O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi pul tarqatish va’dasi bilan obunachilarini poytaxt markazida to’plagan rossiyalik bloger harakatida qonun buzilishi holatini qayd etmagan.

Yolg’on ma’lumot tarqatishda gumonlanayotgan rossiyalik blogerga ko’rsatilgan bu marhamat e’tirozlarga ham sabab bo’ldi. Bu ehtirom mahalliy blogerlar turli ayblovlar bilan jarimaga tortilayotgan, qamoqqa tashlangan bir manzarada kuzatiladi.

“Subo” taxallusi ostidagi rossiyalik bloger o’zbekistonlik obunachilariga pul tarqatishini aytib, uchrashuvga chaqirishi, markazda yig’ilgan 200 nafarga yaqin kishini militsiya kuch bilan tarqatgani jamoatchilikda muhokama qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqdagi lavhalarda yoshlar qurshovidagi bloger huquq-tartibot vakillari himoyasida olomon orasidan olib chiqib ketilayotgani ko’rinadi.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan izoh bergan.

“13-iyul kuni Toshkent shahriga Instagram va Youtube ijtimoiy tarmoqlarida «Subo» nomi bilan tanilgan bloger Rossiya fuqarosi Mamedov Subxan Murad o‘g‘li tashrif buyurgan. Bundan oldinroq u o‘zining sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishini va obunachilari bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma’lum qilgan. Amir Temur xiyobonida Mamedovni kutib olish uchun 150-200 ga yaqin fuqarolar yig‘ilgan.

Yurtimizda karantin cheklovlari o‘rnatilganligi sababli, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari fuqarolarga karantin qoidalariga rioya etishni, ommaviy ravishda to‘planmasliklari tushuntirishgan, fuqarolar tarqatilgan. Bloger Mamedov bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Mazkur voqeada qonun buzilishi holatlari va tartibsizliklar yuz bermagan”, – deyiladi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan xabarda.

Ammo jamoatchilik ichki ishlar boshqarmasi izohidan norozi.

O’zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini sobiq rahbari Komil Allamjonov bu borada shunday yozadi:

“U bilan profilaktik suhbat emas, balki unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerak. Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak”.

Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov ham rossiyalik bloger bilan bog’liq voqeani chetlab o’tmagan:

“Bu provokatsiya. Pul beraman, deb qancha odamni yig‘ish mumkinligini kimlardir tekshirib ko‘rdi. Pul uchun davlati, g‘ururi va sharafidan bilib yo bilmay kechadiganlarni taxminan qancha ekanligini biz ham bilib oldik…” – deb yozadi deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

O’zbek blogerlari bilan bog’liq so’nggi vaziyatga ko’ra, Qashqadaryoda Elmurod Odilov ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy hokimlikni obro’sizlantiruvchi materiallar tarqatishda ayblanib sud qilinmoqda. Ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib 15 kunlik qamoq jazosini o’tayotgan bloger Fozilxo’ja Ortiqxo’jayev yangi aybnomalar bilan to’qnash kelishi mumkinligi haqida xabarlar mavjud. 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Otabek Sattoriy ustidan shikoyat sudi davom etmoqda.

O’zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o’zgarishlarga ko’ra, ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy tartibsizlik keltirib chiqaruvchi namoyishlarga da’vat etish 5 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Qo’shimcha izoh: Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi keyinroq yangi bayonot chiqarib, Amir Temur xiyobonida yuz bergan voqea yuzasidan 26 nafar fuqaro (shu jumladan, S.Mamedov va uning kuzatuvchilari) karantin qoidalariga zid ravishda jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgani xabar qilindi.

Malik Mansur