Sahoba – ko’hna mozorga berilgan nom. Kech bahordan to kuzning o’rtalarigacha bu so’lim go’sha gavjum. Salqin tog’ havosi, betakror tabiat, qadim ziyoratgohlar mintaqaning turli burchaklaridan minglab odamlarni o’ziga jalb qiladi.
Sovuq tushgach, odatda, ziyoratchilar kamayadi va Sahobaning kuzgi-qishki jilosidan faqat mahalliy aholi, asl tabiat shaydolari-yu, betinim tadqiqotchilar bahramand bo’lishadi.
Sahoba ziyoratgohi O’shdan 40 chaqirim g’arbroqda, Kichik Oloy tog’lari yonbag’rida, dengiz sathidan 1200-2000 metr balandlikda joylashgan. O’ziga xos majmua tarkibiga katta istirohat bog’i, qadim mozor va bir necha obida kiradi.
Qirg’iziston Fanlar Akademiyasining Janubiy bo’limi xodimlariga ko’ra, bu joylar eramizdan oldingi ming yillikdan boshlab aziz joy sifatida ehtirom qilib kelinadi. Topilmalar ushbu maskanda qadimda eroniy qabilalar sig’inganidan dalolat beradi.
Olimlar fikricha, Sahoba degan atama keyinroq, islom dini O’rta Osiyoga kirib kelishi bilan paydo bo’lgan.
“Maqbarada saqlanayotgan bir necha o’n mozor toshlari (qayroqlar) XIII-XIV asrlarga oid, deyiladi. Toshlarda qisqa – 2-7 satrdan iborat – matnlar bitilgan’, – deydi mahalliy maktablardan biri muallimasi Zimrat opa. Bo’sh vaqtlarida u sayohatchilarga boshlovchilik qiladi.
Mahalliy aholi, asosan, tamaki, poliz ekinlari o’stirish, bog’dorchilik hamda chorvachilik bilan shug’ullanadi. Turli-tuman mevalar bu joylarda vodiydagidan kechroq, kuzga yaqin pishib yetiladi. Ayniqsa, Sahoba olmalari, do’lanasini yemabsiz – dunyoga kelmabsiz. Bu go’shaning qatiq-qaymog’i, qurutiga ham gap yo’q.
Mavsumda aholining ma’lum qismi ziyoratchilarga xizmat ko’rsatish bilan mashg’ul. Katta istirohat bo’gida osmono’par baqateraklar ko’lankasida bir qancha choyxona-oshxona, do’konlar, o’yingohlar faoliyat yuritadi.
Sahoba joylashgan Yangi-Novqat qishlog’ida Marg’ilon do’ppilari urf bo’lgan. Marg’ilon shevasi quloqqa chalinadi. Bu bejiz emas. Qishloqliklar azaldan qo’shni O’zbekistonning Marg’ilon, Farg’onasi bilan savdo-sotiq, quda-andachilik qiladi. Ammo keyingi yillarda, chegaradan o’tish oson emasligi bois, bordi-keldi keskin kamaygan.
Odatda yoshu-qari Sahobaga dam olish va ayni paytda obidalarni ziyorat qilish uchun keladi. Choyxonalarda behisob qozon qaynaydi. U yoqda dor tikilgan. Bu yoqda ashula-raqs. Qiz-juvon, er-yigit, qari-qartang – barcha o’ynab-yashnaydi.
Teshik tosh, qadim mozor, maqbaralarni ziyorat qilayotgan insonlar ezgu tilaklar bilan Yaratganga iltijo qiladi. Kimdir farzand tilaydi. Kimdir muammoga yechim, ishga rivoj. Tinchlik, omonlik, farzandlar kamoli, baxtu-saodat so’raydi hamma.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif,
Qirg’iziston