Yaqinda, yozning oxiri – kuzning dastlabki kunlarida, O’sh viloyati Novqat tumanining so’lim Sahoba oromgohida qarqarqishloqlik mashhur dorbozlar guruhi tomosha ko’rsatdi. Hafta davomida ixlosmandlarning safi arimadi.
“Qo’shni Aravondan keldik. Ota-bobolardan qolgan bu qadim san’atni sog’inib qolgan ekanmiz, maza qildik, – deydi o’zini fermer deb tanishtirgan Azamat aka Vohidov. – Avvallari biz tomonda ham yilda ikki-uch bor dor tikilardi. Hozir dorbozlar ko’proq xorijda pul topayapti, deb eshitaman”.
“Lochin” oilaviy guruhi Qorasuvning Qashqarqishlog’ida yigirma yil muqaddam tashkil topgan. Aslida guruh rahbari Shamsiddin aka Hojimatov 45 yildan buyon “simda”. O’z vaqtida u farg’onalik mohir ustozlar bilan birga chiqishlar qilgan, ularning duosini olgan. Faoliyati davomida ko’plab shogirdlar tarbiyalagan.
Tomosha boshlanishida 25 yoshli Lochinbek Hojimatovni masxaraboz rolida ko’rgan odam 15 daqiqadan so’ng baland dorda qaltis o’yin ko’rsatayotgan dovyurak yigitning aynan u ekanini bilmaydi.Tog’risi, taniy olmaydi.
Tosh irg’itadigan, mashina ostiga yotib, salkam bir tonnalik yukni ustidan o’tkazadigan azamat ham shu o’g’lon.
Uch yoshli Malikabonu esa shu tog’asining yelkasida simga chiqishni yaxshi ko’radi.
Keyin dorga Mavlonbek, Avazbek, Muhammadalilar ko’tariladi. 15, 10, 6 yoshli dorbozlar. Ikki yarim yashar Behruzbek ham simda tetapoya qilayapti.
“Olloh qalbingizga solsagina dorboz bo’lasiz. Bu mashaqqatli san’at birinchi navbatda halol-poklikni talab qiladi. Jasurlik, matonat, aql va sabr joiz”, – deydi Shamsiddin aka.
Sabr, deganda dorbozlar ko’p narsani nazarda tutadi. Jumladan, boriga shukr qilishni ham. Qadim an’anaga ko’ra, dorboz tomoshaga yig’ilgan xalq chorsiga tashlagan pulga qanoat qiladi. Oz-ko’p demaydi.
Keyingi yillarda daromad, asosan, xorijdagi tomoshalardan kelmoqda. Guruh Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon kabi o’lkalarni aylanib chiqqan. Har maskanda olqishlarga sazovor bo’lgan.
“Dorbozlik eskidan taraqqiy etgan Kavkaz ahlini lol qoldirish oson bolmasa kerak?” – deya savol yo’lladik biz.
“Ayniqsa, Dog’istonda dorni juda sevishadi, dor ustalari ko’p. Ammo u joylarda biznikiday 12-15 metrli baland dorlar tikilmaydi, 4 metrli qurilmada tomosha ko’rsatiladi. Har-bir dor maktabining o’zgachaligi, o’z jozibasi bor”, – deya javob qiladi Shamsiddin aka.
Dorboz yigitchalarning aytishicha, safarda yurishning foydalaridan biri – o’zga tillar, madaniyatlarga oshno bo’lish. Gastrollarni asosan bahorgi va yozgi maktab ta’tillari paytiga rejalashtirishsa-da, ba’zan darslardan qolishga to’g’ri keladi.
Avvallari Janubiy Qirg’izistonda dorboz guruhlari ko’p bo’lgan, deyishadi. Yaqin o’tmishda ham kamida 4-5 jamoa faoliyat yuritgan. Hozirda turli marosimlarda (asosan, Navro’z, Mustaqillik bayramlari, xalq sayllari, katta to’ylar) Hojimatovlar guruhi ko’rinadi.
“Xalq san’ati, jumladan, dorbozlik uchun davlat diqqat-e’tibori lozim”, – deydi Shamsiddin aka.
Aytaylik, Hojimatovlar xonadoni 4 sotixli hovlida istiqomat qiladi. Dor tikib mashq qilish uchun esa kattagina maydoncha kerak. Joylarda tomosha ko’rsatish uchun maydoncha topish ham oson emas. Ko’pincha maktab stadionlari yoki bo’sh turgan xususiy yerlarni ijaraga olib turishga to’gri keladi.
“Yaxshi odamlar, bag’rikeng homiylar kam bo’lmasin. Dor san’ati esa hech qachon yo’qolmaydi”,- deydi Hojimatovlar.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin ZARIF