“Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim o’g’il bersin beshigingizga…”

Ushbu Ramazon qo’shig’i Markasiy Osiyo o’lkalarida necha yuz yillardan beri bolalar tomonidan aytib kelinadi, desak yolg’on bo’lmas. Hozirda unga yangi satrlar, motivlar qo’shilmoqda.

“Otni sotib, qiz oldik…”

Zamon yangi. Ammo azaliy, pok, o’sha Ramazon aytayotgan bola qalbiday sof orzu-tilaklar…

Ramazon oyi udumlari qirg’iz diyorida o’z jilosini sovetlar davrida ham yo’qotmagan. Mustaqillik yillari esa yanada rivoj topdi.

Mahallada ajib kechki gavjumlik. Bolalar va o’spirinlarning beg’ubor aytishuvlari. Bir-birini yo’qlash. Jamoaviy iftorlar. Savobli ishlar…

Va qalblarni yashnatuvchi ibodat…

Ramazon udumlaridan chin iymon, mehr-oqibat, o’zaro izzat, sabr-qanoat, shukronalik  ufuri urib turadi.

Ramazonda ro’zadorning ko’zi, qulog’i, tili, qalbi ham ro’zador. Iftor uchun ham toza luqma joiz. Ota-bobolardan qolgan har jihatdan sof va tabiiy nisholda, pashmak, holva-yu novvot ham aynan Ramazon oyida Janubiy Qirg’iziston do’konlarida birinchi darajali mehmonligi bejiz emas. Umuman, bozorlardagi mo’l-ko’lchilik – Ramazon barakali kelganidan dalolat.

O’shlik qariya Jamoliddin Karimov ushbu jazirama kunlarda ro’zador birodarlarga suv-choy o’rniga yetti xil shifobaxsh giyohdan tayyorlangan ichimlik ichishni tavsiya etadi. Uning aytishicha, ushbu ko’katlar mahalliy bozorlarda mo’l hamda arzon bahoda sotilishi bois, bunday ichimlikni tayyorlash oson.

Joriy Ramazon kunlari Janubiy Qirg’izistonda avtomobil benzini keskin qimmatladi. Mashinalar “ro’za tutganda”,  balki bunday bo’lmasmidi…

Oqshom. Bolalar eshik qoqmoqda.

“Ro’za keldi, bildilar-mi,

Qozonga yog’ quydilar-mi?”…

Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif.

DSC01638DSC01951 DSC01954DSC01955DSC01956DSC01959DSC01965DSC01968DSC01969DSC01971DSC01974DSC01979DSC01983DSC01985DSC01988DSC01994DSC01996DSC01998