Qishning dastlabki sinovi “Yangi O’zbekiston” haqidagi ilk tasavvurlarni chil-parchin qildi.
Mamlakatga to’satdan yopirilgan energetik inqiroz so’nggi paytda targ’ibot-tashviqoti jiddiy kuchaytirilgan, ammo tushunchasi keng ommaga yetib bormayotgan “Yangi O’zbekiston” qiyofasini jamoatchilikka tiniq chizib berdi.
Bu qahratonda chiroqsiz, gazsiz yashashga mahkum qolgan mamlakat – O’zbekiston qiyofasi ekanligi ortiqcha ta’kidga muhtoj emas.
Jamoatchilikda “Yangi O’zbekiston”ning qiyofasi shu tarzda shakllanayotgani haqidagi xulosada ortiqcha kinoya, istehzo mavjud emas.
Chunki yopirilgan inqiroz kutilmagan emas, kutilgan, tayyorlanish, imkoniyatlar ishga solinganda chetlab o’tish mumkin bo’lgan inqiroz edi.
Bugun rasmiy idoralar gaz va elektr muammosiga iste’mol keskin ortganini, uskunalar quvvatni ko’tara olmayotganini sabab qilib ko’rsatayotgani mamlakat imijini ko’tarish bilan ovora hukumat shu paytgacha muammo yechimi uchun biror chora ko’rmaganidan ham darak beradi.
Vaholanki, o’zgarayotgan, yangilanayotgan mamlakat haqidagi shiorlarga to’rt yildan ko’proq vaqt o’tdi.
Bu vaqt davomida mamlakatda qanchadan qancha “City”lar qurildi, bunday tantanali loyihalar qurilishi davom ham etmoqda, ammo xalqning “teshik tog’orasi hamon teshik”, elektr simlarida quvvat yo’q, quvurlaridan gaz ham, suv ham oqmaydi.
Ancha avval chekka qishloq, tumanlardan boshlangan bu inqiroz kun kelib shaharlarga kirishi, poytaxtni ham zabt etishi vaqt masalasi edi.
Bugun shunday bo’lyapti ham, hokimiyat, siyosiy elita qo’nim topgan hududlarni inobatga olmasa, energetik inqiroz go’yo koronavirus misol mamlakat bo’ylab yoyilib bo’ldi, poytaxtni ham egallamoqda.
Bu inqiroz bejizga yangi virusga mengzalgani yo’q, chunki uning ham bevosita qurbonlari kam emas, aholining is gazidan halok bo’lishi so’nggi yillarda faqat O’zbekistonga xos ko’rsatkich bo’lib qolyapti.
Bu mintaqa misolida solishtirganda ham ancha dahshatli miqyos kasb etadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi o’tgan yilgi kuz-qish mavsumida 73 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib o’lganini bildirgan edi.
Aslida shu ko’rsatkichning o’ziyoq o’z xalqi salomatligini o’ylagan hukumat uchun tabiiy gaz, issiqlik ta’minotini keskin yaxshilash choralarini ko’rishga shubhasiz turtki berishi lozim edi.
Ammo yo’q, unday emas; bu yilgi mavsum ham allaqachon qurbonlar bilan kuzatilmoqda. Kechagina Qibrayda gazdan foydalanishdagi nosozlik tufayli yuz bergan portlashda ikki kishi halok bo’lgani; to’qqiz kishi – to’rt nafar talaba qiz, bir oilaning besh nafar a’zosi is gazidan zaharlangani xabar qilindi.
Avvalroq Samarqandda, Sirdaryoda xuddi shunday is gazidan zaharlanib o’lish holati kuzatilgan edi. Bu inqiroz endigina katta hayotga qadam qo’ygan yosh oilalarni o’z domiga tortayotgani yanada fojiali ko’rinadi. Mahalliy matbuot Samarqandda is gazidan zaharlanib o’lgan yosh oila fojiadan ikki kun avval turmush qurgani haqida yozgan edi.
Aholini qorong’i bir mavhumlikka, umidsizlikka itargan, bir haftadirki davom etayotgan bu energetik inqirozni kuzatib turgan Prezident Shavkat Mirziyoyev negadir jim.
Bunday favqulodda vaziyatda, ayniqsa, aholini gaz va elektr bilan ta’minlash hokimiyatga kelishdagi asosiy va’dalaridan biri ekanligi inobatga olinsa, mamlakat prezidenti allaqachon bayonot bilan chiqishi, o’z xalqiga hisobot berishi, vaziyatni tushuntirishi, hech bo’lmaganda, mas’uliyatni o’z zimmasiga olishi kerak edi.
Malik Mansur