Tojikistonda yuqori hokimiyat organi – parlament sayloviga bir yildan ozroq, 8 oy vaqt qoldi.
Saylov yaqinlashar ekan, mavjud hukumat namoyondalari respublikadagi ikki asosiy muxollifat – Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi (TIUP) va Sotsial demokratik partiya faoliyatiga turli yo’llar bilan to’sqinlik qilishmoqda.
Dastlab sotsial demokratik partiya yig’inlariga qarshi uyushtirilgan mitinglar, ofislariga qarshi harakatlar natija bergach, bunday harakatlar AQSh va Buyuk Britaniya elchixonalari oldida ham tashkil etildi. Barcha holatlarda ham miting ishtirokchilari mavjud hukumat harakatlarini qo’llagan holda norozilik bildirishgan.
Hukmron XDP tashabbusi sifatida ko’rilayotgan ana shunday harakatlardan biri yaqinda TIUPning Sug’d viloyat bo’limining buzilayotgan qarorgohi binosi oldida tashkil etildi.
Partiyaning viloyat bo’limi respublikada 27-iyun – umummilliy birdamlik kuni oldidan qarorgohlarida birdamlik mitingini o’tkazishni rejalashtirgan edi.
Shahar raisi o’rinbosari Umida Murodova TIUP Sug’d viloyat bo’limining bayram tashkil etish haqidagi so’rovini rasman rad etib, sizlar tadbiringizni umummilliy atab siyosiy odob doirasidan tashqari chiqqansizlar, sizlarniki bir partiyaniki, deb javob bergan.
Xo’jand shahar hokimiyati vakillari Sirdaryoning o’ng qirg’og’ida qurilishi tugallanayotgan “Nuri Islom” jome’ masjidi atrofini ko’kalamzorlashtirish va yo’lni kengaytirish maqsadida partiya qarorgohi buzilishi kerakligini talab qilishgan, ammo qarorgoh uchun yangi yer va buzilgan binoga kompensatsiya to’lash borasida hech gap aytishmagan.
Muxolif partiyaning ayrim faollari hukumat qarorini noqonuniy deb atab, uni nafaqat bir partiyaga qarshi harakat, balki umummilliy totuvlikni obro’sizlantirishga urinish deb bilishmoqda.
Xujand shahar arxitektura boshqarmasi rasmiysi islom partiyasi binosining buzilishi oldindan belgilangan loyihaga ko’ra bo’layotganini va hammasi qonuniy ekanligini aytgan.
TIUP raisi, Oliy Majlis deputati Muhiddin Kabiriy ham shahar hokimiyati qarorini noqonuniy deb atagan.
“Xo’jandda partiya binosini buzish biron bir huquqiy va qonuniy poydevorga ega emas. Ular shu yo’l bilan hammadan oldin Birdamlik bayrami tantanasining o’tkazilishiga qarshi chiqishyapti. Bu bilan milliy birlikka qattiq zarba urushdi. Bu xuddi Ko’lob va Badaxshondagidek oldindan tayyorlangan ssenariy asosida bo’ldi”, – deydi Kabiriy.
TIUP matbuot vakili Mahmudjon Fayzraxmonov qarorgohimizning vayron etilishi biz uchun alamli va dardli bo’lsa-da, bu ish kelishuv bilan hal etilishini istaymiz deydi.
Huquqshunos Fayziniso Vaxidovaga ko’ra, binoni faqatgina prokuratura qarori bilan buzish mumkin, shahar hokimiyati bunday vakolatga ega emas.
50 mingga yaqin a’zosi bo’lgan TIUP 2010-yilda o’tgan parlament saylovida 7 foizga yaqin ovoz olgan bo’lib, mamlakatdagi real kuchga ega muxolifat sanaladi.
TIUP Markaziy Osiyoda rasman ro’yxatdan o’tgan yagona diniy siyosiy partiyadir.
Islomiy partiya binosini buzishga qaratilgan xatti-harakat aks etgan suratlar quyida ilova qilinadi.
Suratlar va matn muallifi Ravshan Shams.