Sho’rolar davrida Tojikistonning Isfara nohiyasi respublika shimoli-sharqida rivojlangan sanoat markazi bo’lgan. Hozirda Isfara shahrida sanoqli sanoat korxonalarigina ishlab turibdi.
Nohiya 1927-yilda O ‘zbekistonning Xo’jand okrugi tarkibida tashkil etilgan bo’lib, 1929-yilgi milliy chegaralanishga ko’ra Tojikistonga berilgan.
Nohiya shimolidagi Lakkon qishlog’ining Turkiston to’g tizmasi etaklari O’zbekiston chegara qo’shinlari tomonidan piyodalarga qarshi minalashtirilgan bo’lib, respublikada ilk mina qurbonlari aynan shu erda bo’lgan.
Isfaraning bir vaqtlar gurkiragan Kim, Neftobod va Sho’rob shaharchalari bugun qariyb tashlandiq holga kelgan. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan qishloqlardagina hayot qaynaydi. Ana shunday joylardan biri Chorko’h bo’lib, (o’zbekchada to’rt tomondan tog’lar bilan o’ralgan – To’rttog’ ma’nosini beradi) respublikadagi eng yirik qishloq hisoblanadi.
Qo’shni qirg’izlar bilan suv va yer uchun chegara mojarolari nohiyada tez-tez sodir bo’lib turadi. Ikki xalq o’rtasidagi suv va yer uchun tortishuvlar sho’rolar davrida, 1982-yildayoq boshlangan bo’lib, mustaqillik yillari ikki mamlakat chegara qo’shinlarining orada qurbonlar ham bo’lgan harbiy to’qnashuvlarigacha borib yetdi.
O’qtin-o’qtin takrorlanib, odamlar halokatiga sabab bo’layotgan mojarolarda har ikki tomon bir-birini ayblab keladi. Suv va yer muammosiga mustaqillikdan so’ng qishloqlarni o’zaro bog’ovchi yo’l masalasi ham qo’shildi.
Chorko’hga olib boruvchi yo’llar Qirg’iziston orqali o’tadi. Vorux qishlog’i hududidan Qirg’izistonning Laylak nohiyasi markazini respublikaning boshqa hududlari bilan bog’lovchi yagona yo’l o’tadi, bu ham o’zaro nizo o’chog’iga aylangan.
Qirg’iziston hududlaridan oqib keluvchi Kishanbish va Karafshin soylari Tojikistonning Qirg’iziston hududida jo’ylashgan anklav qishlog’i – Voruxda birlashib, Isfara daryosini tashkil etadi. Daryo suvi respublikaning Isfara va Konibodom shahar va nohiyalari hamda O’zbekistonning Farg’ona viloyati nohiyalarini suv bilan ta’minlaydi.
Tojikistonlik ba’zi suv xo’jaligi mutaxassislari fikricha, qo’shni qirg’izlar keyingi yillarda Karafshin soyini to’sib, o’z hududlarida suv ombori qurishni rejalashtirmoqda. Maqsad Qirg’izistonning Laylak nohiyasida bir necha minr gektar yangi yerlarni o’zlashtirish. Reja amalga oshirilsa, Rog’un GESi uchun mo’ljallanayotgan Amudaryoning eng sersuv Vaxsh daryosi bo’gilishi mumkin.
Suv va yer uchun kurash bu hududda hayot-momot masalasiga aylangan.
Hududdagi qaltis sharoitni o’rgangan ba’zi atahlilchilarga ko’ra, mintaqada son jihatdan tojiklar qirg’izlarga qaraganda ziyodroq bo’lib, konflikt avj olib ketsa qirg’izlar ko’proq talofot ko’rishi mumkin.
Yanvar oyidagi otishmalardan so’ng chegara hududlariga qo’chimcha harbiy kuchlarning keltirilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Mutaxassislarga ko’ra, asosiy muamoni faqatgina Tojikiston, O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida uch tomonlamav suv taqsimoti bo’yicha yangi shartnoma imzolanishi hal etishi mumkin.
Quyida Isfarada olingan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams