O’zbekistonda marhum prezident Islom Karimovni xotirlash haftaligi bo’lib o’tdi.

Yangilanayotgan O’zbekistonni diktator xotirasiga ta’zimda tasavvur qilish juda qiyin.

Ammo asosiy marosim rasman prezident, hukumat delegatsiyasi, jamoatchilik, ziyolilar keng jalb qilingan holda o’tkazilgani inobatga olinsa, Karimov xotirasi, merosi yangi O’zbekistonning ham mafkuraviy ustuniga aylanib borayotgandek.

Marhumning 83 yilligi bu safar xotira haftaligi maqomida e’lon qilindi. Hafta (25-yanvar – 2-fevral) davomida o’tgan norsamiy tadbirlarda sobiq davlat rahbari mansub suloladan faqat yagona vakil – Tatyana Karimova ishtirok etdi. Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova qamoqda. Kichik farzandi Lola Tillayeva esa AQShga butunlay ko’chib ketgani aytiladi.

Karimov xotirasini abadiylashtirish, merosiga ehtirom ko’rsatish uning davrini 37- yillar qatag’oniga tenglashtirgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bo’ldi.

Xotira muqaddas, deyishadi. Prezident Mirziyoyev shaxs sifatida istagan kishisini ulug’lashi, unga ehtirom ko’rsatishi, ta’zim qilishi mumkin, shu jumladan, marhum Karimov xotirasiga ham.

Mirziyoyev xos doirada o’z ehtiromini marhumning bevasini yo’qlash, xotirasiga tilovat keltirish bilangina cheklanganda, ehtimol, bu xotira bir qadar samimiy, davr va tarix oldidagi to’g’rilik ham bo’lib ko’rinar edi.

Ammo o’zbek jamoatchiligi sobiq tuzum zulmi chekinganini his qila boshlagan, rasmiy targ’ibot mamlakat, rahbarlar, odamlar o’zgarayotganini uqtirib turgan, ijtimoiy ongda ojiz uyg’onish tebranayotgan bir manzarada marhum Karimov xotirasini mafkura darajasida taqdim etish yangi O’zbekiston haqidagi tasavvurlarni yanada mavhumlashtiradi.

Tarixiy haqiqat tiklanmagan, sobiq tuzumdan jabr chekkan minglab odamlar hamon adolatga tashna qolayotgan, qatag’onlar boshida turgan shaxs merosi daxlsiz; fikr, so’z erkinligi shartli qolar ekan, mamlakat yangilanishi mumkin emas.

Albatta, yangilanish deganda taraqqiyot nazarda tutilsa, har holda zamonaviy tarix zulm xotirasiga ta’zim qilish bilan yangilangan davlatlar ham ko’pligi, bu “yangilanish” ularni qayta turg’unlikka, diktaturaga cho’ktirganidan ham guvohlik beradi.

Shubhasiz, marhum Karimovning boshqaruvi mamlakat hayotida o’chmas iz qoldirdi; yurtning chorak asrlik tarixi shu nom, uning siyosati  bilan bog’liq.

Kimlar uchundir Karimov mamlakatni chorak asr ortga uloqtirgan, xalqni qashshoqlikka mahkum qilgan zolim rahbar; kimlar uchundir esa musaffo osmon, barqaror hayot timsolini beruvchi daho siyosiy arbob.

Karimov merosini tarixiy adolat hukmiga qoldirish kerakligi haqidagi qarashlar ham ko’p; aslida ham tarix shubhasiz o’z bahosini beradi.

Ammo buning uchun hech bo’lmaganda Karimovning siyosiy merosi hukumat muhofazasidan chiqarilishi, mafkuradan xoli qilinishi kerak.

Bir tomondan “siyosiy arbob” xotirasiga, haykaliga ta’zim qilish, boshqa tomondan uning qilmishlaridan dahshatga tushib, yaratgandan u davrlarning qaytmasligini tilash jamiyatni ham, o’zgarishlarni ham soxtalikka yetaklaydi.

Malik Mansur