So’nggi yillarda O’sh (Qirg’iziston) tandirlarining bozori tobora qizib bormoqda. Avvallari har bir xonadon uchun muhim hisoblangan ushbu qurilma faqat mahalliy aholi tomonidan sotib olingan bo’lsa, endi talabgorlar safida xorijiy xaridorlar ham oz emas.

«Amerikada istiqomat qilayotgan tadbirkor hamshahrimiz ikkita non tandir va ikkita somsa tandirga buyurtma berdi. Rossiyalik nonvoy-u somsapazlar esa doimiy mijozimiz», – deya hikoya qiladi  tandirchi Turdiboy Nizomov.

Turdiboy akaning ishxonasi O’shdagi qadim Sulaymon tog’i yonbag’rida joylashgan. Topilgan qazilmalarga ko’ra, bu joylarda odamlar ikki-uch ming yildan buyon loydan turli idishlar yasab kelgan. Tandirning tarixi ham asrlar qa’riga borib taqalishi ayon.

Tandir tayyorlovchi ustaxonalar vodiyning deyarli barcha shahar-tumanlarida mavjud. Mahalliy ishbilarmonlarning aytishicha, O’sh tandirlari yuqori sifati  bilan ma’lum va mashhurdir.

«Tuproqni suv qurigan paytda shahar chetidagi kanalning tubidan olamiz. Bu tuproq yaxshi qotish va jipslanish xususiyatiga ega. Loyga qo’y juni aralashtiramiz, hosil bo’lgan massani yaxshilab «pishiramiz», – deydi usta. – Laxta-laxta qilib kesilgan  parchalar bir-biriga yopishtiriladi. Tayyor  mahsulot oftobda obdon quritilib, toblanadi».

Turdiboy aka o’gillari Shuhratbek, Tohirjon hamda jiyani Ulug’bek bilan erta bahordan kech kuzgacha peshona teri to’kadi.

Tandirning turi ko’p. Uy tandir, to’y tandir, nonvoy tandir, somsa tandir, go’sht tandir, yer tandir…

Uy tandirga oila ehtiyojiga yarasha – 18-20 ta – non sig’sa, to’y tandir 4-5 barobar «qudratli». Narxi ham shunga yarasha – uy tandir ming qirg’iz so’mi, to’y tandir  esa 4-5 ming (100 AQSh dollariga yaqin) turadi. Katta tandir tayyorlash kamida bir hafta vaqt oladi. Uy tandir, somsa tandir uchun 3-4 kun kifoya.

Zamona zayli bilan O’shning Sulaymon to’gi yaqinidagi Kulollar mahallasining faqat nomi qolgan. Sopol idishlarga talab juda oz, ko’plab kulollar boshqa kasbga ot’gan.

«Lekin kulolchilikning alohida yo’nalishi bo’lmish tandirchilikning umri boqiy. Non bor ekanki, tandir barhayot”, – deydi tandirchilar sulolasi vakili Turdiboy Nizomov.

Quyida tandir tayyorlash jarayoni aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif

DSC01091 DSC01812DSC01817DSC01820DSC01823DSC01827DSC01836DSC01837DSC01840DSC01842DSC01846DSC01851DSC01854DSC01861DSC01869