Bu bayram bahorning birinchi haftasida o’tkaziladi. O’sh shahrida tantana tadbirlari muqaddas Sulaymon tog’i etagida joylashgan istirohatgohda boshlandi. Mahalliy yoshlar qo’mitasi tashkil etgan konsert, tomosha va ko’rgazmada yuzlab kishi qatnashdi. O’quv yurtlari, mehnat jamoalarida ham milliy bosh kiyim o’ziga xos “bosh qahramon” bo’ldi. Oq qalpoq kuni Qirg’izistonda 2011-yildan buyon nishonlanmoqda. “Oq qalpoq – oppoq qorli osmono’par Olatovimiz timsoli, sofdillik, tozalik ramzi. Tadbirlarimiz milliy liboslar, milliy qadriyatlarni e’zozlash, targ’ub etishga qaratilgan”, – deydi yoshlar qo’mitasi vakili Talgat Qambarov. Qirg’iz qalpoqlarining oq, qora va ko’k turlari mavjud bo’lib, ular bezak hamda mato sifatiga qarab baholanadi. Ivitilgan sof qo’y junidan yaratiladigan ushbu libos qishu-yozda inson tanasiga mo’tadil harorat bag’ishlaydi. Sho’rolar davrida biroz diqqatdan chetda qolgan oq qalpoq hozirda Qirg’izistonda faxr bilan kiyiladi.
Suratlar muallifi Muhiddin Zarif.