oshirishga shubha qilmagan ma’rifatparvarlar “xalq dushmani” tamg’asi ostida otuvga hukm qilindi.
Inqirozdagi Turkiston umidlari sifatida siyosiy maydonga chiqqan bu oydinlarning xiyonatkorona qatl etilgani uzoq yillar millatdan yashirildi.
Mustaqillikka kelib marhum prezident Islom Karimov jadidlar xotirasini abadiylashtirdi, Toshkentda muzey ochildi, Shahidlar xiyoboni bunyod qilindi. Ammo bundan qat’i nazar, jadidlar merosiga nisbatan xovotir tuzumni tark etmadi, ular adabiyoti mamlakatda targ’ib etilmadi, jadidlar g’oyasi qabul qilinmadi.
Iqtidordagi hukumat davriga kelib bu xavotir bir qadar bosilayotgandek ko’rinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o’qituvchilar kuni munosabati bilan o’tgan tantanada sovetlar qatl etgan jadidchilar Abdulla Avloniy, Mahmudxo’ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlash qarorini ma’lum qildi.
Stalin qatag’oni nafaqat qirg’in, balki jadidlar timsolidagi Turkiston ozodligi ruhiyatini cho’ktirishga, yo’qotishga ham qaratilgan edi.
Ammo bu ruhiyat sharpasi Fitrat, Cho’lpon adabiyoti taqiq ostida bo’lgan sovet zamonlarida ham Turkiston uzra kezib yurdi. O’tgan asrning 80-90-yillariga kelib O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan yangi o’zbek ziyolilari avlodini yuzaga chiqardi, ularga ruhiy dalda, ma’naviy kuch berdi.
Jadidlarlardan keyingi uyg’onish davrini tamsil etuvchi bu yangi avlodning ijtimoiy-siyosiy maydondagi faoliyati mustaqillik kurashi bilan yakunlandi, mustaqillikka erishilishi ortidan ham O’zbekistonda hokimiyat jadidlarni qirg’in qilgan kommunistlarning vorisi sanalgan siyosiy kuchlar qo’lida qoldi.
So’ngi uyg’onish davrini bo’g’ish, muxolifat sifatida maydonga chiqqan jadidlarning yangi avlodini yo’qotish, qamatish, quvg’in qilish bilan kuzatilgan bu siyosiy vorislik O’zbekiston uchun chorak asrlik turg’unlikka ulanib ketdi.
Mustaqillikka erishgan davlat shu turg’unlik bois jadidlar orzu qilgan ilg’orlik, modernizatsiya, zamonaviy dunyo bilan uyg’unlashishdan ayri yo’lga tushdi, diktatura tig’i ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini, aholi ongini-da zaharlagan mamlakatga aylandi.
O’zbekistonda hokimiyat almashgan bo’lsa-da, siyosiy vorislik an’anasi barham topgani haqida gapirish qiyin. Iqtidordagi hokimiyat buni sobiq tuzum rahbariga ko’rasatilayotgan doimiy ehtirom misolida jamaotchilikka ochiq taqdim etyapti.
Karimov davridagi turg’unlik jadidlar xotirasini abadiyshlatirish va ular merosini o’rganish, ehtiromlash mutlaqo boshqa-boshqa narsalar ekanligini ko’rsatdi.
Marhum prezident uchun masalaning siyosiy tomoni – jadidlarning Rossiya bosqiniga qarshi ozodlik kurashi ramzi ekani muhim edi; jadidlarning ta’limga asoslangan inqilob g’oyasi esa, aksincha, diktator moqomidagi Karimovni xavotirda ushlagani haqiqatga yaqin.
Marhum Karimovning vorisi Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada qanday yo’l tutadi, hozircha noma’lum.
Bugun mamlakatda xalq ta’limi inqirozli davrni boshdan kechirayotgani, shunday vaziyatda milliy ta’lim uchun jon fido qilgan Avloniy, Behbudiy, Munavvarqori xotirasiga yuksak ehtirom ko’rsatilgani inobatga olinsa, Mirziyoyev uchun masalaning siyosiy emas, aynan ma’rifiy tomoni ustundek ko’rinadi.
Jadidlar oruzusidagi Turkiston ilg’or ta’limga, ma’rifatga, taraqqiyotga asoslangan edi; bu orzu qobiqni, chegaralarni, monarxiya va diktaturani inkor etadi.
Turkiston istiqboli haqida mushohada yuritgan jadidlarning shu xulosalarda to’xtaganiga ham yuz yil, bir asrdan oshmoqda.
Bu xulosalar esa bir asr o’tib ham hozirgi O’zbekiston uchun hamon dolzarb. Mamlakatda so’nggi to’rt yilda yangi O’zbekiston haqida, yaqindan boshlab uchinchi Uyg’onish davri haqida gapirilmoqda.
Ammo jadidlar faoliyati tarixi shuni ko’rsatadiki, uyg’onishni bayonotlar emas, jamiyatning taraqqiyotga intilish kurashi, fikrlar va g’oyalar xilma-xilligiga qorishgan siyosiy muhit, tanlovning mavjudligi belgilaydi.
Malik Mansur