Futbol bo’yicha Braziliyada o’tayotgan jahon birinchiligi – bugun Qirg’izistonda mavzularning mavzusi. Dumaloqki narsani koptokka o’xshatishadi. Shu kunlarda endigina bozorga olib chiqilgan tarvuzni ham. Kulcha-patir nonlarni ham. Tovuq tuxumi-yu havo sharlarini ham. Va keng soyabonli Amerika shlyapalari… Bahonai-sabab, bu narsalarning bozori qizidi.
Do’mboqqina bolachalar, to’ladan kelgan yigit-qizlarga nisbatan beg’araz hazil-mutoyiba, mehr-oqibatni-ku asti qo’yavering. «Do’mboqqinam, koptokkinam»…
Ko’cha-ko’yu, choyxona-guzarlarga futboldan boshqa gap yo’qday. Aytishlaricha, ha, deganda yo’l to’sishga odatlangan turli miting ishqibozlari ham futbol payti taym-out olar emishlar. Mana sizga koptokning jozibasi!
Vaqtdagi tafovut sabab, jahon chempionatining aksar o’yinlari Markaziy Osiyoda tunda namoyish etiladi. Jo’ralar orasida bir-birini uyiga, futbol “spektakl»liga taklif etish rasm bo’lgan (Qiy-chuv tonggacha cho’zilishi ehtimolini hisobga olsak, uy bekalariga sabr bersin).
Katta monitorlar o’rnatilgan kafelarning ish soatlari ham uzaytirilgan.
Qirg’izistonlik futbol ishqibozlarining yana bir qahramonlari bor – O’zbekistonlik referi Ravshan Ermatovning maydon chetidagi yordamchisi, o’shlik Bahodir Q’ochqorov. U kishining ham sochlari uncha-munchaga tik turmaydigan oltin boshlari omon bo’lsin, beb qolamiz.
Quyida bugun futbol dardi bilan yashayotgan qirg’izistonliklar aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif